Jahon | 13:00 / 24.09.2024
5612
9 daqiqa o‘qiladi

Livanga yopirilma zarbalar, AQShga yo‘l olgan Zelenskiy va taslim bo‘lgan Durov - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

 

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasi G‘azoning markaziy qismida joylashgan maktabga qarata o‘t ochdi. «Nusayrat» qochqinlar lageridagi Xolib ibn Volid maktabida majburan o‘z uy-joylaridan ko‘chirilgan falastinliklar jon saqlayotgan edi.

Maktabning yuqori qavatiga qarata o‘t ochilishi natijasida 3 kishi o‘ldirilgan. Hujum natijasi ko‘plab insonlar yarador qilingani ham xabar qilinmoqda.

Avvalroq Isroil armiyasi «Ash-Shatiy» qochqinlar lageridagi «Kafr Qosim» maktabiga hujum qilib, 6 kishini o‘ldirgan.

G‘azodagi uylar ham Isroil nishoniga aylanmoqda. Daur-ul-Balah shahridagi «Al-Aqso shahidlari» kasalxonasi yaqinida joylashgan Abu-Samak oilasining uyiga aviazarba berilishi natijasida ayol va uning 4 nafar bolasi halok bo‘lgan.

Isroil vertolyotlari shuningdek, Az-Zaytun tumanidagi uylarga qarata o‘t ochgan. Artilleriya esa shaharning janubiy g‘arbiy qismidagi uylarni nishonga olgan.

Isroilning Livanga hujumi

23 sentabr kuni Isroilning «Hizbulloh» nishonlariga bergan keng ko‘lamli zarbalari natijasida, Bayrutga ko‘ra, 492 kishi, jumladan, 35 bola va 58 ayol halok bo‘lgan. Livan davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida favqulodda xizmatlar xodimlari ham bor. Yana 1645 kishi jarohatlangan.

Isroilning yopirilma zarbalari nishoniga aylangan janubdagi livanliklar shimolga ko‘chishga majbur bo‘lishmoqda. Shu bois yo‘llarda ulkan tirbandliklar hosil bo‘lgan.

23 sentabr tongidan boshlab Isroil Livanda 300 dan ortiq nishonga zarbalar yo‘llagan. Hujum Livanning «Hizbulloh» nisbatan ustun mavqega ega bo‘lgan janubiy qismidagi o‘nlab shaharlar bo‘ylab berilgan.

Isroil qiruvchi samolyotlari va uchuvchisiz uchoqlari 1400 dan ortiq o‘q-dorilardan foydalangan holda Livandagi «Hizbulloh» harakati bilan bog‘liq 1100 dan ortiq nishonga zarba berdi.

Hujum oldidan Livan aholisi telefonlariga qo‘ng‘iroq bo‘lib, «Hizbulloh» foydalanadigan har qanday obektdan kamida bir kilometr masofaga uzoqlashish talab qilingan.

Livan aholisiga sms ko‘rinishida ham evakuatsiya bo‘yicha ogohlantirishlar yuborilgan.

TsAHALning harakatlariga javoban «Hizbulloh» Isroilning shimoliy qismidagi harbiy bazalar bo‘ylab yuzlab raketalar uchirgan. Biroq Isroilning «Temir qubba» havo hujumidan mudofaa tizimi bu raketalarning aksariyatini urib tushirgan.

Zelenskiy AQShda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkka BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun keldi. Amerikada u amaldagi prezident Jo Bayden, shuningdek, prezidentlikka nomzodlar Donald Tramp va Kamala Harris bilan uchrashadi, Kongressda chiqish qiladi.

Amerikaga tashrifini Zelenskiy mamlakat uchun o‘qdori chiqaradigan zavoddan boshladi.

«Asosiy maqsad — Ukrainani mustahkamlash va butun xalqimizni himoya qilish, bu urushni faqat global sa’y-harakatlar orqali adolatli tinchlik bilan tugatish mumkin», deb yozgan Ukraina rahbari.

U, shuningdek, «Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushida g‘alaba qozonish rejasini» e’lon qiladi, u «barcha ittifoqchilar stolida bo‘ladi». Avvalroq, Zelenskiy uning «g‘alaba rejasi» xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, kuchli harbiy va iqtisodiy yordam bo‘yicha qarorlar haqida ekanini aytgan.

26 sentabr kuni esa Oq uyda u AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Zelenskiy bu uchrashuvida Baydenga taqdim etadigan «g‘alaba rejasi»ning bandlaridan biri AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan hanuz rad etilayotgan g‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat bo‘lishi kutilmoqda.

Bloomberg agentligiga ko‘ra, rejaga ko‘ra, Ukraina yil oxirigacha NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklifnoma olishi ham ko‘zda tutilgan.

