Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil–Eron urushiga ShHT qanday reaksiya qildi?
Isroilda Eronga yana hujum qilish haqida bayonotlar yangrab turibdi. Iyun oyidagi 12 kunlik urushda ShHT bayonot berish bilan cheklangan edi, chunki bu – harbiy blok emas, balki muloqot va hamkorlik forumi, deydi “Geosiyosat” dasturida qatnashgan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Alouddin Komilov.
— Isroil rasmiylari bot-bot Eronga yana hujum qilish haqida gapiryapti. Agar shunday bo‘lsa, ShHT Tehronga qanday yordam beroladi?
Kamoliddin Rabbimov: Isroil siyosatchilari Eronga yana hujum qilish haqida ko‘p marta aytib kelishyapti. Isroil–Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushda, ShHT tashkilot faqat bayonot bergan edi. Shanhay Hamkorlik Tashkiloti – blok emas, u ko‘proq hamkorlik klubi. Iqtisodiyot, xavfsizlik va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, lekin real harbiy aralashuvga qodir emas. Shuning uchun bayonot bilan cheklanadi.
Shu bilan birga, ayrim davlatlarning ikki tomonlama pozitsiyasi ham ahamiyatli. Masalan, Xitoy-Eron yoki Pokiston-Eron munosabatlari ancha yaqinlashgan edi. Hatto Pokiston juda keskin bayonotlar qilgan edi: “Biz Isroilga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishimiz mumkin”, degan gaplar bo‘lgan. Keyinroq esa “Isroilga hujum emas, balki Eronni mudofaa qilish uchun raketalar berishimiz mumkin”, deya pozitsiyasini yumshatgan edi.
Bu urushda Eron o‘zining kuchli qarshi zarba berish qobiliyatini amalda namoyon qildi. Hozir Eron ham, Isroil ham keyingi urushga tayyorlanyapti, chunki Isroil Eronning yadro dasturi butunlay yo‘q qilish maqsadiga erishmadi.
Alouddin Komilov: Umuman olganda, bu masalada munosabatlar nihoyatda murakkab. O‘tgan safar Isroilning 12 kunlik urushi davomida Eronga hech bir davlat bevosita yordam bermaganini eslaymiz. Shundan so‘ng G‘arb ommaviy axborot vositalari va turli aql markazlari ekspertlari bir qancha ssenariylarni muhokama qilgan edi.
Masalan, yaqinda Eron siyosatchilaridan biri Rossiyaga ishonmasligini ochiq aytdi. Unga ko‘ra, Rossiya tomonidan berilgan havo hujumidan mudofaa komplekslarining joylashuv ma’lumotlari Isroilga berilgan. Bu bayonot Eronning Rossiyaga bo‘lgan ishonchsizligini yaqqol ko‘rsatadi.
Pokiston masalasida ham vaziyat murakkab. Chunki aholining katta qismi Eronni qo‘llashi mumkin, biroq siyosiy elita va hukumat darajasida Isroilning harbiy operatsiyalariga yordam berilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volar bor. Ammo buni tasdiqlovchi aniq dalillar yo‘q. Shunga qaramay, Pokiston bilan Eron o‘rtasidagi bu murakkablik umumiy vaziyatni og‘irlashtiradi.
Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga kelsak, u harbiy blok emas, balki ko‘proq forum xususiyatiga ega tuzilma. Unda davlatlar bir-birini himoya qilish majburiyatini olmaydi, umumiy harbiy operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha ham yagona pozitsiya mavjud emas. Ular asosan uchrashib, diplomatik yo‘lda muloqot qilishadi, G‘arb narrativlariga alternativ fikrlar ishlab chiqishadi, energetika, transport va xavfsizlik kabi masalalarda pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga harakat qilishadi. Biroq bu hamkorlik hech qanday majburiy kuchga ega emas.
Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:53
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
15:45 / 04.12.2025
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
14:15 / 03.12.2025