Yevroittifoq rus gazisiz o‘tadigan qishga qanday tayyorlanmoqda?
Yevropa gaz omborlari 85 foizdan ko‘proqqa to‘ldirilgan, ammo bu butun qish mavsumiga yetmasligi mumkin. Bugungi kunda YeI mamlakatlari gaz blokadasi sharoitida qishni qanday o‘tkazish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida bosh qotirmoqda.
O‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron qimmat narxlarda energiya yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorlanayotgan fransuz bizneslariga xabar yo‘lladi: buni qilmang.
Kompaniyalar hozirda taklif qilinayotgan «aqlga sig‘maydigan» narxlardan voz kechishlari kerak, dedi Fransiya prezidenti. U Yevropa hukumatlari narxlarni o‘rtacha darajaga tushirishga muvaffaq bo‘lishini ta’kidladi.
Fransiya shimolidagi zavodda binolar uchun qoplamalar ishlab chiqaruvchi Veta France kompaniyasining bosh direktori Aymerik Le Jyemtel Makronning ishonch bilan aytgan gaplarini qabul qila olmadi. Veta France tabiiy gazning yuqori bahosini qoplash uchun narxlarni oshirmoqda. Ba’zi kompaniyalar hatto foydasiz bo‘lib qolgan bir qancha buyurtmalarni bekor qilishdi.
«Narxlarni pasaytirish juda qiyin. Biz bu qishda yopilishni xohlamaymiz, lekin men xavotirdaman», deydi Le Jyemtel.
Qish oylari yaqinlashgani sari havo harorati pasayib bormoqda. Rossiyadan gaz import qilish darajasi esa avvalgiga qaraganda bir necha barobarga qisqargan. Yevroittifoq davlatlari energetika vazirlari narxlarni cheklash uchun mablag‘ to‘plash ustida ishlamoqda. Juma kuni uy xo‘jaliklari va korxonalarga yangi soliqlar paketini joriy qilish masalasi muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqi davlatlari gaz omborlarini 85 foizdan ko‘proqqa to‘ldirgan bo‘lsa-da, bu butun qish mavsumi uchun yetmasligi mumkin.
Taxminan 15ta a’zo davlat YeIning energetika masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simsonga maktub yo‘llab, Ittifoq miqyosida gazning ulgurji narxlari chegarasini belgilashni talab qilishgan, chunki korxonalar tabiiy gaz uchun o‘tgan yilgiga nisbatan besh baravar ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Tahlilchilar chuqur retsessiya bo‘lishi muqarrar, deya ogohlantirishmoqda. Deutsche Bank prognozlariga ko‘ra, yevrohududda real yalpi ichki mahsulot hajmi joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 2023 yilning mos davrida 3 foizgacha qisqarishi mumkin. Yevroning qadrsizlanishi ham davom etadi.
Italiyada o‘ta o‘nglar yetakchiligidagi alyansning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari yashash xarajatlarining oshib borishi ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va saylovchilarni ekstremal partiyalar tomon yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan belgilarni diqqat bilan kuzatmoqda.
«Yevropadagi energetika inqirozi uy xo‘jaliklariga ham ta’sir qila boshladi, ulgurji narxlarning oshishi kompaniyalar ishlab chiqargan mahsulotlar bahosiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyot uchun xarajatlar ancha katta bo‘ladi», deydi Bruegel tahlil markazining energetika bo‘yicha mutaxassisi Simone Tagliapiyetra.
O‘ngchilarning tahdidi
Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida iste’molchilar va korxonalarni energiya narxining oshishidan eng ko‘p himoya qilayotgan davlat bu – Fransiya. Shunday bo‘lsa-da, hukumatdagilarning ba’zilari qishda ijtimoiy tartibsizliklar avj olishidan xavotirda. Fransiya hukumatining agressiv sa’y-harakatlari bilan mamlakatdagi inflatsiya darajasi yevrohududdagi boshqa a’zo davlatlarga nisbatan sezilarli darajada past – 6,5 foiz. Bu ko‘rsatkich Boltiqbo‘yi mamlakatlarida 20-25 foizgacha yetgan.
Fransiya tabiiy gaz importiga qattiq bog‘lanmagan, elektr energiyasining katta qismini davlatga tegishli atom elektr stansiyalaridan oladi. Bu hukumatga fuqarolarini narxlarning ko‘tarilishidan izolyatsiya qila olish imkonini berdi va 2022 yilda tabiiy gaz narxlarini bir tekisda ushlab tura oldi. Fevral oyida uy xo‘jaliklari va kichik biznesni himoya qilish uchun ko‘rilgan choralar elektr narxining 4 foizgacha qimmatlashishini chekladi.
Urush boshlanganidan keyin kambag‘al uy xo‘jaliklari uchun 100 yevrolik cheklar, subsidiyalar, benzin va dizel uchun chegirmalar kabi qo‘shimcha yordam ko‘rsatildi. Fransiya moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bularning barchasi uchun 24 milliard yevro sarf qilingan.
Fransiya hukumati yaqinda uy xo‘jaliklari va kichik biznes uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarining 15 foizgacha oshirilishini cheklashni ko‘zda tutuvchi himoya choralarini e’lon qildi. Hukumatning bu kabi agressiv yondashuvi Milliy assambleyada misli ko‘rilmagan, 89 o‘rinni qo‘lga kiritgan Le Penning o‘ta o‘ngchi partiyasi ta’siri ortishidan xavotirlar bilan ham bog‘liq. Chunki sentabr oyining o‘zida Parij, Kann va Tuluza yaqinida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
EDF (Électricité de France) yadro flotida kutilmagan uzilishlar tufayli hukumat kompaniyalarini energiya ta’minotini cheklash xavfi haqida ogohlantirdi. Basseyn va muzeylar kabi ba’zi davlat xizmatlari ish vaqtini qisqartira boshladi.
«Inflatsiyaga qarshi kurash ham iqtisodiy, ham siyosiy ustuvor vazifadir. Inflatsiya demokratiyalar uchun zahardir, buni tarix ko‘rsatdi», dedi Fransiya moliya vaziri Bruno Le Mari.
Fransiyadagi kompaniyalarning uchdan ikki qismi ochiq bozordan energiya sotib oladi, chunki ular hukumat tomonidan belgilangan va EDF tomonidan tartibga solinadigan tarifga mos kelmaydi. Faqatgina ishchilari soni 10 tadan kam bo‘lgan va sotuv miqdori 2 million yevrodan oshmaydigan kompaniyalar Fransiya hukumati joriy qilgan energiya narxlari chegirmalari bilan himoyalangan.
Iyul oyida CPME tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Fransiyadagi 2400 biznes egalarining 93 foizi energiya narxining ko‘tarilishi ularning tovarlari narxini 10 foizdan ko‘proqqa oshirganini aytgan. Ularning uchdan bir qismi o‘z mijozlari uchun narxlarni oshira olmasligini bildirishgan.
Qish yaqinlashmoqda
Bruegel tahlil markazi mutaxassisi Simone Tagliapiyetraning ta’kidlashicha, norozilik namoyishlariga qaramay Yevropa Ittifoqi ikki yoki uch oy oldingiga qaraganda ancha yaxshi holatda. Olib borilgan agressiv sa’y-harakatlar gaz ta’minoti bo‘yicha Rossiyaga qaramlikdan uzoqlashishga va muqobil variantlar, jumladan, AQShdan suyultirilgan gaz import qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishiga yordam bergan. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan keladigan gaz quvuri o‘tgan yilda Yevropa Ittifoqi gaz importining 41 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bu raqamlar joriy yilda 9 foizgacha kamaygan. Ammo inqiroz tugamaydi, deya ogohlantiradi Tagliapiyetra.
Kelgusi yilda Yevropaning gaz zaxiralari 2022 yilga qaraganda ham ancha kam bo‘lishi mumkin, chunki bu yilgi zaxiralarning katta qismi Rossiyadan import qilish orqali shakllantirildi.
Yevrohududning Rossiya gazidan to‘liq uzilishi haqidagi xavotirlar joriy haftada nihoyatda kuchayib ketdi. «Shimoliy oqim» quvurining har ikki tarmog‘ida gaz sizib chiqa boshladi. Ushbu sabotaj ham Yevropa energetika infratuzilmasining zaifligini ko‘rsatib berdi.
Ittifoqdosh davlatlar qishda ham, undan keyin ham gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabni birgalikda cheklash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishlari kerak. OECD hisobotiga ko‘ra, gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha yetarli darajada amalga oshirilmagan sa’y-harakatlar zaxiralarni «xavfli» darajaga tushirishi mumkin, bu esa kelgusi oylarda iqtisodiyotga jiddiy zarba beradi.
Sovuq qish yetkazib berish tanqisligini yanada yomonlashtirishi mumkin, bu esa global narxlarning «anchayin yuqori» bo‘lishiga olib keladi.
Yevroittifoq davlatlari yozda gaz iste’molini majburiy qisqartirish bo‘yicha komissiya rejalarini rad etib, ixtiyoriy yondashuvni tanladi. Hukumatlar fuqarolar va kompaniyalarni energiya narxining oshishidan himoya qilish uchun yarim trillion yevro sarfladi, ammo bu choralarning aksariyati yuqori narxlarning ta’sirini yashirib, iste’molni pasaytirish rag‘batlarini buzdi.
Fransiyada hukumat kompaniyalar va davlat sektori sub’yektlari oldiga joriy qishda elektr energiyasidan foydalanishni o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga qisqartirish talabini qo‘ydi. Hashamatli LVMH'dan tortib Carrefour savdo markazigacha bo‘lgan kompaniyalar energiya tejash rejalarini e’lon qilishdi, Parij shahrida esa Eyfel minorasining tungi chiroqlari ham o‘chirildi.
Shuningdek, Ecowatt deb nomlangan ogohlantirish tizimi kabi boshqa yechimlar ham ishlab chiqilmoqda. U elektr tizimidagi bosimga qarab kunlarni yashil, to‘q sariq yoki qizil deb tasniflaydi va iste’molchilar va kompaniyalarga talab yuqori bo‘lgan paytda iste’molni cheklashni so‘rab bildirishnomalar yuboradi.
Notekis ta’sirlar
Yevrokomissiyaning navbatdagi yig‘ilishida energiyani tejash rejalari muhokama qilinishi kutilmoqda. Komissiya a’zo davlatlar energetika kompaniyalari foydasidan jami 140 milliard yevro yig‘ib, pullarni narxlarni pasaytirishga yo‘naltirmoqchi. Biroq shov-shuvga qaramay, yangi choralar energiya inqiroziga keng qamrovli javob emas, balki qisman yo‘l xaritasi bo‘ladi.
Italiya, Gretsiya, Belgiya va Malta kabi davlatlar gaz narxining yuqori chegarasini o‘rnatishga intilmoqda, chunki bu ittifoqdagi narxlar oshishining zararli siklini qisqartirishi mumkin.
Fransiya rasmiylarining ta’kidlashicha, kutilmagan soliqlar elektr va gaz bozorlaridagi chuqur tartibsizliklarni bartaraf eta olmaydi. Energetika bozorlarining chayqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aralashuvlar kerak.
Malta atrof-muhit, energetika va tadbirkorlik vaziri Miriam Dallining so‘zlariga ko‘ra, u to‘lov paketini qo‘llab-quvvatlasa-da, Yevropa Ittifoqining eng kichik davlati o‘z elektr energiyasining katta qismini Italiya orqali import qilishi hisobga olinsa, bu Maltaga yordam bermaydi. «Biz buning kollegialligini to‘liq tushunamiz - a’zo davlatlar bir-birini qo‘llab-quvvatlashi kerak», deydi u.
Slovakiya bosh vaziri Eduard Xegerning ogohlantirishicha, mamlakatda energetika bilan bog‘liq vaziyat shu qadar og‘irlashib bormoqdaki, Bryussel yaxshiroq javob choralarini ko‘rmasa, og‘ir sanoat bir necha hafta ichida to‘xtab qolishi mumkin.
Slovakiya energiya xarajatlarini subsidiyalash uchun YaIMning beshdan bir qismini, ya’ni 24 milliard yevro sarflaydi, ammo komissiya taklifi atigi 100 million yevroni tashkil qiladi. «Eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat, eng kam oladigan mamlakat bo‘ladi», deydi u.
Rasmiy Bryussel chorshanba kuni gaz narxini cheklashga qanday erishish mumkinligi haqidagi takliflarni taqdim qilgan, biroq ba’zi komissiya rasmiylari bu g‘oyadan ehtiyot bo‘lishmoqda. Agar belgilangan eng yuqori daraja juda past bo‘lsa, bu yetkazib beruvchilarning Yevropa Ittifoqiga gaz sotishiga to‘sqinlik qiladi, chunki boshqa joylarda yaxshiroq stavkalar mavjud. Bu, o‘z navbatida, gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazadi.
Energiya resurslari uchun katta xarajatlar davlatlarga ob-havoning turlichaligi hisobiga notekis ta’sir ko‘rsatmoqda. Ba’zi diplomatlar vaziyatni yengillashtirish uchun qo‘shimcha yordam haqida gapirishni boshladi, Slovakiya kutilmagan soliqlarni aholi soniga qarab mamlakatlar o‘rtasida teng taqsimlash uchun umumiy fondga yo‘naltirishga chaqirmoqda.
Fransiyada iste’molchilar eng yomon ssenariy uchun tayyorlanmoqda. Marselning shimolidagi kambag‘al mahallada ishlaydigan hamshira Saliha Sadellining aytishicha, u uyiga borishda bir nechta transport vositasidan foydalangani uchun benzin narxining ko‘tarilishidan qattiq xavotirlanmoqda. Hukumatning elektr energiyasi narxi oshishini cheklash bo‘yicha harakatlariga qaramay, uning hisob-kitoblari oshib bormoqda.
«Ular bizga uy xo‘jaliklari himoyalanganligini aytishdi, lekin hisob-kitoblarimiz qisqa vaqt ichida oyiga 200 yevrodan 350 yevroga oshganini ko‘rganimda, albatta, men xavotirlanaman. O‘zimga, nima qilish kerak, degan savolni beraman. Yoz oylarida uydagi konditsionerni o‘chirib qo‘yishim mumkin - bu hashamat. Lekin isitish bu hashamat emas», deydi u.
Mavzuga oid
08:35 / 12.11.2024
Yevroittifoq Rossiyaning soyadagi flotiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
12:50 / 02.11.2024
Lavrov Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk bor Yevroittifoqqa boradi
21:49 / 31.10.2024
Yevroittifoq Xitoyning Temu internet-do‘konini jarimaga tortmoqchi
10:20 / 30.10.2024