11 mart kuni issiqlik ta’minoti sohasiga oid prezident qarori qabul qilindi. Hujjat keyingi 5 yilda markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovini 37 foizdan 58 foizgacha yetkazish, tizimdagi yo‘qotishlarni 38 foizdan 20 foizgacha qisqartirish choralarini o‘z ichiga olgan.

Qarordan, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan 4 va undan yuqori qavatli ko‘p kvartirali uy-joylarning isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish hisobiga bir xonadonning gazga bo‘lgan talabini kamida 20 foizga kamaytirish rejasi ham o‘rin olgan.

Kun.uz bu boradagi ayrim savollar bilan Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligiga murojaat qildi.

Markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan 4 va undan yuqori qavatli “dom”lar uchun lokal qozonxonalar qurish orqali ularning gazga bo‘lgan talabini 20 foizga kamaytirish qanday amalga oshiriladi? Bu uylar gazdan uziladimi?

— Qarorda belgilangan 20 foiz ko‘rsatkichga erishish uchun qaror ilovalarida bir qator amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilangan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va yangi tashkil etiladigan “Issiqlik ta’minoti” AJning eng oliy maqsadi – aholini ishonchli, sifatli va uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlash.

Ko‘p qavatli uylarning maishiy maqsadlarda foydalanadigan tabiiy gaz ta’minotidan uzilishi yoki tarmoqda qolishi vakolatli organlar (“Hududgazta’minot” AJ, Enegretika vazirligi) tomonidan hal etiladi.

Bevosita xonadonning ichida joylashgan bir yoki ikki konturli qozonlar o‘nlab yoki yuzlab metr masofada joylashgan qozonxonadan ko‘ra energosamaraliroq emasmi? Agar qozonxona qurilsa, odam yashayaptimi-yo‘qmi, farqi yo‘q, uydagi barcha kvartiralar isitilaveradi. Uy ichidagi individual qozonlar esa zarurat yo‘q paytda o‘chirib qo‘yiladi.

— Qarorning maqsadi – mamlakatimizda issiqlik ta’minoti tizimini, markazlashgan tizimni rivojlantirish orqali tabiiy gaz iqtisodiga erishish. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, markazlashgan issiqlik ta’minoti individual isitish qozoniga nisbatan xavfsiz. Shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ega ko‘p qavatli uylarni ekspluatatsiya qilish anchagina qulay. Energoresurslarni tejash nuqtayi nazaridan, markazlashgan issiqlik ta’minoti samaraliroq hisoblanadi.