Jahon | 13:21 / 23.06.2022
65141
2 daqiqa o‘qiladi

Yuriy Shatunov vafot etdi

Rossiyalik mashhur qo‘shiqchi Yuriy Shatunov vafot etdi. U 48 yoshda edi.

Foto: Baza

«Bugun tunda tez yordam karetasida Yuraning yuragi to‘xtadi», degan TASS muxbiriga qo‘shiqchining matbuot kotibi Arkadiy Kudryashov.

San’atkorning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Yuriy Shatunov 90-yillarning mashhur guruhi bo‘lgan «Laskovyy may» guruhi solisti edi.

Bo‘lajak yulduz 1973 yil Boshqirdistonda tug‘ilgan. Ota-onasi erta ajrashgan, 12 yoshida onasi vafot etgach Shatunov bolalar uyida katta bo‘lgan. U yerda Sergey Kuznetsov bilan do‘stlashib, keyinchalik birgalikda «Laskovyy may» guruhiga asos solishgan. U 1986-1991 yillarda ushbu guruh solisti bo‘lgan. Guruhning boshqa a’zolari ham Orenburgdagi bolalar uyi tarbiyalanuvchilari edi.

«Laskovyy may» guruhi. Birinchi planda (chapdan o‘ngga): kompozitor, shoir, guruh asoschisi Sergey Kuznetsov va solist Yuriy Shatunov, 1989 yil.
Foto Aleksandr Shogin / TASS

Andrey Razin rahbarlik qilgan «Laskovyy may»da bir necha solistlar bo‘lgan, guruh oyiga o‘nlab konsertlar bergan, ba’zida bir vaqtning o‘zida bir necha chiqishlar qilgan. 1991 yilda Shatunov «Laskovyy may»ni tark etadi va yakkaxon faoliyatini boshlaydi. Shatunov ketganidan keyin uning sobiq guruhi ham, o‘i ham avvalgi kabi mashhurlik darajasiga chiqa olmaydi.

Shatunov «Belyye rozy», «Ne boysya» va «Sedaya noch» qo‘shiqlari bilan ayniqsa mashhur edi.

Qo‘shiqchi 90-yillar oxirida Germaniyada yashagan, ammo keyin Rossiyaga qaytgandi.