Jahon | 21:41 / 18.02.2025
3498
8 daqiqa o‘qiladi

Hamas G‘azo boshqaruvini topshirishga rozi. Bu amalga oshadimi?

Hamas Isroil bilan sulh kelishuvining ikkinchi bosqichi doirasida, G‘azo ustidan boshqaruvni Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishga tayyorligini bildirdi. Kun.uz muxbiri qonga botgan bo‘lganing kelgusi taqdiri haqidagi savollar bilan “Geosiyosat”da ekspertlar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

— Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh kelishuvining ikkinchi bosqichi qanday shartlarni o‘z ichiga oladi?

Shavkat Ikromov: Culhning ikkinchi va uchinchi bosqichlari strategik nuqtayi nazardan qabul qilingan xolos, shartlari va ijrosi bo‘yicha aniq qarashlar mavjud deb bo‘lmaydi. Masalan, ikkinchi bosqichda dastlab amalga oshirilishi kerak bo‘lgan jarayon – Hamas tomonidan asirga olingan isroilliklarning to‘liq ozod qilinishidir. Birinchi bosqichda asirlar ma’lum bir kategoriyalar bo‘yicha ozod qilinayotgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda deyarli to‘liq ozod qilinishi kerak va bunga javoban Isroil ham ushlab turilgan falastinliklarni ozod qilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Isroil tomoni kiritgan shartga ko‘ra, Hamas G‘azo boshqaruvini inklyuziv hukumatga topshirishi kerak. Kelishuv jarayonlarini nazorat qilayotgan AQSh va arab davlatlarining shiddati hamda istagini hisobga olsak, ikkinchi bosqichning ham amalga oshishiga umid bog‘lash mumkin.

Endi, uchinchi bosqichga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu bosqichda urush harakatlari to‘liq yakunlanishi, Isroil askarlari G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketilishi va u yerda inklyuziv hukumat o‘rnatilishi kerak. Lekin bu masala bo‘yicha aniq normalar belgilab qo‘yilmagan, masalan boshqaruv inklyuziv hukumatga o‘tgach, unda Hamas ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi hamda boshqaruv kimning qo‘lida bo‘lishi haqidagi savollar ochiq qolgan.

Kamoliddin Rabbimov: Bu savolning javobi shakllanayotgan kontekstga bog‘liq. Birinchidan, Amerika hokimiyatiga Donald Tramp keldi. U, avvalgi prezidentlardan farqli ravishda, bir tomondan arab davlatlari va Falastin, ikkinchi tomondan Isroil o‘rtasida muvozanatni ushlab turish majburiyatini olmagan. Chunki Tramp o‘ta isroilparast va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan munosabatlari mustahkam. Donald Trampning atrofi asosan xristian sionistlardan iborat. Ularning qarashiga ko‘ra, Isroil davlati muqarrar mavjud bo‘lishi, kuchayib borishi va imkon qadar kengayishi kerak.

Bilamizki, Tramp G‘azoni to‘liq tozalab, u yerni Isroilga olib bermoqchi. Bu mintaqa davlatlarini, jumladan, Hamasni ham, g‘azoliklarni ham jiddiy qo‘rqitadi. Nima uchun? Bu narsani amalga oshirish nihoyatda qiyin bo‘lsa-da, lekin Isroilga imkoniyat berildi. Ya’ni shu paytgacha AQShning oldingi prezidentlari, xoh Jo Bayden bo‘lsin, xoh boshqalar bo‘lsin, ularda Isroilni bir tomondan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash, ikkinchi tomondan ma’lum ma’noda tiyib turish tafakkuri bo‘lgan. AQSh rasmiy jihatdan “ikki davlat” tamoyilini yoqlab kelgan. Trampda esa bunday qarash mavjud emas.

Shuning uchun hozir Hamas og‘ir bir dilemma holatida, u urushning qaytadan boshlanishini istamaydi. Isroilda esa hozir yo‘qotadigan narsasi yo‘q va urushni qaytadan boshlashga bahona izlayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin aytish kerakki, Isroilning o‘zi ham urushdan charchagan, ya’ni mamlakat aholisi urushni davom ettirishdan mutlaqo manfaatdor emas. Isroil jamoatchiligi va siyosiy elitasining kattagina qismi kelishilgan sulhga rioya qilish shart degan pozitsiyada turibdi.

Hamas agar G‘azo sektoridan chiqib ketishdan bosh torsa, ya’ni boshqaruvni bermaydigan bo‘lsa, o‘zi rozi bo‘lgan kelishuvni buzgan bo‘ladi. Bu esa Netanyahuga bahona bo‘ladi.

Yuqoridagi omillar sabab vositachi arab davlatlari Hamasga Tramp ma’muriyati davrida taktik chekinishni, boshqaruvni Fathga topshirishni, shu bilan birga, mintaqada siyosiy kuch sifatida saqlanib qolishni taklif qilgan bo‘lishi mumkin.

Agar Hamas siyosiy kuch sifatida yo‘qolsa, Isroil G‘azoni egallashi juda oson bo‘lib qoladi. Chunki Fath u yerdagi vaziyatni nazorat qila olmaydi. Hamasning bir tomondan muammosi ham, ikkinchi tomondan uning yutug‘i ham – mustaqil harbiy kuch sifatida saqlanib qolayotganida. Ya’ni Isroil mana 15 oy davomida kurashdi, lekin hammasini kuch sifatida yo‘qota olgani yo‘q. To‘g‘ri, rahbarlarini yo‘qotdi, lekin 2,2 millionlik G‘azo aholisi, o‘sib kelayotgan yoshlar Hamasni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shuning uchun ham Hamas g‘oya, struktura sifatida saqlanib qolaveradi.

Yaqinda Farid Zakariya Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan intervyu qildi. Intervyuda sobiq vazirdan Eron Falastinni muntazam qo‘llab-quvvatlashining sababi haqida so‘raldi. Zarif esa Isroilning agressiv siyosati yo‘qolmaguncha, qarshilik ko‘rsatish yo‘qolmasligini, birlamchi sabab qarshilik qiluvchilarda emas, Isroilning o‘zida ekanini aytgan.

O‘ylaymanki, Hamas taktik chekinishga majbur bo‘lmoqda va Fathga ma’lum bir muddat boshqaruvni beradi. Lekin bu Hamasning G‘azo bo‘yicha ta’sirini demontaj qila olmaydi va bu G‘azoning manfaatlariga zid kelmaydi.

Shavkat Ikromov: Mahmud Abbos 7 oktyabr voqealaridan beri G‘azo boshqaruvini Falastin ma’muriyatiga o‘tkazish bo‘yicha bir necha marta AQSh bilan muzokaralar olib borgan edi. Bu borada arab davlatlari bilan ham umumiy shu mazmunda kelishuv bor: ya’ni G‘azo boshqaruvini Hamasdan Falastin ma’muriyatiga o‘tkazish bo‘yicha fikrlar mavjud edi.

Hamasning G‘azo boshqaruvida qolishi urushni to‘la yakunlashga to‘siq sifatida ko‘riladi. Tramp ma’muriyati Hamasga boshqaruvni topshirmasa, G‘azo tiklanmasligini, investorlar bir necha yildan keyin yana urush bo‘lishi ehtimoli sabab, G‘azoni tiklashga pul sarflamasliklarini tushuntirgan bo‘lishi mumkin. Hatto Saudiya Arabistoni va BAA kabi boy arab davlatlari ham, boshqaruvda Hamas qolar ekan, G‘azoni tiklashga pul bermaydi. Ular investitsiya kiritish uchun G‘azodagi normal hayotni qaytarishni shart qilib qo‘yadi.

Bir necha oy oldingi o‘rganishlarga ko‘ra, g‘azoliklarning 42 foizigina Hamasni qo‘llab-quvvatlaydi, qolganlari esa urush to‘xtashini istaydi.

— Yaqin Sharqdagi manbalarga ko‘ra, Hamas G‘azo boshqaruvini Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishga tayyorligini bildirgan. Bunda Hamas vakillari ham ma’muriyat tarkibida bo‘ladimi?

Shavkat Ikromov: Shu kecha-kunduzda bu haqda gapirilyapti. Isroil tomonidan ham inklyuziv hukumat haqida gapirilgan, ya’ni turli kuchlar bu yerda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak va hamma bu yerda gapirishi kerak degan masala ko‘tarilyapti. Balki barqarorlikka erishish nuqtayi nazaridan, Hamas vakillari ham ishtirok etishi mumkin.

Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid