O‘zbekiston | 20:39 / 10.07.2024
5639
6 daqiqa o‘qiladi

10 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Energetika vazirligining bazaviy me’yor haqidagi tushuntirishi, senatorlar tasdiqlagan elektr energiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun, O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish hajmi oshiriladi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Vazirlik 200 kWh haqida

Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan 200 kWh oylik bazaviy me’yor yuzasidan bayonot berdi.

Vazirlik me’yorni oshirish uchun asos yo‘qligini, iyun oyida aholining 71 foizi 200 kWh'dan kam elektr energiyasi iste’mol qilganini ta’kidlagan. Ular jami iste’molning 40 foizini tashkil etadi.

«Me’yorni joriy etishdan asosiy maqsad iste’molchilarda elektr energiyasi iste’moli samaradorligini oshirish, davlat tomonidan aholining xarajatini qoplashga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri va manzilli taqsimlash hamda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash hisoblanadi», – deyiladi bayonotda.

Vazirlikka ko‘ra, hozirgi vaqtda 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 895 so‘mni (QQS bilan 1002 so‘mni) tashkil etadi.

Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kWh elektr energiya uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 so‘m, 201 kWh'dan 1000 kW/h’gacha esa 102,1 so‘m davlat tomonidan har bir iste’molchiga qoplab berilmoqda.

«Iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan. Shu bois, yaqin istiqbolda iste’molchilarga qo‘llanayotgan oylik 200 kWh'gacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas», – deyiladi xabarda.

Vazirlikka ko‘ra 22 foiz iste’molchi 201 kWh'dan 1000 kWh’gacha iste’mol qilgan va 900 so‘mdan haq to‘lagan. Ushbu 900 so‘mlik ta’rif ham elektr energiyasining tannarxidan kam.

«Qolgan 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kWh elektr energiyasi iste’mol qilib, 1350 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirgan.

«Elektr energetikasi to‘g‘risida» yangi qonun

Senat yangi tahrirdagi «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi.

Qonunda energetika sohasida raqobat muhitini yaratish, treyderlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid normalar belgilangan.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonun 2009 yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr ta’minotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini ta’minlaydigan normalar aks ettirilmagan, iste’molchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan.

Yangi tahrirdagi «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonun bilan iste’molchilarning narxlar, ishonchli elektr ta’minoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga ko‘maklashish nazarda tutilgan.

Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilangan.

Shuningdek, elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari ham aks ettirilgan.

Ko‘mir qazib chiqarish yiliga 8 mln tonnaga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi.

«Nishbosh» konini o‘zlashtirishga Xitoyning Henan kompaniyasi 400 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Natijada, ko‘mir qazib chiqarishni 8 mln tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 mln tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 mln tonnasini boyitish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan 6 oyda respublikada qariyb 3 mln tonna ko‘mir qazib olingan. «Sharg‘unko‘mir» AJda ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan.

Ikkinchi yarim yillikda yana 5 mln tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 mln tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 mln tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 mln tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.

Xitoyga temiryo‘l loyihasi

Prezident qarori bilan Xitoy hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan.

Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Mazkur bitim 2024 yil 6 iyun kuni Pekin shahrida imzolangan edi.

Bitimga muvofiq, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li «Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon» yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Temiryo‘l qurilishi oktyabr oyida boshlanishi mumkin. Loyihaning qiymati dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4,7 mlrd dollarni tashkil etadi. 

Mavzuga oid