G‘azoda o‘ldirilgan jarroh, G‘arb bilan aloqalarni tiklayotgan Suriya va Kurskda pozitsiyalarni boy berayotgan Ukraina - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Turkiya tashqi ishlar vazirligi Isroilning G‘azo sektoridagi falastinliklarga qarshi ochlik va yuqumli kasalliklarni qurol sifatida qo‘llayotganini keskin qoraladi. Bayonotda G‘azoda insonparvarlik yordamining to‘xtatilishi xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolmasligi kerakligi ta’kidlangan.
«Isroilning falastinliklarga qarshi ochlikni qurol sifatida ishlatishi va infratuzilmalarni yo‘q qilishga qaratilgan hujumlari genotsidni kuchaytirmoqda», — deyiladi Turkiya TIV xabarida. Anqara G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamini yetkazishni ta’minlash zarurligini bildirdi.
Bu orada Isroil aviatsiyasi G‘azo shahridagi bir uyni bombardimon qildi. Hujumda 10 falastinlik, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi.
Isroil G‘azoda tibbiyot xodimlariga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda. Oxirgi bombalashlardan birida G‘azodagi so‘nggi ortoped jarroh Said Juda qutqaruv ishlari vaqtida halok bo‘ldi.
Isroilning zulmi Falastinning G‘arbiy Sohildagi qismida ham davom etmoqda. Isroil armiyasi Al-Xalil shahri yaqinida 40 ta ishxona va bir uyni yo‘q qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri G‘arb qirg‘oqda 500 dan ortiq bino buzib tashlangan.
HAMAS va Isroil o‘rtasida muzokara
HAMASning bayonotiga ko‘ra, Qatar poytaxti Dohada Isroil bilan sulh tuzish borasida jiddiy va ijobiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Agar Isroil yangi shartlar qo‘yishdan voz kechsa, kelishuvga erishish mumkin.
Muzokaralarga Qatar va Misr vositachilik qilgan. Bayonotda aytilishicha: «bosqinchi Isroil tomonidan yangi shartlar qo‘yilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni alishish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkin».
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabr oyida HAMAS va Isroil o‘rtasida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish va asirlar almashuvi amalga oshirilgan edi. Bir haftalik tanaffusdan so‘ng Isroil G‘azo sektoriga hujumlarini qayta boshlagan.
Ayni paytda HAMAS qariyb 100 nafar isroillik asirlarni garovda ushlab turgani haqida xabarlar tarqalgan.
G‘arb bilan aloqalarni tiklayotgan Suriya
Suriyada yangi hukumat G‘arb bilan muloqot o‘rnatishni boshladi. «Hay’at Tahrir ash-Shom» yetakchisi, Muhammad al-Jo‘loniy taxallusi bilan tanilgan Ahmad ash-Shar’a xalqaro jamoatchilikni Suriyaga joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi mamlakatda barcha qonunga bo‘ysunishi lozim.
Britaniya va BMT vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda u suriyaliklarning o‘z uylariga qaytishi uchun cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta’kidladi. Yaqin kunlarda Fransiya va Germaniya vakillari bilan ham muzokaralar rejalashtirilgan.
G‘arb davlatlari yangi rahbariyatning ozchiliklarga munosabatini kuzatib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Fransiya va Germaniya delegatsiyalari Damashqqa tashrif buyurib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda. Italiya bosh vaziri esa ehtiyotkorlikka chaqirib, «ilk alomatlar umidbaxsh» ekanini ta’kidladi.
Turkiya va Qatar esa Damashqdagi elchixonalarini qayta ochgan. BMT rasmiysi Tom Fletcher gumanitar yordamni kengaytirish imkoniyati borligini bildirgan.
Yevropa Ittifoqi Damashqda o‘z vakolatxonasini qayta ochishini e’lon qildi. YeIning tashqi ishlar bo‘yicha vakili Kaya Kallas ma’lum qilishicha, YeI delegatsiyasi ilgari Suriyadagi fuqarolik urushi sabab Livan poytaxti Bayrutga ko‘chirilgan edi.
Eron ham Damashqdagi elchixonasini qayta ochishi mumkin. Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiyning so‘zlariga ko‘ra, elchixona faoliyatining tiklanishi xavfsizlik va siyosiy sharoitlar bilan bog‘liq.
Suriyadagi ommaviy qabriston
Suriyaning Damashq shahridagi Bag‘dod ko‘prigi yaqinida ommaviy qabriston topildi. Qutqaruv ishlari bilan shug‘ullanuvchi «Oq kaskalilar» guruhi mazkur hududda ish boshlaganini ma’lum qildi.
Turkiyaning «Anadolu» agentligi tomonidan tasvirga olingan qabristondan fuqarolik aholisiga tegishli bo‘lgan jasad qoldiqlari aniqlangan. Ushbu shaxslar yaqinda ag‘darilgan Bashar Asad rejimi kuchlari tomonidan o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011 yildan buyon Suriya qamoqxonalarida 157 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgan. Ular orasida kamida 5 ming bola va 10 ming ayol bor. Kam sonli insonlar oilalariga qaytib kelgan bo‘lsa, ko‘pchiligining taqdiri hanuz noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Suriyani ishg‘ol etayotgan Isroil
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriyada baaschilar rejimi qulaganidan keyin Isroil armiyasi tomonidan egallangan hudud — ash-Shayx tog‘ida bo‘ldi.
Netanyahu 7 dekabrdan so‘ng egallangan ash-Shayx tog‘idagi vaziyatni «baholash» uchun tashrif buyurgan.
Netanyahuga safarda mudofaa vaziri Yisrael Kats va Genshtab boshlig‘i Hersi Halevi hamrohlik qilgan. Bosh vazir ushbu hududlarda Isroil armiyasining joylashtirilishini shaxsan o‘rgangan.
Isroil mudofaa vaziri Kats armiyasi ash-Shayx tog‘idagi bosib olingan hududlarda qish oylari davomida qolishi bo‘yicha topshiriq bergan.
Isroil qo‘shinlari Suriya janubidagi yana uchta qishloqni okkupatsiya qildi. Tanketalar va harbiy texnika Rif-Dimashq viloyatida joylashgan Al-Hamidiya qishlog‘iga kirgani kuzatildi. Bu yerda Isroil yo‘llarni mustahkamlash ishlarini olib bormoqda.
Okkupatsiya qilingan hududlar qatoriga Dar’a viloyatidagi Jamla hamda janubiy Qatana mintaqasidagi Mezra Bethelsin va Mo‘g‘r Al-Mir qishloqlari kirdi.
Bashar Asad rejimi qulagani ortidan Isroil butun Suriya bo‘ylab harbiy obektlarga havo hujumlarini kuchaytirdi. Ekspertlar bu holatni Suriya suverenitetini ochiqdan-ochiq buzish sifatida baholamoqda.
Suriyaning yangi hukumati bu holat yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashiga rasmiy shikoyat kiritdi. Hukumat Isroilning suverenitetni buzishi hamda 1974 yilda imzolangan Kuchlarni ajratish to‘g‘risidagi kelishuvni hurmat qilmasligini keskin qoraladi.
«Qatar – Turkiya» gaz quvuri loyihasi
Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin ushbu mamlakat orqali o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Qatar – Turkiya» gaz quvuri loyihasi yana muhokamalar markaziga ko‘chdi. Ushbu loyiha ilk bor 2009 yilda to‘xtatilgan edi.
Ekspertlar mintaqa barqarorligi va xalqaro gaz bozoridagi talabni loyiha uchun hal qiluvchi omil sifatida baholamoqda. Qatar dunyoda uchinchi eng katta gaz zaxiralariga ega va Rossiyadan keyin ikkinchi yirik gaz eksportchisi hisoblanadi.
Turkiya esa yirik gaz iste’molchisi bo‘lib, hozir Rossiya, Eron va Ozarboyjon bilan uzoq muddatli gaz shartnomalariga ega. Shuningdek, Yevropa 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish maqsadida gazga bo‘lgan talabini cheklashi kutilmoqda.
Ekspertlar hozirgi geosiyosiy beqarorlik, Suriyadagi vaziyat va AQSh suyultirilgan gazining raqobati tufayli loyiha 2030 yilgacha amalga oshmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ukraina Kursk oblastida yutqazmoqda
The Economist nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari avgust oyida Rossiyaning Kursk oblastida qo‘lga kiritgan hududlarining yarmini yo‘qotdi. Bunga Rossiya armiyasining hujumlar shiddatini oshirishi sabab bo‘lgan.
82-desantchi shturm brigadasi komandiri Ivan Bakrevning ta’kidlashicha, Rossiya kuchlari odamlar, artilleriya va texnikada katta ustunlikka ega. Rossiya armiyasi navbati bilan mexanizatsiyalashgan va piyoda hujumlarni amalga oshirmoqda. Jumladan shimoliy koreyalik askarlar urushga jalb qilingan. Sentyabrda Kiyev elita bo‘linmalarni tajribasiz askarlar bilan almashtirgan, bu esa pozitsiyalarni yo‘qotishga olib kelgan.
The Economist tahlilida Rossiya hujumlarining kuchayishi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi aytilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiya hududlaridagi pozitsiyalarni saqlab qolish bo‘yicha topshiriq bergan.
Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya armiyasi Kursk oblastida kamida 30 nafar askar yo‘qotgan, uch nafar harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan. Rossiyadagi shifoxonalardan birida 100 dan ortiq shimoliy koreyalik yaradorlar davolanayotgani tasvirlari tarqaldi.
TikTok ustidan tergov boshlandi
Yevropa Komissiyasi TikTok’ka nisbatan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda rasmiy tergov ochdi. Bunga platforma orqali Ruminiya prezidentlik sayloviga xorijiy kuchlar aralashgani haqidagi kuchli dalillar sabab bo‘ldi.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen masalaga bunday izoh berdi:
«Xorijiy kuchlar Ruminiya sayloviga TikTok orqali aralashgani haqida kuchli dalillar bor. Bu platforma bunday xavflarga qarshi chora ko‘rganmi yoki yo‘q, chuqur o‘rganamiz. Barcha onlayn platformalar javobgarlikka tortilishi kerak».
TikTok tavsiya algoritmlari va siyosiy reklama vositalari manipulyatsiya uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Yevrokomissiya hodisani monitoring qilish, audit o‘tkazish va platformaning algoritmlariga kirishni rejalashtirmoqda.
Ruminiya razvedkasi Rossiya o‘ta o‘ngchi nomzod Kalin Georgeskuni qo‘llab-quvvatlash uchun TikTokʼda siyosiy reklama yorlig‘isiz kontent tarqatilganini ma’lum qilgan. TikTok egasi ByteDance bunday akkauntlar o‘chirilganini bildirdi. Reklama orqali 381 ming dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingan, ammo Georgesku hech qanday pul sarflamaganini aytgan.
Mavzuga oid
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024
G‘azoda otashkesim bo‘yicha muzokaralar, Turkiyaga taassub qilayotgan Suriya va 1 mln migrantni quvmoqchi bo‘layotgan Tramp - kun dayjesti
13:23 / 17.12.2024
45 mingdan oshgan G‘azodagi qurbonlar, Yevropaning Suriyaga qo‘ygan sharti va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketi - kun dayjesti
13:11 / 16.12.2024