Jahon | 22:32 / 20.08.2024
20086
7 daqiqa o‘qiladi

Kurskka hujum urush dinamikasini qanday o‘zgartirdi? Tahlilchilar bilan suhbat

Ikkinchi jahon urushidan keyin birinchi marta xorijiy davlat qo‘shinlari Rossiya hududining bir qismini egallab oldi. Xo‘sh, Ukrainaning Kurskka hujumi urushning borishiga qanday ta’sir qilmoqda? Kun.uz “Geosiyosat” dasturida bu haqdagi savollar bilan siyosiy tahlilchilarga yuzlandi.

Ukrainaning Rossiya hududlariga kirishi urush dinamikasini o‘zgartirdimi, shunday bo‘lsa qaysi nuqtalarda sezildi?

Sayfiddin Jo‘rayev: Ukraina harbiylarining Rossiya hududiga kirib borishining asosiy sabablaridan biri – Rossiya qo‘shinlarini chalg‘itib, ularni frontdan ortga tortish edi. Ular narigi tomonda ovora bo‘lib turgan vaqtda, bu yerda g‘alabaga erishishga e’tibor qaratilgan edi. Lekin Ukraina hududlaridagi Rossiya qo‘shinlari olinmadi, qaytadan yangi-yangi yerlar egallanmoqda. Rossiya o‘zining ichki rezervrlaridan qo‘shin olib kelib bu yerni mustahkamlamoqda.

Bu jihatdan olib qaraganda o‘zgarish dinamikasi Rossiyaning foydasiga bo‘ldi. Chunki Rossiyaga yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi, ichkariga kirish uchun albatta. Ikkinchi tomondan Amerika, G‘arb davlatlari Ukrainaning bu ishini ochiq qo‘llashmadi. Agar qo‘llashganida, dinamika o‘zgargan bo‘lar edi. Rossiya bu harakatni terroristik harakat deb baholadi va shunga yarasha qonuniy jihatdan mustahkamladi ham. Mana shu jihatdan o‘zgarish Rossiya foydasiga bo‘ldi.

Shuhrat Rasul: Men Sayfiddin akaning fikrlariga umuman qo‘shilmayman. Bugungi kunda Ukraina Rossiyaning 82 ta tumanini egallab turibdi. Mana, yaqinda Goloshkov tumanidagi 3 ta ko‘prik ham portlatildi. Jami 3 ta tuman qo‘ldan ketyapti, Kursk viloyatining 40 foizi bosib olindi, front bo‘ylab hisoblaydigan bo‘lsak 80 km bosib olingan. Ichkariga 40 km kirib borildi. Hozir hisoblab ko‘radigan bo‘lsak, Sirdaryo viloyatiga teng hudud Rossiya tasarrufidan chiqdi. Sizning ma’lumotingiz bo‘yicha esa barchasi Rossiya foydasiga hal bo‘lmoqda.

Sayfiddin Jo‘rayev: Internetda har xil fikrlar beriladi, bu yerda auditoriyaga ma’lumotlarni tekshirib berish kerak, sun’iy ravishda shishirib ko‘rsatmasdan.

Shuhrat Rasul: To‘g‘ri, auditoriyaga ishonchli ma’lumotlarni berish kerak. Front salkam ikki barobarga ko‘payganini rad etib bo‘lmaydi. Golushkov tumanining o‘zi 12 kun ichida bosib olingan hududga teng. Bu yerda 3 ta ko‘prik portlatib yuborildi, Rossiya qo‘shini esa operativ qurshovda turibdi.

Hozir Ukraina jimlik saqlamoqda. Barcha matbuotga sizdirilayotgan ma’lumotlar ruslarning Z telegram kanallari orqali berilmoqda. Ular Rossiya general shtablariga norozilik bildirib, yolg‘on ma’lumotlarni chiqarayotganlikda ayblamoqda.

— G‘arb davlatlari bu operatsiya uchun Ukrainaga yordam berganmi?

Kamoliddin Rabbimov: Amerika tomonidan bu operatsiyadan xabardor emasligi va bu ishga qarshi ham emasmiz, tarafdori ham emasmiz degan ma’noda bayonotlar berildi. Yevropa Ittifoqidan Germaniya ham bu masalada masofa saqlamoqda, chunki Rossiya hududiga bostirib kirish orqali urush yuqoriroq bosqichga chiqib ketmasligidan ular manfaatdor. Bu yerda sputnik orqali ma’lumotlarni Ukrainaga yetkazgan davlat Angliya hisoblanadi. Buyuk Britaniyaning bunday harbiy taktikalarda tajribasi katta. Birlashgan Qirollikda imperialistik tafakkur, alohida loyihalar bor va shuning uchun ham Britaniyaning loyihalari Amerikaning ambitsiyalaridan kattaroq degan fikr ham yo‘q emas. Britaniya bu hujum haqida avvaldan xabardor bo‘lgan, lekin bu haqda hech qanday rasmiy bayonotlar berilayotgani yo‘q. Faqatgina qo‘llab-quvvatlov bildiryapti.

Rossiya hududiga o‘zining qurollari, raketalari orqali hujumni amalga oshirishga ruxsat bergan birinchi davlat Britaniya hisoblanadi. Keyinchalik Fransiya buni qo‘lladi. Germaniya va AQShda esa kutilmaganda yadroviy urushga aylanib ketmasin degan xavotir sababli ehtiyotkorlik ustun.

Moskva urush boshlanganidan beri yadro qurollari haqida juda ko‘p gapirib kelayotgandi. Ukraina Rossiya hududlariga kirgan bir vaqtda, taktik yadro quroli masalasi nega ko‘tarilmayapti?

Oybek Sirojov: Bu faqat Kursk bilan bog‘liq masala emas, Germaniya va Amerika o‘rtasida 2026 yilgacha o‘rta va uzoq masofali raketalarni Germaniya hududiga 2026 yilgacha joylashtirishga kelishildi. Bunga bahona sifatida Kaliningrad hududiga Rossiya yadroviy qurollarni joylashtirgan degan fikr ilgari surildi. Va bu Rossiya tomonidan yadroviy qurollarni chiqarish borasidagi fikrlarni cheklab qo‘ydi. Yadro urushi butun jahonni tanazzulga olib keladi. Hozirgacha qo‘rqitish maqsadida bu ogohlantirishlardan foydalanilayotgan edi.

Sayfiddin Jo‘rayev: Barcha davlatlar qizil chiziq masalasini belgilab qo‘ygan o‘ziga va o‘shandan kimdir o‘tsa, demak, kimda yadro quroli bo‘lsa foydalanishadi. Hozircha Rossiyaning qizil chiziqlari bosib o‘tilmadi va u bu harakatni amalga oshirmayapti.

Oybek Sirojov: Amerika ham boshqa davlatlar ham bu jarayonlar katta bosqichga ko‘tarilib ketishidan manfaatdor emas. Aynan shu sababdan buni urush darajasiga chiqarmadi, terroristik hujum sifatida baholandi.

Rossiya KXShTga murojaat qilishi mumkinmi?

Sayfiddin Jo‘rayev: Bunday sharoitda KXShTni taklif qilish uchun imkoniyat yo‘q. Chunki bu tashkilotning salkam 90 foiz harbiy salohiyati Rossiyaning o‘ziga tegishli. Agar Belarus singari davlatni bu ishga jalb qilsa, Rossiyaning siyosiy obro‘siga putur yetishi mumkin, chunki boshqa davlatlarni ham harbiy harakatlarga tortgan bo‘ladi. Bu esa siyosiy, iqtisodiy salbiy jihatlarning ortishiga olib keladi.

Oybek Sirojov: Agar o‘rtaga uchinchi yoki to‘rtinchi davlatlar kiradigan bo‘lsa, ya’ni KXShT aralashtirilsa, ikkinchi tomonda ham shart-sharoit paydo bo‘ladi, masalan Fransiya o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyorligini aytgan. Mojaroning bunday kengayishi uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkin. Bundan na kollektiv g‘arb, na Ukraina manfaatdor emas. Shu sababdan Ukrainaning Kurskka hujumi Rossiya tomonidan chuqur o‘ylanib, terroristik hujum deya e’tirof etildi.

To‘liq suhbatni video shaklida tomosha qiling.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid