Yevropa Putinning Ukraina bo‘yicha tashabbusini tanqid qildi va uni «harbiy jinoyatchi» deb atadi
Yevropa Ittifoqi Vladimir Putinning Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etish taklifiga rasmiy munosabat bildirdi. YeI tashqi siyosat xizmati matbuot kotibi Anitta Hipper uning so‘zlarini propagandachi bayonotlar sifatida baholab, Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atadi.

Anitta Hipper. Foto: commission.europa.eu
«Faktlar o‘zi ochiq guvohlik beradi: agressor bor, va tinchlikka ixlos bilan intilayotgan Ukraina bor», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Europa Press.
Yevropa Komissiyasi rasmiy vakili Paula Pinyu ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy demokratik saylovlarda saylanganini ta’kidladi.
«Ukraina xalqi saylov talab qilmayotgan ekan, hech kim buni taklif qilmasligi kerak», — dedi u.
Shu munosabat bilan Parijda Ukraina xavfsizligi masalalari bo‘yicha uchinchi xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi. Unda 31 mamlakat delegatlari, shuningdek, YeI va NATO vakillari qatnashdi. Yig‘ilish qatnashchilari Kiyevga 17 mlrd yevroga teng qo‘shimcha harbiy yordam ajratish, 2 millionta artilleriya snaryadi yetkazib berish va Ukraina ehtiyojlariga muvofiq resurslarni samarali taqsimlash uchun hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishib oldi.
Rossiyaga nisbatan Yevropa yetakchilari umumiy pozitsiyani egalladi: hozir sanksiyalarni bekor qilish mavridi emas. Ular Moskva tinchlik muzokaralarini ataylab cho‘zmoqda, degan fikrni bildirdilar.
«Aniqki, Rossiya siyosiy o‘yin o‘ynayapti va tinchlik muzokaralarini kechiktirmoqda. Biz AQSh tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kremlni muzokara stoliga o‘tqazish uchun sanksion bosimni kuchaytirish imkoniyatini muhokama qildik», — dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer.
Germaniyaning ishdan ketayotgan kansleri Olaf Shols esa cheklovlar faqat barqaror tinchlikga erishilgandan keyingina bekor qilinishi mumkinligini ta’kidladi:
«O‘sha fursat yetadigan bo‘lsa, shundagina sanksiyalar haqida gapirish imkonli bo‘ladi. Afsuski, biz hali tinchlik yo‘lidan ancha uzoqdamiz», — dedi u.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Moskvaga nisbatan bosimni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatladi: «Biz Rossiyaning «yashirin floti»ga qarshi sanksiyalarni ham kuchaytirishda davom etamiz», dedi.
Yevropa qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish masalasi hozircha tortishuvliligicha qolmoqda. Makronning so‘zlariga ko‘ra, har qanday kelgusidagi xavfsizlik kafolatlari uchta asosiy prinsipga tayanilishi kerak: Ukraina armiyasini mustahkamlash, strategik ahamiyatga ega hududlarda xavfsizlik kuchlarini joylashtirish va Yevropani qayta qurollantirish bo‘yicha umumiy dastur tuzish.
Avvalroq Vladimir Putin Ukrainada vaqtinchalik xalqaro boshqaruv joriy etish mumkinligini aytgan, bu orqali Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzish mumkinligini bildirgan edi. «BMT, AQSh, Yevropa mamlakatlari, shuningdek, bizning hamkorlarimiz va do‘stlarimiz ishtirokida Ukrainada vaqtinchalik boshqaruv joriy etish masalasini muhokama qilish mumkin edi. Bu orqali demokratiya asosida saylovlar o‘tkazish mumkin bo‘lardi», — degan edi u.
Putin yana Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning legitimligiga shubha bilan qarab, «modomiki u nolegitim ekan, qolganlari ham shunday», degan.
Oq uy bu tashabbusni keskin rad etdi, Ukrainadagi hokimiyat faqat ukrain xalqi va Konstitutsiyasi orqali aniqlanishini ta’kidladi. Keyinroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin taklifi «faqat nazariy xususiyatga ega», ekanini bildirdi.
Mavzuga oid

18:52
Shavkat Mirziyoyev: «Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi»

09:25
Tramp: Putin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bajaradi

09:15
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti: Samarqand muhim muzokaralarga tayyorlanmoqda

21:00 / 31.03.2025