O‘zbekiston | 19:28 / 27.03.2025
2101
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarni Amerikaning «Pechak ligasi» universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, o‘tgan oyda yoshlar bilan uchrashuvda prezident bir qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Taqdimotda buning amaliy va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Xususan, shu maqsadda joriy yil sentabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi. Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan – asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.

Prezidentning yana bir tashabbusiga muvofiq, yoshlarni Amerikaning «Pechak ligasi» (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.

O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari «Pechak ligasi» universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Keyingi muhim masala – chet elda o‘qigan yoshlarni vatanimizda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan ta’minlash. Bu borada «Mamlakat oltin fondi hamjamiyati»ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25 mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali 750 nafar vatandosh xorijda o‘qiyapti. Mutasaddilarga yoshlarimiz uchun bu imkoniyatlarni yanada oshirish, jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid