Axios: Ilon Mask Trampning Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotida ishtirok etgan
Suhbat davomida Mask Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini aytgan.
Tesla, SpaceX kompaniyalari va X ijtimoiy tarmog‘i rahbari Ilon Mask AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp hamda Ukriana prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda ishtirok etgan. Bu haqda Axios nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Mask Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini aytgan — ukrainalik harbiylar undan o‘zaro aloqa vositasi sifatida foydalanmoqda.
Axios mualliflarining fikricha, Maskning telefon muloqotida ishtirok etishi biznesmenning kelajakda Tramp administratsiyasiga qanchalik kuchli ta’sir o‘tkaza olishini ko‘rsatadi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, 25 daqiqa davom etgan suhbatda Tramp Zelenskiyga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini aytgan, ammo buni qanday amalga oshirishi haqidagi tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmagan. Nashr suhbatdoshining aytishicha, muloqotdan keyin «Zelenskiy umidsizlik tuyg‘usini boshdan kechirmagan». Zelenskiyning o‘zi Tramp bilan «ajoyib» suhbat qurganini ma’lum qildi. «Biz yaqin muloqotni davom ettirish va hamkorligimizni rivojlantirishga kelishib oldik. Kuchli va qat’iyatli AQSh rahbariyati tinchlik va adolatli dunyo uchun muhim», — deb yozadi u Telegramʼdagi kanaliga.
Ilon Mask jurnalistlarning bu boradagi holatga izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.
Biznesmen Ilon Mask katta miqdorda mablag‘ sarflab, shuningdek, mitinglarda chiqishlar qilib Donald Trampning saylovoldi kampaniyasida faol ishtirok etdi. Tramp saylovlardan oldin agar prezident etib saylansa, Maskni samaradorlikni oshirish bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari etib tayinlashga va’da bergandi. G‘alabadan keyin Tramp Maskka o‘z nutqini eslatib, uni «superdaho» deb atadi. Trampning saylanishi fonida Telsa kompaniyasining kapitalizatsiyasi ikki yildan beri birinchi marta 1 trillion dollardan oshib ketdi.
Mavzuga oid
23:39 / 08.11.2024
Tesla kapitalizatsiyasi 1 trln dollardan oshdi
21:41 / 08.11.2024
Kiyevga hujum vaqtida Rossiya droni Estoniya elchisi yashaydigan uyga kelib urildi
19:39 / 08.11.2024
Ukrainada rossiyalik yana bir general halok bo‘ldi
12:28 / 08.11.2024