12:27 / 08.06.2024
15765

Kongodagi eng mashhur transport – yog‘och skuterlar yoki ajabtovur yuk tashish qurilmasi (Foto)

Afrika qit’asida joylashgan Kongo demokratik respublikasida g‘aroyib bir transport turi juda ommalashgan. Yirik shaharlar chetida, kichik shahar va qishloqlarda u odamlarning og‘irini yengil qiluvchi asosiy transport hisoblanadi. Chukudu deb nomlangan bu transport yog‘ochdan yasaladi va ko‘rinishi skuterni eslatadi. Biroq skuterdan farqli ravishda kongoliklar undan asosan og‘ir yuklarni tashishda foydalanishadi.

Afrikada ikkita Kongo davlati bor. Ularning biri Kongo Respublikasi, ikkinchisi Kongo demokratik respublikasi (Kongo DR) deb ataladi. Har ikki davlat o‘z nomini Kongo daryosi nomidan olgan.

Kongo respublikasi hududi 342 ming kilometr kvadrat bo‘lib, u yerda qariyb 6 mln aholi bor. Kongo DR hududi 2 mln 345 ming 409 kilometr kvadrat (dunyoda 11-o‘rinda) bo‘lib, uning 112 mln aholisi bor.

Kongo respublikasining hududi kichik bo‘lsa ham yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi aholi jon boshiga hisoblaganda qo‘shnisinikidan ancha ko‘p.

Jumladan, YaIM hajmi Kongo respublikasida aholi jon boshiga 7 ming dollardan, KDRda esa 824 dollardan to‘g‘ri keladi. Oradagi tafovut qariyb 10 barobarni tashkil etadi.

Kongo 1960 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Bu davlat 1971 yildan 1997 yilgacha Zair (o‘zbek tilida Zoir deb ham qo‘llangan) deb atalgan. 1997 yilda mamlakat Kongo demokratik respublikasi deb atalgan.

KDRda uran, oltin, kumush, mis, qora metal, olmos, ko‘mir va yana boshqa foydali qazilmalarning yirik konlari bor. Jumladan, dunyoda aniqlangan uran zaxirasining yarmi, kobaltning asosiy qismi shu yerda joylashgan.

Mamlakatda foydali qazilmalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan aholining katta qismi juda qashshoq sharoitda yashaydi. Bunga sabab Kongo DRdagi juda ko‘plab konlar bir vaqtlar xorijlik sarmoyadorlarga suvtekinga berib yuborilgan.

Bundan tashqari, Kongo DRda qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirishga asosan hayvonlarning qonini so‘ruvchi Tsetse pashshasi yo‘l qo‘ymaydi. Kongo DRda bu hasharot juda keng tarqalgan.

Bugun qashshoqlikda yashayotgan kongoliklarning bir qismi transport vositasi sifatida yog‘ochdan yasalgan skuterlardan foydalanadi.

Chukudu deb nomlangan bu transport vositasi arzon bo‘lish bilan birga inson yordamida hech qanday xarajatsiz harakatlanadi. Shu sababli ham so‘nggi 30 yilda Chukudilar Kongo DRda juda ommalashdi.

Foto: Creativeroots.org

Chukudu tarixi

Ikki oyoqli yog‘och samokat tarixi o‘tgan asrning 70-yillariga borib taqaladi. O‘sha paytlarda Kongoni harbiy diktator Mobutu Sese Seko boshqarar, aholining asosiy qismi juda og‘ir sharoitlarda yashardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra Chukuduni ilk bor ixtiro qilgan shaxsning ism-sharifi Pedro Sarrakayo bo‘lib, uning kelib chiqishi portugaliyalik bo‘lgan. Pedro avvaliga qo‘shni Angolada yashagan, keyin Kongoga ko‘chib o‘tgan.

Pedro Kongoda mamlakat aholisi og‘ir ahvolda yashayotganini, og‘ir yuklarni ham yelkasida ko‘tarib tashishini ko‘rib yog‘ochdan skuter yasashga ahd qiladi.

U o‘zi yashab turgan hovli chetida yotgan yog‘och bo‘laklaridan birinchi Chukuduni tayyorlaydi. Mahalliy aholiga u yasagan transport vositasi yoqadi va u odamlar orasida ommalasha boshlaydi.

Foto: yaustal.com

Odamlar o‘zlari yasagan skuterlarga turli o‘zgarishlar kiritishadi, uni mukammallashtirishga urinishadi. Shu sababli ham aksariyat Chukudular bir-biriga o‘xshamaydi va ularning har biri o‘ziga xos yangilik bilan ajralib turadi.

Keyinchalik Chukudu tayyorlab sotadigan ustalar paydo bo‘ladi va yog‘och skuterlar mamlakatning boshqa hududlarida ham ommalashadi.

Chukudu uzoq yillar xizmat qilishi uchun ular asosan mamba yoki evkalipt daraxtlarining juda qattiq yog‘ochidan tayyorlanadi. Ilk yasalgan Chukudularning barcha elementlari faqat yog‘ochdan yasalgan. Chunki iqtisodiy qoloq mamlakatda metalldan yasalgan ehtiyot qismlarni topib bo‘lmasdi.

Keyinchalik Chukudular ommalashgach ularni yasovchi ustalar endi ko‘plab elementlarni yanada chidamli metall materiallar bilan almashtira boshlashgan.

Foto: Fishki.net

Qolaversa, Chukudilarga qanday material ishlatilishi mijozning hamyoniga ham bog‘liq bo‘lgan. Yaxshiroq narx to‘lansa ular mijoz xohlaganiday qilib yasab berilgan.

Masalan, dastlabki skuterlarning boshqaruv ruli yog‘ochdan yasalgan va T shaklida bo‘lgan. G‘ildiraklar ham yog‘ochdan yasalgani uchun skuterlar tosh yo‘llarda yurganda uni boshqarayotgan odam qiynalardi.

Keyinchalik eski mashina g‘ildiraklarini kesib yog‘och oyoqlarga qoqadigan bo‘lishdi va Chukuduni harakatlantirish biroz osonlashadi. Shuningdek, uning old g‘ildiragi o‘rnatilgan joyi eski mototsikllardan yechib olingan ehtiyot qism o‘rnatiladi. Bu old g‘ildirakda tushadigan yukni yumshatib, skuterning yurishini yanada osonlashtiradi.

Foto: Getty Images

100-150 dollarlik beminnat transport

2000-yillar boshlarida yog‘och skuterlarni yasash uchun 50-60 dollar sarflanardi va ular 100 dollar atrofida sotilardi. 2020-yillarga kelib ham narxlar biroz oshdi va Chukudular o‘lchamiga qarab 100 dollardan 150 dollargacha sotilmoqda.

Bugun kongolik 150 dollarga yog‘och skuter sotib olsa, odamlarning yukini tashib berib kuniga 5-10 dollar ishlashi mumkin. Biroq bu uchun u erta tongdan to kechgacha tinim bilmay ishlashi kerak.

O‘rtacha kattalikdagi Chukuduni yasash uchun uch kun vaqt sarflanadi va ular egasiga 2-3 yil beminnat xizmat qiladi. Chukudularning kichikroqlari 400 kilogramm, kattalari esa 800 kilogrammgacha yuk ko‘tarishi mumkin.

Kongo DRda uzunligi 2 metr bo‘lgan Chukudular eng ommabop hisoblanadi. Ularga 500 kilogrammgacha yuk ortib yurish mumkin.

Foto: dzen.ru

Chukudular ommalashgach uning ustalar yasab beradigan ehtiyot qismlari savdo do‘konlarida sotila boshlandi. Agar yog‘och skuter do‘kondan sotib olingan ehtiyot qismlarni yig‘ib yasalsa uni tayyorlash uchun bir necha soat kifoya bo‘ladi.

Chukudularni turli xil yuklarni tashishga osongina moslashtirish mumkin. Odamlar unga barcha narsani orta olishadi. Shuningdek, Chukudu taksi vazifasini ham bajaradi va undan odam tashishda foydalanishadi. Chukuduni boshqaruvchi shaxs unga 2-3 kishini mindirib ham harakatlana oladi.

Odatda Chukuduni boshqarayotgan odam uning ustiga chiqib, bir oyog‘ini tizzalab yoki ortib olgan yukining ustiga qo‘yadi. Ikkinchi oyog‘i bilan Chukuduning orqadagi g‘ildiragini kuch bilan aylantirib ketaveradi.

Foto: ixbt.com

Agar yo‘l qiyalik bo‘lsa Chukudu boshqarayotgan odam uning ustiga chiqib oladi. Shunda Chukuduning o‘zi harakatlanib ketaveradi.

Chukududan eng ko‘p Kongoning sharqiy qismida joylashgan eng kambag‘al hududlari Shimoliy Kivu va Gom provinsiyalarida foydalanishadi. Bu provinsiyalar ko‘chalarida asosan Chukudular harakatlanadi. Bu yerda hech bir transport yuk ortib yurish bo‘yicha Chukudular bilan bellasha olmaydi.

Bugun Kongoda Chukudu ishlab chiqaradigan ko‘plab ustaxonalar mavjud. Yog‘och skuterlarini ishlab chiqarish jarayoni to‘liq qo‘l mehnati bilan amalga oshiriladi.

O‘rtacha kattalikdagi Chukuduni tayyorlash uchun ko‘pi bilan uch kun davom etadi. Bu uning dizayni qanchalik murakkabligiga bog‘liq. Skuterning minimal narxi 150 dollardan boshlanadi.

Hunarmand bu pulning 70 foizini yog‘och va boshqa uskunalar sotib olishga sarflaydi. 30 foiz pul unga foydaga qoladi. Usta Chukuduga uch yil yoki 150 ming kilometr masofani bosib o‘tishi uchun kafolat beradi.

Foto: Getty Images

Chukudular poygasi va unga o‘rnatilgan yodgorlik

Ancha yillardan buyon Kongoning turli hududlarida Chukudular o‘rtasida ham poyga musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Poyga uchun tekislik, tepalik va qiyaliklari bor joy tanlanadi.

Boshqa transport vositalarining poygalari kabi, bunda ham marraga kim birinchi bo‘lib yetib kelsa o‘sha g‘olib hisoblanadi. G‘olibga pul mukofoti yoki boshqa sovg‘alar beriladi.

Foto: kartinkatank.com

Ilk Chukudu poygasi 2006 yilda BMTning Kongodagi vakolatxonasi tomonidan uyushtirilgan. Keyinchalik bu sport turi juda ommalashadi va tez-tez poygalar tashkillashtiriladi.

Poygalar orasida eng mashhuri Thsukudu Gran-Pri musobaqasi hisoblanadi. U 2013 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinadi.

Foto: kratko-news.com

Chukudularni mashhur qilgan yana bir narsa, bu transport vositasiga yodgorlik o‘rnatilgani bo‘lgan. 2009 yilda Kongo demokratik respulikasi prezidenti Jozef Kabila Chukudular eng ommalashgan Goma provinsiyasiga Chukudu yetaklab ketayotgan odam ko‘rinishidagi yodgorlik o‘rnattiradi.

Foto: felixfeatures.photoshelter.com
Foto: idntimes.com
Foto: teunvoeten.com
Foto: teunvoeten.com
Foto: Getty Images

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top