«Ular Erdo‘g‘anga „yetar“ deyishdi». Turkiyada Imomo‘g‘li qo‘lga olinishi ortidan nimalar bo‘lmoqda?
Yakshanba kuni ham Turkiya bo‘ylab o‘n minglab kishilar mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi Akrom Imomo‘g‘li korrupsiya va terrorchilik guruhlariga yordam berishda ayblanib hibsga olingani tufayli norozilik namoyishlariga chiqdi. Bu namoyishlar Turkiyada so‘nggi o‘n yil ichidagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lmoqda. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, besh kun davom etgan norozilik namoyishlari davomida mamlakat bo‘ylab mingdan ortiq kishi hibsga olingan.

Foto: EPA
Imomo‘g‘lining hibsga olinishi 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishidan bir necha kun oldin amalga oshirildi, saylovda Imomo‘g‘li Erdo‘g‘anga jiddiy raqobat ko‘rsatishi mumkin edi.
Dushanba kuni Imomo‘g‘li baribir o‘z partiyasidan prezidentlikka nomzod etib tasdiqlandi.
Avvalroq u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini aytgandi. «Men hech qachon bo‘ysunmayman», – deb yozgan u hibsga olinishidan oldin X ijtimoiy tarmog‘ida.
Erdo‘g‘an namoyishlarni qoralab, Jumhuriyat xalq partiyasini «tinchlikni buzish va xalqni bo‘lish»ga urinishda aybladi. Turkiya Ichki ishlar vazirligi namoyishchilar norozilik bildirish huquqini «suiiste’mol qilayotgani»ni ma’lum qildi va «ko‘chalardagi terror»ga toqat qilinmasligini bildirdi.

Dam olish kunlari nimalar bo‘ldi?
Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga javoban yakshanba kuni kechqurun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Odamlar yakshanba kuni qosh qorayganda Istanbul meriyasi binosi oldida to‘plandi. Ular maxsus topshiriqli otryadlar saflari qarshisida Turkiya bayroqlarini hilpiratib, o‘z shiorlarini aytishardi.
Videokadrlarda politsiyachilar namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan tarqatayotganini ko‘rish mumkin.
Akrom Imomo‘g‘lining turmush o‘rtog‘i Dilek Kaya Imomo‘g‘li meriya binosi yaqinidagi ko‘p sonli olomonga murojaat qilib, namoyishchilarga turmush o‘rtog‘i har kim jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan «adolatsizlik» va «huquqsizlik»ka duch kelganini aytdi.
Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga javoban boshlangan namoyishlar 2013 yilda Istanbulda mahalliy bog‘ buzilishi munosabati bilan boshlangan Gezi norozilik namoyishlaridan beri eng yirik namoyishlarga aylandi.

Fransiyaning AFP axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mitinglar Turkiyaning 81 viloyatidan kamida 55 tasida bo‘lib o‘tgan, bu mamlakat hududining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.
«Hozir odamlar ommaviy ravishda chiqishmoqda, ba’zan hukumatga qarshi shiorlar bilan, ba’zan plakatlarda Istifa („iste’fo“) so‘zini, hatto „Erdo‘g‘an – Ket!“ turkumidagi so‘zlarni uchratish mumkin», – dedi sharqshunos Ruslan Sulaymonov BBC rus xizmatiga.
«Asosiy shiorlar hukumat o‘z qarori noto‘g‘riligini tan olishi kerakligiga qaratilgan. Agar talabalarning norozilik namoyishlari haqida gapiradigan bo‘lsak, u yerda Imomo‘g‘lining diplomini bekor qilish qarori (siyosatchi tahsil olgan Istanbul universiteti Imomo‘g‘li qoidabuzarliklar tufayli ilmiy darajadan mahrum etilganini e’lon qilgandi) o‘z-o‘zidan bekor qilinishi kerakligi haqida yozilgan plakatlar juda ko‘p», – deya qo‘shimcha qildi u.

Namoyishchilar turli yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishmoqda.
Ularda «Saroy sizniki bo‘lsa, ko‘chalar biznikidir!», «Iftorga qalampir gazi yedim, ona», «G‘ururlanma podshohim, sendan buyuk Xalq bor», «Adolat o‘ldi», «Haq berilmas, olinur, demokratiya ko‘chada qozonilur», «Mustafo Kamol askarlarimiz», «Erkinlik va mustaqillik mening xarakterim», «Umr bir odam bilan o‘tadimi?», «Qo‘rqma, xalq bizmiz», «Biz respublikaga shunday erishdik», «Huquq bir kun hammaga kerak bo‘ladi», «Diplomimni qaytarib ber», «Yuzimga niqob taqdim. Ko‘zlarimga himoya», «Zulmga qarshilik», «Gazni kamroq otinglar, soliq to‘lab yetishtirolmayapmiz», «Gaz otmasanglar bo‘ladimi? Tush bo‘yog‘imiz oqib ketyapti» kabi so‘zlar yozilgan.
Imomo‘g‘lini nimada ayblashmoqda?
Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li rasman yakshanba kuni «jinoiy tashkilot tuzish va uni boshqarish, pora olish, tovlamachilik, shaxsga doir ma’lumotlardan qonunga xilof ravishda foydalanish va tender natijalarini soxtalashtirish»da ayblanib hibsga olindi.
U sudgacha qamoqqa olingan. AFP va mahalliy OAV uni Silivri shahridagi qamoqxonaga olib ketishgani haqida xabar berdi.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi esa Imomo‘g‘li vaqtinchalik chora sifatida lavozimidan chetlatilgani haqida bayonot berdi.
Sobiq mer uchun eng jiddiy ayblov – terrorchilar bilan aloqadorlik haqidagisi, deydi Ruslan Sulaymonov.
«Bu Turkiyada kurdlar masalasini hal qilish jarayoni qayta boshlangani bilan bog‘liq. Hukumat muxolifatni, Jumhuriyat xalq partiyasini bu jarayondan imkon qadar uzoqlashtirmoqchi, uni marginallashtirmoqchi va bu partiya tinchlikni istamaydi, kurdlar bilan kelishishni istamaydi, kurdlar orasidagi terrorchi unsurlar bilan hamkorlik qiladi, deb ayblamoqchi», – deydi Sulaymonov.
«Xuddi shunday ayblov Imomo‘g‘liga ham qo‘yilgan. Bu yana shuning uchun ham jiddiyki, hukumat endi uning o‘rniga hukmron partiya vakilini tayinlashi mumkin», – deya qo‘shimcha qiladi ekspert.
Imomo‘g‘li ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarida uning hibsga olinishi siyosiy sabablarga ko‘ra bo‘lganini aytib, butun mamlakat bo‘ylab odamlarni norozilik namoyishlariga qo‘shilishga chaqirdi.
U o‘zining hibsga olinishini «demokratiyamizdagi qora dog‘» deb atadi va sud jarayoniga rioya qilinmaganini ta’kidladi.
Yakshanba kuni kechqurun Imomo‘g‘li advokatlari orqali namoyishchilarga salom yo‘lladi.
«Meni juda xursand qilgan Silivri qamoqxonasidagi yangilik bilan bo‘lishmoqchiman. JXPdagi ilk prezident saylovimizda rekord darajadagi ishtirok qayd etildi. 15 million fuqaromiz ovoz berdi. Bu mamlakatda hukumat zulmidan, vayron bo‘lgan iqtisoddan, layoqatsizlik va qonunsizlikdan aziyat chekkan o‘n millionlab kishilar saylov qutilari oldiga keldi. Ular Erdo‘g‘anga „yetar“ deyishdi», deb yozilgan uning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
JXP yetakchisi O‘zgur O‘zel partiya praymerizida uning nomzodi uchun 14,85 milliondan ortiq odam ovoz berganini ma’lum qildi va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirdi. Partiya ichida prezidentlikka nomzodni tanlashda Imomo‘g‘liga hech kim raqiblik qilmagandi.

