O‘zbekiston | 10:21 / 09.12.2019
19302
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz shahri hududi kengayadi

Foto: triplook.me

Qonunchilik palatasining 2019 yil 9 dekabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalari bilan birga, ayrim hududlarning chegarasini o‘zgartish masalalarini muhokama qildilar.

Parlament xabariga ko‘ra, majlisda xalq vakillari «Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish va tasdiqlash to‘g‘risida»gi masalani ko‘rib chiqdilar.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq ishlab chiqilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, tasdiqlangan bosh reja asosida Termiz shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli rejalarini belgilash, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, hudud infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yangi hududda belgilangan talablar doirasida ijtimoiy soha, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari qurilishini tashkil etish hamda shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, budjetga tushumlarni ko‘paytirishdan iborat.

Nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Termiz tumani hududidagi «Manguzar», «Chegara», «Pattakesar», «Tinchlik», «Alisher Navoiy», «Kokildor ota» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari to‘liq, «Nurli diyor» va «Namuna» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining bir qismi (umumiy yer maydoni 1 561 gektar) Termiz shahri tarkibiga o‘tkaziladi.

Deputatlarning qayd etishicha, bu o‘zgarishlar hududda aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratish bilan birga, Termiz shahar va Termiz tumanini iqtisodiy jihatdan boshqarishda hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid