Jahon | 18:02 / 18.01.2024
28472
13 daqiqa o‘qiladi

Sovetlardan qolgan A-50 – Rossiyaning urib tushirilgan samolyoti haqida nimalar ma’lum?

Ukraina Rossiyaga tegishli A-50 razvedkachi samolyoti urib tushirilganini ma’lum qildi. Bu Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan buyon yo‘q qilingan birinchi A-50 hisoblanadi. Bunday samolyotlar SSSR davrida sanoqli miqdorda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda uning bir donasi 300 mln dollardan oshiqroqqa baholanadi.

2022 yil 24 fevral kuni tongida Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgandan buyon o‘zining juda ko‘plab qurollaridan foydalanib kelmoqda.

Uzoqlikka uchuvchi raketalar, dronlar, harbiy texnikalar va samolyotlar shular jumlasidan. Urushning boshida Rossiya juda katta yo‘qotishlarga uchradi va natijada hatto 1950-yillardan qolib ketgan tanklarni ham safga qaytarishga majbur bo‘ldi.

Rossiya foydalanayotgan harbiy texnikalar orasida A-50 nomi bilan tanilgan samolyot ham bor. A-50 bu — uzoq masofali radiolokatsion aniqlash va boshqarish samolyotidir.

U radarni olib yuradi hamda zarbalarni tayyorlash va dushman hujumlarining oldini olish uchun oldingi razvedkada ishlatiladi.

Bu samolyotni Rossiya ishlab chiqarmagan. A-50 sovet davrida sanoqli ishlab chiqarilgan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 10 ga yaqin bunday turdagi samolyot bor. Hozirda bitta A-50 narxi 330 mln dollarga baholanadi.

A-50 samolyoti Foto: YouTube / Darth Welder Channel

A-50 samolyoti yasalishi tarixi

1970-yillarda SSSRda razvedkachi samolyot Tu-126 edi. Bu samolyot 1960-yillar boshida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 1970-yillarga kelib talabga javob bermay qolgandi.

Ana shunday sharoitda sovet hukumati aviakonstruktorlar oldiga yangi turdagi razvedkachi samolyot loyihasini ishlab chiqishni topshiradi. Ko‘p o‘tmay Il-76 yuk samolyoti asosida yangi samolyot loyihasi tayyorlanadi.

Loyiha muallifi taniqli sovet aviakonstruktori Aleksandr Putilov edi. Putilov asosan Andrey Tupolev boshchiligidagi «Tupolev konstruktorlik byurosi»da ishlagan va asosan harbiy maqsadlarda foydalanilgan Tu-126, Tu-98LL, Tu-128UT samolyotlari loyihalarida ishlagan edi.

1973 yilda Il-76 samolyoti asosida yangi razvedkachi samolyotini ishlab chiqarish rejasi tasdiqlanadi. Samolyotning nishona nusxasini tayyorlash Taganrog shahridagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasiga topshiriladi.

1977 yilda samolyot tayyor bo‘ladi. 1978 yilda A-50 ishlab chiqaruvchi, 1979 yilda hukumat komissiyasi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tkaziladi.

1983 yilgacha Taganrogda jami uchta Il-76 samolyoti A-50 samolyotlariga aylantiriladi. Samolyotni turli uskunalar bilan jihozlash va ularni harbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazish yana ikki yilga cho‘ziladi.

Shu tariqa, A-50 samolyotlarining dastlabkisi 1985 yilga kelib harbiylarga topshiriladi. Biroq harbiylar undan 1989 yilga kelib foydalana boshlashadi xolos.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, A-50 samolyotidan jami 31 dona yasalgan. O‘sha paytda SSSRda Il-76 samolyotlarini asosan Toshkentdagi Chkalov nomidagi aviatsiya birlashmasi tayyorlab berardi.

Il-76 samolyoti. Foto: russian.rt.com

Shu sababli A-50 samolyotlarining qolganlari Toshkentda tayyorlanadi. Ish jarayoni harbiylarning qat’iy nazorati ostida bajariladi. A-50 samolyotlari 1991 yilgacha ishlab chiqarilgan.

A-50 samolyotining texnik tavsifi

  • Ekipaj a’zolari soni – 5 kishi (taktik ekipaj soni – 10 kishi);
  • Uzunligi – 48,27 metr;
  • Balandligi – 14,8 metr;
  • Qanotlar uzunligi – 50,5 metr;
  • O‘rtacha uchish og‘irligi – 190 tonna;
  • Yoqilg‘i sig‘imi – 109 480 litr;
  • Dvigatellar soni – to‘rtta;
  • Maksimal parvoz tezligi – soatiga 800 km;
  • Maksimal parvoz balandligi – 12 000 metr (o‘rtacha – 7 500 metr);
  • Yoqilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda parvoz davomiyligi – 9,3 soat.

A-50 imkoniyatlari:

Havo nishonlarini aniqlash masofasi:

  • Strategik bo‘lmagan ballistik raketalardan chiqayotgan yolqinni optik vositalar orqali 800 kilometrdan sezadi;
  • Bombardimonchi samolyotlarni 650 kilometrgacha bo‘lgan masofada sezadi;
  • Qiruvchi samolyotlarni 300 kilometrdan sezadi;
  • Qanotli raketalarni (elektron paramagnit rezonans EPR = 1 kv. m) 215 kilometrdan sezadi.

Yerdagi nishonlarni aniqlash diapazoni:

  • Operativ-taktik raketalar uchirish qurilmalarining yakkalik nishonlarini 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadan sezadi;
  • «Tanklar kolonnasi» kabi guruhli nishonlarni: 250 kilometrgacha bo‘lgan masofadan sezadi.

Dengiz nishonlarini aniqlash diapazoni:

  • (EPR 250 kv. m) radio gorizonti yetib borgan masofagacha;
  • A-50 bir paytning o‘zida turli havo nishonlaridan 300 tagacha obektni kuzata oladi;
  • Qo‘mondonlik punktidan yo‘naltirilgan 12 ta, bortdan yo‘naltirilgan 30 ta qiruvchi va tutuvchi samolyotlarni boshqara oladi.

Bundan tashqari, samolyotga havo mudofaasi tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, turli raketalar yordamida o‘ziga nisbatan uyushtirilgan hujumlarni qaytarish imkoniyatiga ega.

A-50’ga keyin o‘rnatilgan uskuna va jihozlar

SSSR parchalangandan so‘ng A-50 samolyotlarini ishlab chiqarish to‘xtaydi. 2000-yillarga kelib unga o‘rnatilgan uskunalar ham eskiradi va talablarga javob bermay qoladi.

2003 yildan boshlab Rossiya A-50 samolyotlarining bir nechtasini qayta jihozlashni boshlaydi va shundan so‘ng ular A-50U nomini oladi. Qayta jihozlash ishlari 2009 yilgacha davom etadi.

Samolyotning asosiy qurilmasi – «Argon-50» bort raqamli kompyuteri asosida qurilgan «Shmel» radiotexnika kompleksi hisoblanadi. Kompleks tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • pelengatsiyaning passiv kanaliga ega bo‘lgan uch koordinatali radiolokatsion tizim;
  • olingan ma’lumotlarni qabul qiluvchi va aks ettiruvchi uskunalar;
  • Qiruvchi va tutuvchi samolyotlarga yo‘nalishli buyruqlar yoki ma’lumotlar beruvchi aktiv so‘rov-javob berish tizimi;
  • boshqaruv vazifalarini yechish va qiruvchi samolyotlarni havo nishonlariga yo‘naltirish uchun raqamli hisoblash kompleksi;
  • radio boshqaruvida qo‘mondonlik liniyasi uskunasi;
  • aloqa tizimi, aloqani maxfiylashtirish va telekodlash uskunalari;
  • hujjatlashtirish uskunalari;
  • davlat belgilarini tanib olish tizimi.

Yangi kompleksning og‘irligi 20 tonnani tashkil etadi va unda 10-11 nafar xodim ishlaydi. Bular – radiotexnik nazorat komandiri, yo‘naltiruvchi bosh shturman, ikki nafar yo‘naltiruvchi shturman, bosh kuzatuvchi operator va ikki nafar kuzatuvchi operator, shuningdek radiolokatsion tizim va aloqa vositalari bo‘yicha bortmuhandislar. Parvoz ekipaji esa 5 kishidan iborat bo‘ladi.

«Shmel» kompleksidan tashqari, samolyot bort mudofaa tizimi bilan ham jihozlangan bo‘lib, uning tarkibida radioqarshilik ko‘rsatishning faol va passiv tizimlari, shuningdek, infraqizil chalg‘ituvchi tizimlar bor.

Qayta jihozlangandan so‘ng samolyot korpusida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Jumladan:

  • Shturman kabinasi oynavand o‘rniga radioshaffof suyri;
  • Qanotlar ostiga yoqilg‘i quyish moslamasi;
  • Qanotda sun’iy yo‘ldosh antenna uskunasi;
  • Qanot ortida, tomda diametri 10,5 va balandligi 2 metr bo‘lgan radar antennasining qo‘ziqorin shaklidagi radiolokatsion tizim antennasi;
  • Radar uskunasini sovitib turish uchun havo so‘rish moslamasi;
  • Yondagi havo ayirgichlarda aerodinamik yuzalar (qanotchalar) ko‘rinishida akslantiruvchi ekranlar;
  • Aerodinamik yuzalar (qanotlar) shaklida tayyorlangan aks ettiruvchi ekranlar yon yarmarkalarga o‘rnatiladi.

Bundan tashqari:

  • Aerodinamik qarshilik harakatini pasaytirish uchun yangi burun suyrisi bilan jihozlanadi;
  • Chap tomonda eshik va 1-raqamli favqulodda chiqish yo‘li olib tashlanadi;
  • Yuk ortish lyuklarining tabaqasi berkitib tashlanadi;
  • Ekipaj a’zolarini chastotali nurlanishdan himoya qilish uchun asosiy va avariyali chiqish oynalari, uchuvchilar kabinasining yon va yuqori oynalari, shuningdek, navigator kabinasining oynalari metallashtirilgan.

A-50 samolyotlaridan foydalanish

Sovetlar davrida A-50 samolyotlari asosan mamlakat g‘arbida saqlangan va parvoz qilgan. Birinchi samolyot 1984 yilda Litvaning Shaulyay shahridagi harbiy qismga keltiriladi.

O‘sha yili yana bittasi Belarusning Vitebsk shahriga yuboriladi. Shu samolyot Varshava shartnomasi tashkiloti harbiy blogiga a’zo davlatlar armiyalari ishtirokida o‘tkazilgan «Zapad-84» harbiy o‘quv mashg‘ulotida qatnashadi va GDR hamda Polsha bo‘ylab parvoz qilib keladi.

1987 yilda uchta, 1989 yilda yana beshta A-50 tayyor bo‘ladi va mamlakatning turli harbiy qismlariga jo‘natiladi.

SSSRda qudratli razvedkachi samolyot tayyorlangani barchadan sir tutilgan. 1987 yilda u Norvegiyaning patrul samolyoti obektiviga tushib qoladi. Shundan so‘ng G‘arb davlatlari SSSRda yangi razvedkachi samolyot borligini payqab qolishadi.

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Varshava shartnomasi tashkiloti harbiy bloki ham tarqab ketadi. NATO esa sharqqa qarab kengaya boshlaydi. Shu sababli A-50 samolyotlarining bir nechtasi mamlakat shimoliy-g‘arbida, boshqalari Qora dengiz atrofida saqlanadi.

2000 yilda A-50 samolyotlaridan biri Hindistonga sotib yuboriladi. Yana bir qanchasi eskirib ishdan chiqadi. Keyinroq Rossiya ixtiyorida o‘nga yaqin (ba’zi manbalarda o‘ndan oshiq) A-50 samolyoti qolgani va ulardan faqat bir nechtasi jangovar shay holda ekani ma’lum bo‘ladi.

A-50 samolyoti harbiy harakatlarda ilk bor Suriya osmonida uchib qatnashgan va u yerda Rossiya havo-kosmik kuchlariga qarashli qiruvchi hamda bombardimonchi samolyotlarning harakatlarini muvofiqlashtirgan.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgach bir nechta A-50 samolyotlari doimiy ravishda qo‘llana boshlangan.

Hindistonga sotilgan A-50

Ukraina bilan urush vaqtida Rossiyaning ikkita A-50 samolyotiga hujum qilindi

Ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlangandan buyon ikkita A-50 samolyoti safdan chiqqan. Birinchisi 2023 yil 26 fevral kuni Minsk yaqinidagi Machulishchi aerodromida turgan paytida uchuvchisiz qurilma orqali ishdan chiqarilgan.

2023 yil fevral oyi oxirida belaruslarning BYPOL tashkiloti faollari Machulishchidagi aerodromga diversiya uyushtirilgani va u yerdagi ruslarning A-50 samolyotiga ikkita dron orqali 200 gramm trotil ekvivalentidagi portlovchi moddalar tashlangani haqida xabar bergandi.

Natijada samolyot jiddiy shikastlangani va endi «ucha olmasligi» ma’lum qilingandi. Belarus hukumati diversiya faktini rad etib, uchish yo‘lagida harakatlanayotgan A-50 videosini namoyish etgandi. Lekin bu video qachon olingani noma’lum.

2023 yil 4 mart kuni «Zerkalo» nashri A-50 ta’mirlash uchun Taganrogga olib ketilganini ma’lum qildi. Nashr jurnalisti o‘zini Machulishchidagi aerodrom xodimi sifatida tanishtirib, Taganrogdagi aviatsiya zavodiga qo‘ng‘iroq qilgan va u yerdagilar unga bu ma’lumotni tasdiqlashgan.

Ikkinchi A-50 samolyoti bir necha kun avval 2024 yil 14 yanvar kuni tunda Azov dengizi ustida urib tushirildi.

Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Azov dengizi uzra Rossiyaga tegishli A-50 hamda Il-22 havo qo‘mondonlik punkti bo‘lgan samolyotlar urib tushirilgani videosini e’lon qilgan.

Ukrain nashrlariga ko‘ra, A-50 tomon zarba mahalliy vaqt bilan 14 yanvar kuni soat 21:10–21:15 atrofida Zaporijjya oblasti Kirillovka posyolkasi atrofidan turib yo‘llangan. Shundan keyin samolyot radarlardan yo‘qolgan va taktik aviatsiya so‘rovlariga reaksiya qilishni to‘xtatgan.

Rossiya mudofaa vazirligi ukrain nashrlari va harbiylarining so‘nggi bayonotlari yuzasidan izoh bermadi. Ammo samolyotlardan biri urib tushirilgani, boshqasi esa zarbaga uchragani to‘g‘risidagi ma’lumotni rossiyalik harbiy muxbirlar va harbiy sohaga ixtisoslashgan blogerlar tasdiqlashgan.

Hozirda Rossiyada qancha A-50 samolyotlari borligi noma’lum. Military Watch Magazine ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyada uchta A-50 va qayta jihozlangan yettita A-50U samolyoti bo‘lgan.

2023 yil boshida Forbes Rossiya qo‘shinlarida to‘qqizta A-50 borligini yozgandi. 2023 yil sentabrida «Rostex» Rossiya armiyasiga yana bitta shunday samolyot yetkazib bergan.

«Rostex» yetkazib bergan samolyot ham katta ehtimol bilan SSSR davrida ishlab chiqarilgan va qayta jihozlanib epaqaga keltirilgan bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiy ma’lumotlarda Rossiya SSSR parchalanib ketganidan so‘ng A-50 samolyotlarini ishlab chiqargani haqida umuman ma’lumot yo‘q.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid