Buyuk Britaniya boshchiligidagi Ukrainaga yordam xalqaro jamg‘armasi (IFU) orqali Ukrainaga qurol sotib olish uchun 2 milliard funt sterlingdan (2,3 milliard yevro) ortiq mablag‘ ajratildi. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining 9 sentabr, seshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan Ukraina mudofaasi bo‘yicha "Ramshtayn" formatidagi aloqa guruhi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotida aytildi.

Ukraina ittifoqchilari va hamkorlaridan xayriya oladigan jamg‘arma mablag‘lari «Ukraina Qurolli kuchlarining eng dolzarb ehtiyojlarini» qondirish uchun harbiy texnika yetkazib berishga yo‘naltiriladi.

Britaniya mudofaa vaziri Jon Xilining aytishicha, «muhim moliyalashtirish bosqichi» birdamlikni aks ettiradi. «11 davlat Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Ukrainaga bugun kerak bo‘lgan shoshilinch yordam ko‘rsatmoqda», dedi u.