45 mingdan oshgan G‘azodagi qurbonlar, Yevropaning Suriyaga qo‘ygan sharti va Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil harbiylari BMTning Falastin qochqinlariga yordam agentligi (UNRWA)ning Xon Yunus shahridagi maktabiga havo hujumi uyushtirdi. U yerda majburan ko‘chirilgan aholi boshpana topgan edi. Hujum natijasida 10 nafar falastinlik halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar yaralandi.
Isroilning G‘azo sektoridagi boshqa turli hududlarga amalga oshirgan havo hujumlari natijasida yana 9 kishi halok bo‘ldi. Sho‘jayya tumanida bir uyga berilgan zarbadan 6 nafar jabrlanuvchi topilgan bo‘lsa, Nusayrat qochqinlar lagerida joylashgan uyga uyushtirilgan hujumda 3 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘ldi, yana 16 nafar kishi yaralandi.
2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi keng ko‘lamli hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 45 ming 28 kishiga yetdi. Yaralanganlar soni esa 106 ming 962 nafarni tashkil etmoqda.
So‘nggi sutka ichida G‘azo sektorida 52 kishi halok bo‘ldi, yana 203 kishi yaralandi. Mintaqaga ko‘rsatilayotgan cheklovlar tufayli tibbiy guruhlar halok bo‘lganlarning jasadlarini chiqarishga qiynalmoqda.
Suriya tiklanmoqda
Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng, Suriya poytaxti Damashq ko‘chalari jonlangani kuzatilmoqda. «Anadolu» agentligi tomonidan dron orqali olingan videolarda shaharning tungi manzaralari aks etgan.
Damashqdagi Marja maydoni mahalliy aholi uchun umid ramziga aylandi. Rejimning ag‘darilishi ortidan odamlar yo‘qolgan yaqinlarining fotosuratlari va ma’lumotlarini maydon devorlariga ilib, ularni qayta topishga harakat qilmoqda. Ko‘pchilik ularni ilgari rejim hibsga olganiga ishonadi.
Suriyada 61 yil davom etgan «Baas» partiyasi hukmronligining tugatilishi va Asadlar oilasi davri yakunlanishi bilan mamlakat bo‘ylab Hofiz Asad haykallari buzilmoqda. Damashqning Ummaviylar maydonidagi Hofiz Asad haykali ham yo‘q qilingan.
Hofiz Asadning qaynotasi Anisa Maxlufning jiyani, elitali Respublika gvardiyasi generali Talal Maxluf yangi hukumat kuchlari tomonidan qo‘lga olingani xabar qilinmoqda. Yaqinlari qamoqxonalarda qiynalganlar generalni ko‘chada olomon qilishgan.
Bashar Asad Suriyadan qochishi haqida
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad Damashqdagi so‘nggi soatlarini eslab, mamlakatni tark etishga qanday majbur bo‘lganini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Asad 8 dekabr ertalabgacha Damashqda o‘z vazifalarini bajargan. Biroq isyonchilar poytaxtga yetib kelgach, Lataqiyadagi Rossiya harbiy bazasiga qochgan.
Hmeymim bazasida vaziyat keskin yomonlashgani va Rossiya bazasiga hujumlar kuchaygani tufayli, Asad Rossiyaga evakuatsiya qilingan. U Moskvaga 8 dekabr kechasi, so‘nggi hukumat pozitsiyalari qulaganidan so‘ng ko‘chirilgan.
Asad iste’foga chiqish yoki boshqa davlatlardan boshpana so‘rash haqida hech qachon o‘ylamaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Suriyani himoya qilish uchun kurashni davom ettirishdan boshqa variant ko‘rilmagan.
Shuningdek, Asad urush davomida xalqini tashlab ketmaganini va so‘nggi daqiqalargacha mamlakatni himoya qilishga harakat qilganini ta’kidlagan. Ammo terror tahdidi ostida davlat institutlari falaj holatga kelgach, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Asadning ushbu bayonoti 16 dekabr kuni Moskvada e’lon qilingan. Bloomberg’ga ko‘ra, uning evakuatsiyasi Rossiya razvedkasi tomonidan uyushtirilgan.
Yevropaning Suriyaga qo‘ygan sharti
Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish shartlaridan biri sifatida Rossiya qo‘shinlarining mamlakatdan chiqarilishini talab qilmoqda. Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkampning ta’kidlashicha, bu masala sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish uchun asosiy shart sanaladi.
Shuningdek, Suriyada hokimiyatni qo‘lga kiritgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi ozchiliklar huquqlarini hurmat qilishi va Rossiya bilan uning harbiy bazalarini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvlardan voz kechishi kerakligi qayd etilgan.
Avvalroq Rossiya Suriyaning yangi hukumati bilan Tartus va Hmeymimdagi harbiy bazalarini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga yaqin turgani ma’lum qilingan edi. AQSh va Yevropa Ittifoqi «Hay’at Tahrir ash-Shom» bilan muzokaralarni davom ettirmoqda, biroq guruhni xalqaro izolyatsiyaga tushirish ehtimoli haqida ogohlantirgan.
Donald Trampning Ukraina bo‘yicha bayonotlari
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha «kichik progress» borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va jamoasi Ukrainadagi «shafqatsiz va dahshatli» urushni to‘xtatish uchun harakat qilmoqda.
Tramp o‘zining Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlarga bergan intervyusida har hafta Ukrainadagi urush vaziyati bo‘yicha hisobotlar olishini, voqealarning haqiqiy ahvoli OAV orqali ko‘rsatilayotganidan ancha yomonligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, janglar asosan keng tekisliklarda o‘tmoqda va qurolli to‘qnashuvlarda qurbonlar soni har ikki tomonda ham yuqori. Tramp har qanday yo‘l bilan bu qonli urushni tugatishga harakat qilishini ta’kidladi va bu masalada optimistik ekanini qo‘shimcha qildi.
Tramp urushni bartaraf etish uchun Vladimir Putin bilan aloqalar o‘rnatish niyatida ekanligini ham aytdi. U shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini ham aytgan. Zelenskiyni inauguratsiya marosimiga taklif qilmaganini ham qo‘shimcha qilgan.
Tramp jamoasi Baydenning uzoq masofali raketalardan Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun foydalanishga iz berish to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ta’kidladi. U AQShning bunday harakatlari xalqaro vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligini uqtirdi.
Donald Tramp Turkiya va Erdo‘g‘an haqida
Donald Tramp matbuot anjumanida Suriyadagi so‘nggi voqealar haqida gapirib, Bashar Asad rejimi ag‘darilishi yuzasidan ham bayonot berdi.
«Turkiya juda aqlli davlat. Prezident Erdo‘g‘an esa aqlli va kuchli shaxs. Asadning bolalarga qilgan ishlarini hisobga olsak, u qonxo‘r jallod», — dedi Tramp.
Jurnalistlardan birining «Suriyadagi 900 nafar AQSh harbiysi bilan nima qilasiz?» degan savoliga Tramp: «Bunga boshqa yechim topish kerak. Yechimlardan biri Turkiya bilan hamkorlikdir», — deya javob berdi.
Tramp Turkiyaning «ahamiyatli qudrat» ekanini ta’kidlar ekan: «Prezident Erdo‘g‘an — kuchli va samarali armiyani yaratgan yetakchi. U bilan yaxshi munosabatdaman», — dedi.
Uning fikricha, AQSh Turkiya bilan birgalikda Suriyada ko‘proq samaraga erishishi mumkin. Shuningdek, Tramp «Suriya kaliti Turkiya qo‘lida» ekanini ham alohida ta’kidladi.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar
Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarning 15-paketini tasdiqladi. Bu choralar sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish, shuningdek, Putin rejimiga xizmat qilayotgan soyadagi flot va harbiy-sanoat sektorini zaiflashtirishga qaratilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta yuridik shaxs kiritilgan.
Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga zarba bergan harbiy bo‘linma va KXDRning yuqori martabali amaldorlari ham ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Rossiya neftini tashishga aloqador 52 ta tanker va Rossiya mudofaa tarmog‘iga bog‘liq kemasozlik kompaniyalariga cheklovlar joriy qilindi.
Rossiyaga tovar yetkazib beruvchi Xitoy, Hindiston, Eron, Serbiya va BAAning 32 kompaniyasi ham sanksiyalar doirasiga kiritildi. Bu gal Yevroittifoq Xitoydagi ayrim kompaniyalarga nisbatan ilk bor «to‘laqonli» cheklovlarni qo‘lladi.
AQSh Moliya vazirligining OFAC departamenti Rossiya va KXDR bilan bog‘liq 11 shaxs hamda 8 tashkilotga nisbatan sanksiyalarni e’lon qildi. Ushbu shaxslar ikkinchi darajali jazo choralariga tortiladi.
Bu qadamlar Rossiyaning iqtisodiy tizimiga bosimni kuchaytirish va jahon siyosiy jarayonlarida uning mavqeyini cheklashga qaratilgan.
Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi
Germaniya parlamenti kansler Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi e’lon qildi. Endi Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga parlamentni tarqatishni taklif qilishi lozim. Prezidentda bu qarorni qabul qilish uchun 21 kun vaqt bor.
Shuningdek, Shols boshliq amaldagi hukumat muddatidan oldin saylovlarga qadar ishini davom ettiradi. Bu hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin kutilgan qaror edi. Shols o‘z hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun parlamentga murojaat qilgan, ammo u ko‘pchilikning ishonchini saqlab qololmadi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, kanslerlikka asosiy da’vogar sifatida Xristian Demokratik Ittifoqi rahbari Fridrix Mers ko‘rilmoqda. Uni Germaniya aholisining 40 foizi qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, Sholsga atigi 31 foiz saylovchilar ishonadi.
Mavzuga oid
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024
G‘azoda otashkesim bo‘yicha muzokaralar, Turkiyaga taassub qilayotgan Suriya va 1 mln migrantni quvmoqchi bo‘layotgan Tramp - kun dayjesti
13:45 / 18.12.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jarroh, G‘arb bilan aloqalarni tiklayotgan Suriya va Kurskda pozitsiyalarni boy berayotgan Ukraina - kun dayjesti
13:11 / 16.12.2024