Jahon | 20:10
1367
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Trampning «Tinchlik kengashi» birinchi yig‘ilishida ishtirok etmaydi

«Tinchlik kengashi»ning birinchi yig‘ilishi 19 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi aytilmoqda.

Foto: AP

Rossiya 19 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan Trampning «Tinchlik kengashi» birinchi yig‘ilishiga o‘z vakillarini yubormaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti vakili Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Kremldan hech kim borishni rejalashtirmayapti. «Kengash» mavzusi hali ham Tashqi ishlar vazirligida ko‘rib chiqilmoqda», dedi u.

«Tinchlik kengashi»ning birinchi yig‘ilishi 19 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi The New York Times (NYT) va Axios manbalari. NYT manbasining so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak sammitning asosiy mavzularidan biri G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish uchun mablag‘ yig‘ish bo‘ladi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham «Tinchlik kengashi» yig‘ilishida ishtirok etishdan bosh tortdi, chunki Belarus rahbariga birinchi uchrashuvga taklifnoma juda kech kelgan.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Tinchlik kengashi»ga a’zo bo‘lish taklifini olgandan so‘ng, AQSh hududida muzlatilgan mablag‘lardan G‘azoni tiklashni moliyalashtirish uchun 1 milliard dollar yo‘naltirishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

«Biz «Tinchlik kengashi»ga AQSh sobiq ma’muriyati davrida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard dollar yo‘naltirishimiz mumkin», dedi u.

Bloomberg nashri AQSh hukumati G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro «Tinchlik kengashi»dan doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar ajratishni so‘rayotgani haqida xabar bergan edi.

Aleksandr Lukashenkoning aniqlik kiritishicha, dastlabki uch yil davomida «Tinchlik kengashi»da ta’sischi sifatida bepul ishtirok etish mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid