O‘zbekiston | 11:36 / 27.11.2020
5160
6 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklarni himoya qilish agentligi tashkil etiladi

Respublikada o‘simliklarni zararli organizmlardan uyg‘unlashgan himoya qilishni tizimli tashkil etish, ekin maydonlari va yaylovlarda fitosanitar holatni nazoratga olish maqsad qilingan.

Prezidentning “O‘simliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tahlil tizimlarida davlat boshqaruvini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining:

  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati va hududiy “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlarini qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida tashkil qilinayotgan agrosanoat klasterlari faoliyatining to‘liq shakllanib borishi bilan birgalikda 2022 yildan boshlab xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkazish;
  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining o‘simliklarni himoya qilish tuzilmalari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati filiallari, “Agrokimyo stansiyasi” mas'uliyati cheklangan jamiyati, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy filiallarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazgan holda vazirlik huzurida O‘simliklarni himoya qilish agentligi va Agrokimyoviy tahlil markazi davlat muassasasini tashkil etish;
  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, hududiy “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlari va ularning tarkibiy tuzilmalari balansidagi budjet va xo‘jalik mablag‘lari hisobiga sotib olingan asosiy vositalarni agentlik va markaz hamda ularning hududiy bo‘linmalari balansiga o‘tkazish;
  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi hududiy “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlarining 156ta filiallari sonini mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda 2021 yilda 56taga maqbullashtirish;
  • “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati tomonidan hududiy “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlarining filiallariga tegishli shoxobchalar va boshqa bino-inshootlar hamda texnika vositalarining bir qismini keyinchalik elektron auksionda sotish sharti bilan ularning soliqdan bo‘lgan qarzi va budjetdan ajratilgan foizsiz ssuda mablag‘lari bo‘yicha qarzdorliklarini qisqartirish hisobiga bozor qiymatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish;
  • “O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” mas'uliyati cheklangan jamiyatini davlat muassasasiga aylantirgan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markaziga o‘tkazish va “Respublika o‘quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasi” mas'uliyati cheklangan jamiyatning funksiyalari, majburiyatlari va mol-mulkini O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutiga berish;
  • o‘simliklarni himoya qilish sohasida ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta'minlash maqsadida 2021-2022 yillarda respublikaning barcha hududlarida o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutining filiallarini tashkil etish, shuningdek, mazkur ilmiy-tadqiqot instituti huzurida soha mutaxassislari va rahbar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • o‘simliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati va nazoratini yuritish, o‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni amalga oshirishni ta'minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish;
  • o‘simliklarni himoya qilish sohasida fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash, dolzarb muammo va mavzular bo‘yicha   ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fitosanitariya amaliyotiga fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini, innovatsion ishlanmalarini joriy etishni muvofiqlashtirish;
  • o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurash yo‘nalishida yangi turdagi entomofag, boshqa biologik vositalar introduksiyasini yo‘lga qo‘yish, organik mahsulotlar yetishtirish bilan bog‘liq tadbirlarni qo‘llab- quvvatlash;
  • qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari, jumladan, bog‘-tokzorlar, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari, issiqxonalar va aholi tomorqa yerlarida zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarga qarshi kurashishda uyg‘unlashgan himoya qilish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilash va amalga oshirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida zararkunanda, kasalliklar va begona o‘tlarning rivojlanishi va tarqalishini bashorat qilish, o‘simliklarni himoya qilish vositalariga bo‘lgan ilmiy talabni shakllantirish, ishlov o‘tkaziladigan maydonlar hajmi va ishlov turlarini belgilash, ekin maydonlarida fitosanitariya holati monitoringini yuritish va zararli organizmlarga qarshi ishlov o‘tkaziladigan maydonlarni to‘liq nazorat qilish;
  • chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash, agrokimyoviy tahlil  xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • sohada o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish;
  • xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ilg‘or texnologiyalar va ish uslublarini o‘simliklarni himoya qilish xizmati faoliyatiga tatbiq etish;
  • kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, rahbarlar va mutaxassislarning ish tartibi va usullarini takomillashtirish, zimmalariga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ado etishda ularning mas'uliyatini oshirish.