Qamoqqa olingan siyosatchi Erdo‘g‘anning eng jiddiy raqiblaridan biri hisoblanadi. Adliya vazirligi Turkiya prezidentini hibsga olish bilan bog‘layotganlarni tanqid qilib, sud mustaqilligini talab qilmoqda.
Yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ining hukumat bilan xalqaro aloqalar bo‘limi turklarning aloqa regulyatorining platformadagi 700 dan ortiq akkauntni, jumladan, turk siyosatchilari va jurnalistlarining akkauntlarini bloklash bo‘yicha «ko‘plab sud buyruqlari»ga e’tiroz bildirganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu qadam «nafaqat noqonuniy, balki millionlab turk foydalanuvchilarining o‘z mamlakatida yangiliklar olishi va siyosiy munozaralar olib borishiga to‘sqinlik qiladi».
Boshqa hibslar haqida nimalar ma’lum?
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, namoyishlar boshlanganidan buyon besh kun ichida mamlakatda jami 1 133 kishi qo‘lga olingan.
Dushanba kuni ertalab Istanbul va Izmirda o‘tkazilgan reydlar chog‘ida politsiya kamida 10 nafar jurnalistni qo‘lga olgan.
Matbuot xodimlari kasaba uyushmasi DISK «zo‘ravonlik ishlatgan barcha politsiyachilarga nisbatan zudlik bilan sud jarayonini boshlash»ni talab qildi, deb xabar bermoqda BBC turk xizmati.
RTÜK radio va televideniye eshittirishlarini monitoring qilish davlat agentligi prezidenti Abubakr Shahin «qonunni buzishda davom etayotgan tele va radiokanallar»ga so‘nggi ogohlantirish berayotganini aytdi, shuningdek, «jamoatchilikni ko‘chaga chiqishga chorlovchi» kanallarga nisbatan litsenziyani qaytarib olishgacha bo‘lgan sanksiyalar joriy etilishini qo‘shimcha qildi.
22 martga o‘tar kechasi Turkiyaning TELE 1 yangiliklar telekanali bosh muharriri Merdan Yanardag‘ RTÜK’dan qo‘ng‘iroq bo‘lib, jonli efirni to‘xtatish, shuningdek, yozma xabarnoma yuborish so‘ralganini aytdi.
Imomo‘g‘li prezidentlikka nomzodini qo‘ya oladimi?
Dushanba kuni Imomo‘g‘li Turkiyada 2028 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasidan nomzod sifatida tasdiqlandi.
Biroq endi uning saylovlarda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. O‘tgan haftada siyosatchi tahsil olgan Istanbul universiteti Imomo‘g‘li qonunbuzarliklar tufayli ilmiy darajadan mahrum etilganini e’lon qildi.
Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, bu lavozimni egallash uchun prezidentlar oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Imomo‘g‘lining advokatlari uning diplomini qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror ustidan Konstitutsiyaviy sud va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat qilishini aytdi. Imomo‘g‘li prezidentlikka nomzod bo‘la oladimi yoki yo‘qmi, buni Oliy saylov kengashi hal qiladi.
Imomo‘g‘li va uning tarafdorlarining hibsga olinishi so‘nggi oylarda butun mamlakat bo‘ylab muxolif siyosatchilar, jurnalistlar va san’at sohasi vakillariga qarshi keng ko‘lamli qatag‘onlar ortidan ro‘y berdi.
Muxolifatchilar hibsga olishlar siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilganini da’vo qilmoqda, biroq adliya vazirligi hibsga olishlar ortida Erdo‘g‘an turibdi deb hisoblovchilarni tanqid qildi va sud tizimi mustaqil ekanini iddao qilmoqda.
Erdo‘g‘an 22 yildirki, rahbarlik lavozimlarini egallab kelmoqda, u ham bosh vazir, ham prezident sifatida Turkiyani boshqargan. Agar konstitutsiyani o‘zgartirmasa, muddat cheklovlari tufayli u 2028 yilgi saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.
Mavzuga oid

21:45 / 25.03.2025
«Sen baribir yutqazasan». Imomo‘g‘li qanday qilib muxolifat yetakchisiga aylandi?

15:43 / 25.03.2025
Turkiyada Erdo‘g‘an erasi va Imomo‘g‘li omili – siyosatshunoslar nigohida

09:34 / 25.03.2025
Turkiyadagi namoyishlar: 1100 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

09:31 / 24.03.2025