Rossiyaning urushdagi xarajatlari

Rossiyada armiya xarajatlari rekord darajada oshadi: mamlakat 2025 yilda urushga 142 mlrd dollar sarflaydi

RF budjetidagi har uch rubldan biri — 12,9 trillion rubl maxfiy qarorlar orqali sarflanadi. Umumiy hisobda bunday xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga oshmoqda.

Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush xarajatlarini qoplash uchun armiya budjetini yana keskin oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirga qadar urushga ketgan mablag‘lar rossiyalik soliq to‘lovchilarga 22 trillion so‘mga tushgan.

Bloombergʼning yozishicha, 2025 yilda Rossiya federal g‘aznasi «milliy mudofaa» uchun 13,2 trillion rubl (142 milliard dollar) ajratadi. 2024 yil bilan taqqoslaganda harbiy xarajatlar 22 foizga, 2023 yilga nisbatan ikki barobarga, 2021 yil bilan solishtirganda esa qariyb to‘rt barobarga oshmoqda.

Mamlakatda harbiy budjet yalpi ichki mahsulotning 6,2 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, hukumat yana 3,5 trillion rublni politsiya, «Rosgvardiya», Tergov qo‘mitasi, maxsus xizmatlar va boshqa kuch tuzilmalari budjetini himoya qiluvchi «milliy xavfsizlik» bandi orqali sarflaydi.

Harbiy budjetni barqarorlashtirish uchun hukumat soliqlarni oshirishga majbur bo‘ladi: 2025 yildan boshlab Rossiyada jismoniy shaxslar daromadi uchun progressiv soliq shkalasi ishga tushiriladi. Shuningdek, biznes daromadidan olinadigan soliq miqdori oshadi. Bu g‘aznaga qo‘shimcha 2,6 trillion rubl olib keladi.

Rossiyada kadrlar yetishmovchiligi

Ukrainada urush ochganidan buyon Rossiya mehnat bozori 19 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 2 mln ishchidan ayrildi.

Mamlakat mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan bu guruhga mansub insonlar soni juda tez qisqarmoqda. Ta’kidlanishicha, yaqin kelajakda Rossiyada kadrlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmaydi.

Qayd etilishicha, oxirgi ikki yilda Rossiyada ishchi kuchi soni taxminan 1 mln kishiga kamaygan va hozirda 76,3 mln kishini tashkil etmoqda. Rossiya iqtisodiyotidagi past mehnat unumdorligining davom etayotgani vaziyatni og‘irlashtiruvchi omillar hisoblanadi. «Deyarli barcha sektorlarda u rivojlangan davlatlar iqtisodiyotiga nisbatan ikki barobarga kam», — degan HeadHunter bosh direktori Dmitriy Sergiyenkov.

Uning ogohlantirishicha, yaqin kelajakda Rossiyada kadrlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmaydi. «Agarda hozir mehnat bozoriga taxminan 2 mln mutaxassis yetishmayotgan bo‘lsa, 2030 yilga borib, ushbu raqamlar ikki barobarga oshadi va bu biror bir sezilarli iqtisodiy o‘sishlarsiz ham sodir bo‘ladi», — deydi u.

Mamlakat Markaziy banki tomonidan aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovlar korxonalarning 70 foizga yaqinida kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelganini ko‘rsatgan edi. Ta’kidlanishicha, nafaqat malakali mutaxassislar, balki oddiy ishchilar ham yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 yilgacha Rossiya iqtisodiyotiga 2,4 mln yangi ishchi talab etiladi.

Durov taslim bo‘ldi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov qoidalarni buzayotgan foydalanuvchilarning IP-manzillari va telefon raqamlari oshkor qilinib, huquq-tartibot organlarining asoslantirilgan so‘rovlariga javoban ularga berilishi mumkinligini xabar qildi.

Durovning qayd etishicha, moderatorlar jamoasi so‘nggi haftalarda messenjerdagi qidiruv xavfsizligi darajasini bir necha barobar oshirgan va noqonuniy kontentlarni izlab topish yo‘llarini yopgan.

«Jinoyatchilarni kelgusida Telegramʼdagi qidiruv servisini suiiste’mol qilishining oldini olish uchun biz xizmat ko‘rsatish shartlari va konfidensiallik siyosatini yangiladik va uni butun dunyo uchun bir xil ko‘rinishga keltirdik», — deyiladi Durov bayonotida.

Durovning bu bayonoti Telegram narkotik moddalar savdo-sotig‘i va bolalar pornografiyasi tarqatilishida ishlatilmoqda deya iddao qilayotgan Fransiya huquq-tartibot organlarining ayblovi ortidan e’lon qilindi. Durov yaqinda Parijda hibsga olingach va garov evaziga cheklangan ozodlikka chiqarilgach, hukumat bilan hamkorlik qilishga va’da bergan va milliardga yaqin vijdonli foydalanuvchilarning xavfsizligini jinoyatchilardan himoya qilish zaruriyatini ta’kidlagan.

Mavzuga oid