Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Luhansk oblastidagi kollej binosiga zarba oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi
Putin «Kiyev rejimi»ni teraktda aybladi va javob berish bilan tahdid qildi.
Yevgeniy Biyatov / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia
Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarini Starobelskdagi pedagogika kollejining o‘quv binosi va talabalar turar joyiga «terrorchilik hujumi» uyushtirishda aybladi. Bu shahar Luhansk oblastining Rossiya nazorati ostidagi qismida joylashgan.
RF Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 22 mayga o‘tar kechasi yo‘llangan zarba oqibatida halok bo‘lganlar soni 21 nafarni tashkil etgan, yana 42 kishi jarohatlangan. Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum paytida maktabda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 86 nafar o‘smir bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Ukraina qurolli kuchlarining kollejga hujumi tasodifiy emasligini, chunki «u uchta to‘lqinda, 16 ta dronni bir nuqtaga yo‘naltirish orqali sodir etilgani»ni aytdi. Uning ta’kidlashicha, yotoqxona yaqinida hech qanday harbiy obektlar bo‘lmagan. «Shuning uchun snaryadlar bizning havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz, radioelektron kurash vositalarimiz ta’sirida binoga urilgan, deyish uchun hech qanday asos yo‘q. Hech kim boshqa qandaydir obektga zarba berishga uringanini, dronlar esa bizning mudofaa vositalarimiz orqali urib tushirilganini va go‘yoki tasodifan ushbu binoga qulaganini ayta olmaydi», – degan Putin.
Leonid Pasechnik / «Maks» / TASS / Profimedia
U Rossiya mudofaa vazirligiga bu hujumga qanday javob berish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishni topshirdi. 22 may kuni kechqurun Putin Rossiya Xavfsizlik kengashining tezkor yig‘ilishini ham o‘tkazdi, yig‘ilish Starobelskga berilgan zarbani muhokama qilishdan boshlandi.
Prezidentning tezislarini juma kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasining doimiy vakili Vasiliy Nbenzya takrorladi. U G‘arb davlatlarini Starobelskdagi kollejga qilingan hujumni qoralashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining bunday zarbalari Kiyevga uzoq masofali qurollar yetkazib beradigan va razvedka hamda nishonlarni nishonga olishda yordam beradigan NATO davlatlari tufayli amalga oshirilmoqda.
Ba’zi G‘arb davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Daniya va Latviya vakillari Starobelskka zarba berilgani haqidagi ma’lumotlar dezinformatsiya bo‘lishi mumkinligini, chunki ularni mustaqil ravishda tasdiqlash va tekshirish ilojsizligini aytishdi. Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Andrey Melnik Nebenzyaning nutqini «sof propaganda shousi» deb atadi.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Moskvada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy OAV jurnalistlarini «fojia joyiga tashrif buyurish»ga taklif qildi.
22 may kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Kremlning Ukraina harbiylari Rossiya tomonidan anneksiya qilingan hududlardagi fuqarolik obektlariga zarba bergani haqidagi bayonotlarini «manipulyatsiya» deb atadi.
«Ukraina qurolli kuchlari xalqaro gumanitar huquq normalariga, urush qonunlari va odatlariga qat’iy rioya qilgan holda harbiy infratuzilma va harbiy maqsadlarda foydalaniladigan obektlarga zarbalar bermoqda», – deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, Ukraina bosh shtabi 22 mayga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari «tajovuzkor Rossiyaning bir qator obektlari»ga zarba bergani haqida ma’lum qildi. Ular qatorida neftni qayta ishlash zavodi, o‘q-dorilar omborlari, havo hujumidan mudofaa vositalari, boshqaruv punktlari, jumladan, «Starobelsk shahri hududidagi „Rubikon“ bo‘linmasi shtablaridan biri» sanalgan.
Ukraina qurolli kuchlari ta’kidlashicha, «Rubikon» – bu Rossiya mudofaa vazirligining uchuvchisiz uchish apparatlariga ixtisoslashgan maxfiy bo‘linmasi bo‘lib, Ukrainadagi tinch aholi va fuqarolik obektlariga muntazam ravishda zarba beradi.
Leonid Pasechnik / «Maks» / TASS / Profimedia
Conflict Intelligence Team (CIT) tadqiqot guruhi asoschisi Ruslan Leviyev Starobelsk kolleji Ukraina qurolli kuchlari hujumi nishoniga aylanishi mumkin bo‘lgan ikkita ehtimoliy sababni aytdi. Birinchisi – binoda haqiqatan ham «Rubikon» o‘quv markazi joylashgan bo‘lishi mumkin, bu zarba Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi tomonidan tasdiqlangan. «Bu bino kollej ekani avtomatik ravishda u yerda harbiy obekt bo‘lishi mumkin emasligini anglatmaydi», – dedi u The Breakfast Show efirida. Yana bir ehtimoliy sabab razvedkaning nishonni aniqlashdagi xatosi bo‘lishi mumkin. Leviyev Ukraina ataylab fuqarolik obektiga zarba bergani haqidagi versiyani ehtimoldan yiroq deb hisoblagan.
Mavzuga oid
23:17 / 23.05.2026
AQShning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainaga keng ko‘lamli hujum bo‘lishi haqida ogohlantirdi
14:50 / 23.05.2026
Narkotuzoq, urush va tirik qolish uchun kurash – Luhansk va Donetskdan qaytgan ikki yigit hikoyasi
09:52 / 23.05.2026
Zelenskiy: Ukraina pozitsiyasi ancha kuchaydi
09:44 / 23.05.2026