13:50 / 08.06.2024
2042

O‘zbekiston hududlari va Birmingem o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Birmingem aeroportining aviatsiya bo‘yicha direktori Tom Skrin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida Britaniya tomoniga O‘zbekistonning turizm salohiyati, mahalliy va xorijiy sayyohlar va turkompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, turizm infratuzilmasi va mamlakatda mazkur sohada olib borilayotgan jadal islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar O‘zbekiston shaharlari va Birmingem o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi.

Tom Skrin O‘zbekistonda turizm sohasini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholab, respublika aviakompaniyalari bilan yo‘lovchi va yuk tashish sohasida hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ushbu masalalarni batafsil muhokama etish maqsadida tomonlar o‘rtasida yaqin orada onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Birmingem aeroporti 1939 yilda tashkil etilgan. Aeroport shahar markazidan 10 kilometr masofada joylashgan. U Britaniyadagi eng gavjum havo bandargohlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda mazkur aeroport xizmatidan salkam 11,5 million kishi foydalangan.

Top