22:48 / 12.02.2022
20330

“9309ta mahalladan 4 mingtasida suv kuniga 4-5 soat beriladi” - prezident ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga ko‘rsatma berdi

«O'zbekiston 24» telekanalida prezident Shavkat Mirziyoyevning haftalik faoliyatiga bag‘ishlangan «Menimcha» loyihasining navbatdagi soni efirga uzatildi.

Mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘ldi, bu masalalar hozirgacha bor”

Xayrulla Nuriddinov muallifligidagi ko‘rsatuvning bu galgi sonida dastlab davlat rahbarining 8 fevral kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishidan lavha namoyish etildi.

“9309ta mahalladan 4000tasida ichimlik suvi bir sutkada 4-5 soat beriladi, 1,5 mingdan ortiq mahallada markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan, 2000ga yaqin maktab, bog‘cha, tibbiyot muassalari markaziy ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagani sababli suvni tashib kelishga majbur bo‘lmoqda. Tasavvur qiling, 30 yil bo‘ldi mustaqil bo‘lganimizga, bu masalalar hozir ham bor”, dedi prezident yig‘ilishda.

Shavkat Mirziyoyev hokimlarga murojaat qilib bu masalada taklif berishlarini so‘radi.

Prezident suv muammosidan aziyat chekayotgan har bir viloyatga alohida e’tibor qaratdi va kerakli yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Mirziyoyev bu muammoni hal qilish uchun 2022 yilda budjetdan kamida 2 trln so‘m, xalqaro tashkilotlardan 245 mln dollar ajratilishini ma’lum qildi.

Tanlov nomiga bo‘lgan joyda natija bo‘lmaydi”

Ko‘rsatuvda shuningdek, davlat rahbarining 10 fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrifi haqida ham so‘z bordi.

“Tanlov to‘g‘ri o‘tkazilgan joyda natija mutlaqo boshqacha. Qayerda tanlov yana o‘sha nomiga, eski hammom, eski tos bo‘lgan joyda natija bo‘lmaydi. Bunga kim aybdor? Sektor rahbarlari aybdor. Tuman hokimining nomzodi noto‘g‘ri bo‘lgan. Fidoyi hokim emas o‘sha”, dedi prezident hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda.

“Hokimlar, bilinglar, men arqonni uzun tashlab qo‘yganman. Prezident ikkita nomzod berdi, ular ish qilar ekan, degan fikr noto‘g‘ri. Ular ish qilmaydi, ular sizlarning siyosatingiz to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga xalq bilan muloqot qilib baho beradi”, deb ta’kidladi Mirziyoyev.

Top