O‘zbekiston | 22:29 / 13.06.2026
702
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida ilk bor migratsiya sohasida bitim va qo‘shma deklaratsiya imzolandi

Mazkur hujjatlar o‘zbekistonliklar uchun Shvetsiyada qonuniy ishlash, o‘qish va yashash imkoniyatlarini tartibga soluvchi davlat tomonidan kafolatlangan huquqiy mexanizm hisoblanadi.

Foto: Migratsiya agentligi

O‘zbekiston va Shvetsiya hukumatlari o‘rtasida «Migratsiya va mobillik to‘g‘risida»gi bitim hamda migratsiya va mobillik bo‘yicha pilot dasturni amalga oshirish yuzasidan qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Mazkur hujjatlar o‘zbekistonliklar uchun Shvetsiyada qonuniy ishlash, o‘qish va yashash imkoniyatlarini tartibga soluvchi davlat tomonidan kafolatlangan huquqiy mexanizm hisoblanadi.

Unga ko‘ra, tibbiyot, texnika, xizmat ko‘rsatish va parvarishlash sohalarida malakali mutaxassislarni Shvetsiya mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi va o‘zbekistonlik nomzodlarni shved ish beruvchilari bilan bog‘lash mexanizmlari yaratiladi.

Migratsiya ishtirokchilari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar joriy etiladi hamda noqonuniy migratsiya, odam savdosi va hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi qo‘shma mexanizmlar kuchaytiriladi.

Viza tartiblarini soddalashtirish va diplomatik pasport egalari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi.

Shuningdek, talabalar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatlari kengayadi.

Bundan tashqari, Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida pilot dastur amalga oshirilib, Shvetsiya mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganiladi, shved tili va kasbiy tayyorgarlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid