O‘zbekiston | 16:18 / 13.12.2025
1477
2 daqiqa o‘qiladi

Farmatsevtikada narx nazorati mexanizmi: retseptli dorilar bo‘yicha nizom qabul qilinadi

Referent narx shakllantirish tizimi doirasida retsept bilan beriladigan mahalliy va import dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, mazkur tartib O‘zbekiston hududida tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilgan retsept bilan beriladigan dori vositalariga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, narxlarni referent tizimda qayd etish orfan (kam uchraydigan kasalliklar uchun) dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan preparatlarga hamda retsepsiz beriladigan dori vositalariga nisbatan qo‘llanmaydi.

Referent narxlarni qayd etish va qayta qayd etish jarayoni maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Vakolatli organ sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi belgilangan bo‘lib, u qayd etilgan referent narxlar haqidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytida xronologik tartibda joylashtirib borishi nazarda tutilgan.

Nizomda ariza berish va tekshirish muddatlari ham belgilangan: ishchi organ ariza qabul qilingan sanadan boshlab ikki ish kuni ichida ma’lumotlarni tekshiradi, zarur hollarda kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi. Ariza beruvchi esa xabarnoma yuborilgan kundan boshlab yigirma ish kuni ichida ikki martagacha arizani qayta topshirishi mumkin.

Import dori vositalari bo‘yicha axborot tizimi referent mamlakatlardagi narxlar o‘rtacha qiymati, ishlab chiqaruvchi mamlakat rasmiy narxi hamda so‘nggi o‘n ikki oydagi import narxlari asosida qiymatlarni avtomatik hisoblab chiqishi, eng past qiymatni referent narx sifatida belgilashi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, retsept bilan beriladigan dori vositalarini ulgurji va chakana sotishda cheklangan savdo ustamalari belgilangan: ulgurji savdoda 15 foizdan, chakana savdoda esa ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmasligi nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid