Jahon | 20:46 / 19.12.2024
2854
11 daqiqa o‘qiladi

Sednaya - Suriyaning eng dahshatli nuqtasi. Ayrim mahbuslar bu yerda o‘nlab yillar o‘tirgan

Huquq faollari o‘z hisobotlarida bu joyni «o‘lim lageri» va «odamlar so‘yiladigan qassobxona» deb atagan. Asad rejimi qulagach, minglab mahbuslar ozodlikka chiqdi. 

Sednaya qamoqxonasi Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin. 2024 yil 9 dekabr
Omar Haj Kadour / AFP / Scanpix / LETA

«Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hukumati kuchlariga qarshi hujum davomida Halab, Homs, Hama va Suriyaning boshqa shaharlaridagi qamoqxonalarda saqlanayotgan mahbuslarni ozod qilib yubordi. Suriya qamoqxonalari o‘ta shafqatsiz saqlash sharoitlari bilan mashhur. Huquq faollari va sobiq mahbuslar Suriya razvedkasi tasarrufidagi yigirmadan ortiq muassasalar, shuningdek, boshqa obektlarda sodir etilgan qiynoqlar va qotilliklar haqida xabar berishgan.

Suriya xavfsizlik apparati va qamoqxonalari nafaqat Asadning muxoliflarini ihotalash uchun, balki mamlakat aholisi orasida qo‘rquv uyg‘otishga ham xizmat qilgan, deydi Associated Press bilan suhbatda Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Lina Xatib. «Asadning mash’um qamoqxonalaridan biriga tashlashlari mumkinligidan qo‘rqish suriyaliklar orasida keng tarqalgan ishonchsizlikni yuzaga keltiradi. Asad nazoratni saqlab qolish va siyosiy muxolifatni bostirish uchun ushbu qo‘rquv madaniyatini o‘stirdi», — degan u.

8 dekabr kuni Suriya hukumatiga qarshi kuchlar Damashq tomon kelish yo‘lida Sednaya qamoqxonasini o‘z nazoratiga oldi. Sobiq mahbuslarning guvohliklariga ko‘ra, bu yerda qiynoqlar qo‘llangan, odamlarga jinsiy zo‘ravonlik qilingan. Minglab kishilar o‘ldirilshgan, bular asosan, Asad rejimiga qarshi chiqqanlar bo‘lgan.

Sednaya qamoqxonasi mahbuslari, jumladan, ayollar va bolalar ozodlikka chiqarilishi kadrlari ijtimoiy tarmoqlar va OAVda keng tarqaldi. Mahbuslarning ko‘pchiligi 2011 yildan, Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan buyon qamoqda bo‘lgan — undan ham oldinroq qamalganlar bor. The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, qamoqda 40 yildan oshiq vaqt davomida o‘tirgan mahbuslar ham ozod etilgan.

Sednaya qamoqxonasi Damashqdan 30 kilometr shimolda joylashgan, uning hududi taxminan 1,4 kilometr kvadrat maydonni egallaydi. Qamoqxona 1980-yillar boshida qurilgan, bu yerga ilk mahbuslar 1987 yilda — Bashar Asadning otasi Hafiz Asad boshqaruvining 16-yilida joylashtirilgan.

Sednaya qamoqxonasidagi kamera eshigi. 2024 yil 9 dekabr
Hussein Malla / AP / Scanpix / LETA

2011 yilgi «arab bahori» namoyishlari va undan keyin boshlangan fuqarolar urushi davrida Sednaya qamoqxonasi «Suriyadagi asosiy siyosiy qamoqxona»ga aylanadi. Huquq faollari o‘z hisobotlarida uni «o‘lim lageri» va «odamlar so‘yiladigan qassobxona» deb ataydi.

Ofisi Turkiyada joylashgan Sednaya qamoqxonasidagi mahbuslar va bedarak yo‘qolganlar assotsiatsiyasi (ADMSP) 2022 yilda taqdim etgan hisobotda aytilishicha, 2011-2018 yillarda bu yerda taxminan 30-35 ming mahbus o‘ldirilgan yoki qiynoqlardan keyin tibbiy yordam ko‘rsatilmagani va och qoldirilgani tufayli jon bergan. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 2018-2021 yillarda qamoqxonada yana kamida 500 mahbus o‘ldirilgan. Asad rejimi huquq faollarining harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlarini rad etib, ularni «asossiz» va «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan» deb atagan.

Qamoqxonaga tashrif buyurish uchun harbiy politsiya va harbiy razvedka ruxsati talab etilgan. Bu yerga huquq himoyachilari hamda nodavlat tashkilotlar vakillari qo‘yilmagan. Sednaya ichkaridan qanday ko‘rinishi va u yerda nimalar bo‘lib o‘tgani haqida faqat omon qolgan sobiq mahbuslar, shuningdek, qamoqxona qo‘riqchilarining hikoyalaridan bilish mumkin. Dastlabki fotosuratlar faqat Asad rejimi qulaganidan keyin paydo bo‘ldi.

2017 yilda Amnesty International u yerdan omon chiqqan 84 nafar sobiq mahbuslarning so‘zlari asosida qamoqxona planini tiklagandi. Huquq himoyachilari hisobotida aytilishicha, u yerda ikki korpus bo‘lgan — «oq» va «qizil». Ikkisiga jami 10-20 ming mahbus joylashtirilgan.

Avvaliga «oq» korpusda rejimga sadoqatsizlikda gumonlangan harbiylar saqlangan. Ammo 2011 yildan keyin bu yerga Bashar Asadga qarshi namoyishlar ishtirokchilarini yubora boshlashgan. «Qizil» korpus avvaldan rejim muxoliflari uchun mo‘ljallangan, bu toifa qatoriga islomiy guruhlarga aloqdorlikda gumonlanganlar ham kirgan.

Mahbuslar qo‘yib yuborilgan Sednaya qamoqxonasidagi odamlar. 2024 yil 9 dekabr
Abdulaziz Ketaz / AFP / Scanpix / LETA

Omon qolganlarning guvohliklariga ko‘ra, «qizil» binoda saqlanganlar muntazam ravishda qiynoqqa solingan, jumladan, qattiq kaltaklangan va zo‘rlangan. «Oq» korpus ostida «qizil» binodan olib kelinadiganlar uchun «qatl xonasi» bo‘lgan. Bu yerda o‘ldirilganlarning jasadlari qarindoshlariga qaytarilmagan. Jasadlar «qo‘lbola» o‘likxonalarga — «tuzli xonalar»ga joylashtirilgan. Keyin jasadlar Damashqdagi harbiy hospitalga olib ketilib, birodarlik qabrlariga ko‘milgan. 2017 yilda AQSh Davlat departamenti Suriya hukumati «qamoqxonada sodir etilgan ommaviy qotilliklar ko‘lamini yashirish uchun» «oq» korpus yonida krematoriy qurgani haqida xabar bergandi.

Qamoqxona butun faoliyati davrida qattiq qo‘riqlangan, uning hududi istehkomlar bilan o‘ralgan. ADMSP hisobotida aytilishicha, qamoqxonaning tashqi perimetri bo‘ylab 200 nafar harbiy xizmatchidan iborat otryad navbatchilik qilgan, ichkarida tartib saqlanishi uchun harbiy razvedka va harbiy politsiyaning 250 nafar askari mas’ul bo‘lgan. Huquq faollariga ko‘ra, qamoqxona hududi atrofi ikki qator halqa bo‘ylab tankka qarshi va piyodalarga qarshi minalar bilan minalashtirilgandi. Shu tufayli Asad rejimi ag‘darilganidan keyin yaqinlarini axtarib qamoqxonaga yo‘l olganlardan uning hududiga kirishga shoshilmaslik so‘raldi, deb yozgan BBC News.

Sednaya qamoqxonasidan mahbuslar ozod etilgach, uning korpuslaridan birida maxfiy yer osti kameralari mavjudligi, bu yerlarda hamon mahbuslar qolayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. «Suriya fuqarolik mudofaasi» («Oq kaskalar») ko‘ngillilar tashkiloti esa qamoqxona obdon tekshirib chiqilganidan keyin «maxfiy kameralar yoki yerto‘lalar mavjudligiga oid hech qanday dalil topilmagani»ni ma’lum qildi. ADMSP vakillari Sednaya qamoqxonasidagi barcha mahbuslar 8 dekabr kunining o‘zida ozodlikka chiqarilganini ma’lum qilgan. ADMSP asoschilaridan biri va sobiq mahbus Munir al-Faqirning so‘zlariga ko‘ra, hukumatga qarshi guruh Damashqni nazoratiga olganidan keyin qamoqxonadan uch mingga yaqin kishi ozod etilgan.

Ozodlikka chiqqanlar orasida — 61 yoshli Suhayl Hamavi ham bor, u qamoqxonada 30 yildan ortiq vaqt davomida qolgan. 9 dekabr kuni u uyiga qaytdi — Livandagi Chekka qishlog‘iga. «Bu ajoyib tuyg‘u. Chinakamiga ajoyib. Men oilam va muhabbatim hali ham shu yerdaligini bildim, — deydi u AFP jurnalistiga. — Mening nabiram bor, ammo o‘g‘limning qizi meni bobo demagunicha yoshimni his qilmagandim. Shunda men qanchalik ko‘p vaqt yo‘qotganimni angladim».

Yangi hukumat nima qilmoqchi?

«Suriya fuqarolik mudofaasi» tashkiloti Sednaya qamoqxonasi maxfiy kameralarida qidiruv ishlarini tamomlagan. Faollar qiynoq xonalarini uchratishganini aytishgan.

Isyonchilar yetakchisi al-Jo‘laniy Bashar Asad rejimining siyosiy muxoliflar qiynoqqa solinishida aybdor bo‘lgan amaldorlari jazolanishini va’da qilgan. U bu odamlar ro‘yxati ochiqlanishi, yangi hukumat boshqa mamlakatlarga qochib ketganlarning ekstraditsiya qilinishiga erishishini aytgan.

U armiya va xavfsizlik xizmatlarining harbiy jinoyatlarga aloqador bo‘lgan yuqori martabali zobitlari to‘g‘risidagi ma’lumot uchun mukofot pullari berilishini ma’lum qilgan.

Damashqni egallagan isyonchilar shifoxonalardan biridagi o‘likxonada qiynoqlar tufayli vafot etgan 40 ga yaqin kishi jasadi topilganini xabar qilgan.

«Men o‘z qo‘lim bilan o‘likxona eshigini ochdim, bu qo‘rqinchli manzara edi: dahshatli qiynoqlar izlari qolgan 40 ga yaqin jasad to‘planib yotardi », — deya jangchilardan birining so‘zlarini keltiradi AFP agentligi.

«Biz harbiy qo‘mondonlikka nima topganimizni xabar qildik va o‘z harakatlarimizni „Suriya Qizil Yarimoy“ bilan muvofiqlashtirdik, ular jasadlarni oila a’zolari kelib tanishi uchun Damashq shifoxonasiga olib ketishdi», — deya hikoya qiladi jangchi.

Damashqdagi «Al-Mujtahid» shifoxonasida ham qiynoq izlari aks etgan jasadlarni uchratishgan
Foto: Izettin Kasim/Anadolu

AFP o‘z jurnalistlari ham qiynoqlar tufayli vafot etgan odamlar aks etgan fotosuratlar va videoyozuvlarni ko‘rishganini xabar qilgan.

10 dekabr kuni boshqa qamoqxonalar qatori Sednaya atrofida ham yo‘qolgan qarindoshlarini topish umidida yuzlab kishilar to‘plangan.

Asad rejimi qulagach, suriyaliklar o‘z yaqinlarini topish ilinjida, mash’um qamoqxonaga oqib kelishdi. Foto: Reuters

Sednayada minglab kishilar qiynoqqa solingan, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va qatl etilgan, ularning oila a’zolari esa yillar mobaynida yaqinlari tirik yoki o‘likligidan bexabar qolishgan.

BMTning Suriya bo‘yicha komissiyasi koordinatori Linney Arvidsson Bashar Asad rejimi qamoqxonalaridagi saqlash sharoitlari aks etgan kadrlar «shokka solishi, ammo ajablantirmasligi»ni aytadi.

«Odamlar yillar va o‘nlab yillarni quyosh nurisiz o‘tkazgan, derazasi yo‘q yerosti kameralarini ko‘rish, shunchaki dahshatli. Sharoitlar haqida biz eshitgan gaplar ko‘rganlarimizga mos kelmoqda», — deydi u.

Mavzuga oid