Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘istonda soxta hisobotlar ortidan yuzlab million so‘mlik subsidiyalar olingan
Beruniy, Amudaryo va Qo‘ng‘irot tumanlarida fermer xo‘jaliklariga ajratilgan subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarda davlat budjetiga yetkazilgan zarar 895,5 mln so‘mni tashkil qilgan.
Gap fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari tomonidan sarflangan elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan subsidiyalar haqida ketmoqda.
O‘rganishlar davomida Beruniy tumanida 2023-2025 yillarda ajratilgan subsidiyalarning bir qismi asossiz ravishda to‘lab berilgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, elektr energiyasi iste’moliga oid hujjatlarga haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar kiritilishi natijasida o‘nlab fermer xo‘jaliklari ortiqcha mablag‘ olgan. Bu holatlar bo‘yicha davlat budjetiga 311,5 mln so‘m zarar yetkazilgani qayd etilmoqda.
Amudaryo va Qo‘ng‘irot tumanlarida esa subsidiya ajratish jarayonida talabgorlarning ma’lumotlari yetarlicha tekshirilmagan. Qonunchilikka ko‘ra, ishchi guruhlar ariza beruvchilar faoliyatini joyiga chiqqan holda o‘rganishi, ekin maydonlari, sug‘orish usullari va elektr energiyasi sarfining haqqoniyligini baholashi lozim. Biroq tekshiruvchilarning xulosasiga ko‘ra, bu talablarga amal qilinmagan.
Natijada Amudaryo tumanidagi 36 ta, Qo‘ng‘irot tumanidagi 15 ta qishloq xo‘jaligi korxonasiga amalda iste’mol qilinmagan elektr energiyasi uchun ham subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Bu holatlar orqali mos ravishda 337,3 mln va 246,7 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aytilmoqda.
Holatlar yuzasidan to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Ular asosida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Mavzuga oid
09:20 / 27.05.2026
Toshkentdan Qoraqalpog‘istongacha “yashil” texnikumlar tashkil etiladi
08:37 / 25.05.2026
O‘zbekistonda kripto-mayningni nazorat qilish kuchaytiriladi
20:53 / 15.05.2026
Pokiston Qoraqalpog‘istonda qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda
17:38 / 12.05.2026