O‘zbekiston | 21:09
589
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyevga 8 iyun kuni mis sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining borishi va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda qayd qilinishicha, mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot va “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanmoqda. Shu bois, mamlakatda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud zaxiralarni samarali o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yil mart oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasining birinchi navbati ishga tushirilgan edi. “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Fabrika to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash va 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Bugungi taqdimotda fabrikaning keyingi navbatlarini ishga tushirish, texnologik jarayonlarni barqaror yo‘lga qo‘yish va rejalashtirilgan quvvatlarga o‘z vaqtida chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, yanchish sexidagi sharli tegirmonlar, flotatsiya liniyalarini bosqichma-bosqich to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha aniq grafik belgilangan.

Joriy yil yakuniga qadar 3-mis boyitish fabrikasida rudani qayta ishlash hajmini yanada oshirish, barcha asosiy texnologik zanjirlarni to‘liq ishga tushirish va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushgach, kombinatda mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshishi ko‘zda tutilgan. Zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi hisobiga energiya sarfi va tannarxni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish imkoni paydo bo‘ladi.

Taqdimotda 4-mis boyitish fabrikasi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda loyiha doirasida bazaviy injiniring hujjatlari tayyorlanmoqda, qurilish maydonida yer ishlari va geologik burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur loyihada 3-fabrika tajribasini inobatga olgan holda texnologik yechimlarni maqbullashtirish, energiya va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, xalqaro injiniring kompaniyalari bilan hamkorlikda gravitatsiya, flotatsiya, konsentratni quritish va qoldiqlarni quyultirish, texnologik zanjirlarini takomillashtirish, xorijiy moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilish uchun loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash chora-tadbirlari belgilangan.

Mutasaddilarga 4-mis boyitish fabrikasi uchun zarur yer maydonlarini ajratish, qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarini davom ettirish, bazaviy injiniring hujjatlarini belgilangan muddatda yakunlash va loyihani bosqichma-bosqich ishga tushirish rejasini aniqlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid