Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Yevropa Ittifoqi vakili Kaya Kallas bilan uchrashuvda jahon hamjamiyati diqqat markazida turgan mazkur tarixiy sammitga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayyenning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot davomida savdo va logistika, jumladan Transkaspiy transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamlashtirish, “yashil” energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi tashkilotlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, shuningdek, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - YeI” birinchi sammiti va Iqlim forumini tashkil etish hamda o‘tkazish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib bormoqda va bu aloqalarni izchil kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimning tez fursatda imzolanishi kutilmoqda. Transport va logistika, energetika, raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishdan ikki tomon ham manfaatdor.
Ta’kidlash joizki, shu yilning mart oyida Toshkentda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari “Markaziy Osiyo uchun aloqa” (C4CA) loyihasi butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilganligini ta’kidlab, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etishdi.
















