21:11 / 07.07.2020
34023

Andijon viloyatida rahbarlarga har hafta ko‘k va qizil nishonlar taqiladigan bo‘ldi

Andijon viloyatida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ishdagi natijalariga qarab ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

Foto: auz.uz

«Auz.uz» sayti xabariga ko‘ra, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning oshkoralik va shaffoflik bo‘yicha tashabbusi doirasida shunday amaliyot joriy qilingan.

«Bu dushanba kunlari o‘tkaziladigan hokimlik soatida aniqlanadi. Oqsoqlikka yo‘l qo‘ygan shahar, tuman yoki tashkilot kattasining ko‘ksiga shu yerning o‘zida qizil rangli nishon taqiladi. Topshiriqni do‘ndirganlarga esa ko‘k rangli nishon topshiriladi», – deyiladi xabarda.

Foto: Auz.uz

Qo‘shimcha qilinishicha, nishon olganlar yig‘ilishdan chiqib jurnalistlar orqali xalq oldida hisob beradi.

6 iyul kuni o‘tkazilgan «Hokimlik soati»da yangi tashabbus amaliyotda ilk bor qo‘llangan.

Foto: Auz.uz

«Ulug‘nor va Oltinko‘l tumanlari hokimlari Doniyorbek Maxsudov va Nazirjon O‘rinboyev «Mas'uliyatsiz rahbar» nishonini olish bo‘yicha «peshqadam» bo‘lishdi. Tashkilotlar orasida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Zufarbek Yuldashev va viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi rahbari Dilmurod Nabiyevga shunday baho berildi.

Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarovga uchta yo‘nalish bo‘yicha qo‘lga kiritgan ko‘rsatkichlari uchun 3 marta yashil nishon topshirildi. Marhamat va Xo‘jaobod tumanlari hokimlari Bobirjon Yuldashev va Otabek Rasulov esa ikki bora shunday e'tirofga sazovor bo‘ldilar. Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i Elyor Usmonov ham ikki bor «Mas'uliyatli rahbar» nishoni berildi», – deb ma'lum qilingan manbada.

Foto: Auz.uz

Qayd etilishicha, 3 hafta davomida bir necha qizil nishon olgan rahbarlar masalasi alohida ko‘rib chiqilishi ta'kidlangan.

Top