Jahon | 22:16 / 25.05.2026
847
3 daqiqa o‘qiladi

JSST Kongoda Ebola epidemiyasi nazoratdan chiqib ketgani haqida ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola epidemiyasi shifokorlar harakatlariga nisbatan tezroq rivojlanayotganini aytdi.

Foto: Seros Muyisa/AFP/Getty Images

Reuters xabariga ko‘ra, Afrika Ittifoqining onlayn yig‘ilishida so‘zlagan nutqida u epidemiya boshlanganidan beri 220 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi va vaziyat yaxshilanishdan oldin yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Gebreyyesus so‘zlariga ko‘ra, infeksiya holatlarining kechikib aniqlanishi mutaxassislarni xavotirga soldi. Epidemiyaning beqaror Ituri va Shimoliy Kivu viloyatlarini qamrab olgani va Bundibugyo shtammiga qarshi tasdiqlangan vaksinalar yo‘qligi epidemiyani jilovlashni yanada qiyinlashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kongoning boshqa qo‘shni davlatlari yuqori xavf ostida va zudlik bilan chora ko‘rishi kerak.

Ituri provinsiyasida tibbiyot muassasalariga hujumlar va bemorlarning ommaviy qochishi kuzatilmoqda. 23 may kuni noma’lum shaxslar Mongvaldagi shifoxona qoshidagi «Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotining izolyatsiya chodirlarini yoqib yubordi, 18 bemor qochib ketdi. Ulardan to‘rt nafari keyinchalik test topshirdi, ular uchta manfiy va bitta musbat natijani ko‘rsatdi, ya’ni kamida bir nafar virus tashuvchi ozodlikka chiqdi.

Ertasi kuni Ebola kasalligidan vafot etgan diniy arbobning qarindoshlari bo‘lgan yoshlar xuddi shu shifoxonaga to‘rt marta hujum qildi, oqibatda yana yetti bemor qochib ketdi. Ulardan biri qon ketishi tufayli og‘ir ahvolda qochib ketayotganda vafot etgan. Hujumlarga sabab qarindoshlarning vafot etganlarning jasadlarini dafn etish uchun topshirish talabi bo‘lgan. Ebola qurbonlarining jasadi yuqori darajada yuqumli va xavfli, ularni dafn qilish virusning asosiy tarqalish yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Gebreyyesus 26 may kuni JSST favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Chikve Ixekveraza bilan birga Kongoga shaxsan yo‘l olmoqchi. Bu orada Uganda hukumati yana ikkita tasdiqlangan holat haqida xabar berdi - mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni yetti nafarga yetdi. May oyida JSST Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadagi Ebola epidemiyasini xalqaro favqulodda holat deb e’lon qilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid