Jamiyat | 21:56 / 17.07.2024
12729
6 daqiqa o‘qiladi

Yana bir kishi kiberjinoyat qurboni bo‘ldi. Uning nomidan 170 mln so‘m kredit olingan

Firibgarlar Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning nomiga 5 ta bankdan 169 mln so‘m kredit olgan. Jabrlanuvchi oylik maoshi kam bo‘lishiga qaramay, ayrim banklar tomonidan uning nomiga katta miqdorda kredit berilganidan shubhalanyapti. Banklar esa murojaatchi barcha majburiyatlarni bajarganidan keyingina uning nomiga pul ajratilganini aytishmoqda.

Foto: Fotolia

Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashovchi S.Turg‘unov 2024 yil 24 may kuni firibgarlarning navbatdagi qurboniga aylandi.

Uning nomiga 5 bankdan umumiy hisobda 168 mln 900 ming so‘m onlayn kredit olingan:

  • Anorbankdan 50 mln so‘m;
  • Asakabankdan 50 mln so‘m;
  • Aloqabankdan 50 mln so‘m;
  • Ipak yo‘li bankdan 13 mln 900 ming so‘m;
  • TVS bankdan 5 mln so‘m.

Jabrlanuvchi Toshkent shahar IIBB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov bo‘limiga ariza bilan murojaat qiladi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va S.Turg‘unov JPKning 55-, 57-moddalariga asosan jabrlanuvchi deb topiladi.

«Davlat ishida ishlayman. Navbatchilikdan chiqib, uyga keldim. 24 may kuni 14:00 lar atrofida menga kiberhujum uyushtirilgan ekan. Bu haqda keyinroq xabar topdim. Umumiy hisobda mening nomimdan 14 bankka so‘rov yuborilgan, shundan 5 ta bank kredit bergan. Hamma bankdan deyarli bir xil vaqtda kredit chiqarilgan. Faqat «Ipak yo‘li bank»dan plastik kartochkam bor, qolgan banklardan karta ochmaganman va ilovasini ham ishlatmayman.

Men oldin hech qaysi bankdan kredit olmaganman. Oylik maoshim ham ko‘p emas, 4-5 mln so‘m o‘rtasida. Ya’ni mening daromadim buncha katta miqdorda kredit olish uchun banklarning kriteriylariga to‘g‘ri kelmaydi, buni surishtirib bildim. Banklarda xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini so‘rab, IIV, DXX, Bosh prokuratura va Markaziy bankka ariza bilan murojaat qildim», deydi jabrlanuvchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Uning aytishicha, tergovchi tomonidan banklarga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha jinoyatchi shaxs aniqlangunga kadar nizoli kreditlar bo‘yicha asosiy qarz, foiz va penya pul mablag‘larini hisoblashni vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan topshiriq berilgan. Jabrlanuvchi mazkur topshiriq xati nusxalari banklar tomonidan qabul qilinganini tasdiqlovchi dalillar mavjudligini qo‘shimcha qildi.

«Hozir banklar to‘lov qilishni talab qilib, tinmay telefon qilishyapti. Uyimga xat ham keldi. Meni hamma tomondan siquvga olishyapti. Tasavvur qiling, 5 mln so‘m kredit olmoqchi bo‘lsangiz, 10 ta hujjat so‘rashadi. Hech bo‘lmasa oylik daromadini ko‘rish kerak-ku. Banklar pul to‘lab turavering, suddan keyin pulingiz qaytariladi, deyishyapti. Otam II guruh nogironi, qaramog‘imda 3 nafar voyaga yetmagan farzandim bor. To‘lov qilishga umuman imkoniyatim yo‘q», deydi jabrlanuvchi.

S.Turg‘unovning Kun.uz'ga yuborgan murojaat xatida banklar tergovchining qonuniy talabini bajarmayotgani keltirilgan. Xususan, banklardan birining javob xatida bank tergovchining talabini bajarmasligi, ular faqat sud qarorini tan olishi, tergovchining topshiriqlari ular uchun majburiy ahamiyat kasb etmasligi bayon qilingan. Ammo JPKning 36-moddasiga ko‘ra, tergovchining o‘z yurituvidagi ish yuzasidan bergan yozma topshiriqlari va chiqargan qarorlari barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy deb belgilangan.

Banklar nima deydi?

Kredit olish bankdan bankka farq qilishi mumkin, ammo bir qancha umumiy talablar mavjud. Masalan, kredit rasmiylashtirish uchun kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan tushgan selfi surati kiritilishi, bu surat ma’lumotlar bazasidagi surat bilan mos bo‘lishi, kredit tarixi talab darajasida bo‘lishi, rasmiy ish haqiga ega bo‘lishi va mazkur maoshining yarmi oylik kredit to‘lovining miqdorini qoplashi lozim. Agar kredit oluvchi mazkur talablarga javob bermasa, kredit berish banklar tomonidan rad etilishi kerak.

Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida yuqoridagi banklarning axborot xizmatlari bilan bog‘landi. Aloqabank axborot xizmatiga ko‘ra, bankdan onlayn kredit olish anchagina murakkab bo‘lib, shaxsni tasdiqlash jarayonida 4-5 ta bosqichdan o‘tish kerak.

«S.Turg‘unov kredit olish jarayonida identifikatsiyadan o‘tib, mashinada o‘tirgan holda rasmga ham tushgan. Ilovaga oylik kartasini biriktirgan. Hammasi tasdiqlangan. Xavfsizlik bo‘limimiz tekshiruvdan o‘tkazdi», dedi Aloqabank axborot xizmati rahbari.

Asakabank matbuot xizmatiga ko‘ra, murojaatchining oyligi 6 mlndan ko‘p qilib kiritilgan va belgilangan majburiyatlar bajarilganidan keyin kredit berilgan. Anorbank axborot xizmati murojaatchining o‘zi identifikatsiyadan o‘tib mikroqarzni rasmiylashtirgani, ko‘chada tushgan rasmi ilovaga yuklanganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid