Mediahaftaning 1-kuni: Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari
Bugun 23 yanvar kuni poytaxtdagi "International Hotel Tashkent" mehmonxonasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi" loyihasining jamoatchilik muhokamasi dasturiga start berildi.
Shuni ta'kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan dolzarb masalalarni kompleks ravishda tahlil qilish, keng jamoatchilik qatlamlari, ekspertlar sharhi, fikr-mulohaza va takliflarni o‘rganish maqsadida hujjat loyihasini umumxalq muhokamasiga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan media-haftalik dasturi mazmunan ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, undan Harakat strategiyasining beshta yo‘nalishi taqdimotlari, ular yuzasidan ochiq muhokama va munozara tarzidagi brifing, matbuot anjumanlari va tok-shoular o‘rin olgan. Tayyorlangan barcha mediamateriallar OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib boriladi.
Joriy yilning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e'lon qilinishi muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz doimiy ravishda xalq bilan muloqot qilishga qaratilgan Strategiyani qabul qilishdan oldin uni ommaviy-axborot vositalarida e'lon qilish, butun O‘zbekiston xalqining qiziqishlarini to‘la inobatga olinishini ta'minlash maqsadida aholi o‘rtasida keng muhokamani tashkil etish zarurligini alohida qayd etdi.
Rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston elektron ommaviy axbrot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Muzraf Ikromov va uning o‘rinbosari Nodir Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Dilmurod Turdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Javlon Vahobov ishtirok etdi.
Media-haftalikning birinchi yo‘nalish taqdimoti: Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari. Mazkur yo‘nalish muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Muzraf Ikromov, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, senator Tolibjon Madumarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nodirjon Muxtorov va Rahimjon Hakimov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudirlari Sherzod Zulfiqorov hamda Oybek Turg‘unov, shuningdek Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbsari Gulnora Ma'rufova qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan qator takliflar va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda har bir soha vakili, har bir fuqarodan muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar kutib qolinishi ta'kidlandi.
Shuni qayd etish lozimki, mazkur tadbir O‘zbekiston tarixida bunday darajadagi birinchi muloqot va muhokama hisoblanadi. Unda balandparvoz gaplardan real harakatlarga o‘tadigan vaqt kelgani, bu ko‘rinishdagi muhokamalarni davom ettirish kerakligi ta'kidlandi. Bundan tashqari, mahalliy kengash va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish lozimligi hamda O‘zbekiston atalmish umumiy uyimizni barchamiz hamjihatlikda qurishimiz kerakligi ta'kidlandi.
Mavzuga oid
16:43 / 27.12.2024
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishiga start berildi
16:10 / 21.12.2024
Londonda O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024