“Texpasport va sug‘urta polisi yonida bo‘lmagani uchun javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi” – Erali Bozorov
2022 yil martdan boshlab haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida undan texnik pasport va sug‘urta polisi talab etilmaydi.
IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov 2 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yo‘l-transport sohasidagi ayrim tartiblarga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab haydovchi yonida texnik pasport va sug‘urta polisi mavjud bo‘lmasa javobgarlikka tortilmaydi. Faqat uning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjat — biometrik pasport yoki ID karta bo‘lishi talab etiladi. Ushbu yangi tartib jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash bo‘yicha prezident farmonida belgilangan.
“Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar –texnik pasport va sug‘urta polisi yonida bo‘lmagani uchun javobgarlikka tortish tartibi bekor qilindi. Bunda haydovchi yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati – biometrik pasporti yoki ID kartasi mavjud bo‘lsa yetarli”, dedi Bozorov.
Ma'lum qilinishicha, farmon asosida transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish tartibini buzganlik uchun jarimaning eng ko‘p miqdori 735 ming so‘mdan 490 ming so‘mga kamaytirildi.
Shu bilan birga, tezlik oshirib yuborilganda radarda qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat ayirib jazo qo‘llash tartibi joriy etiladi.
“Bu nima degani? Oldingi tartibda transport vositasini boshqarganda tezlik belgilangan me'yordan 5 km/soat yuqori bo‘lsa, shu chegirilardi. Yangi tartib bo‘yicha esa qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat ayirib tashlanadi. Bu 5 km/soat tezlik belgilangan joyda 93 yursa, haydovchi oldingi tartib bo‘yicha katta jarimaga tortilardi. Hozirgi kunda 5 km/soat ayirib tashlashi hisobiga bu 88 km/soat bo‘ladi va bunda jarima kamroq bo‘ladi”, dedi boshqarma vakili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma'muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzolagandi.
Mavzuga oid
22:27 / 19.04.2022
Eski namunadagi “prava”ga ega haydovchilar yonida barcha hujjatlarini olib yurishi lozim – Erali Bozorov
15:56 / 19.04.2022
Haydovchilarning YPX xodimi dislokatsiyasini joyida talab qilish huquqi nega bekor qilindi?
15:43 / 01.07.2021
Yil boshidan buyon YTHlarda 770 kishi halok bo‘ldi
21:55 / 14.01.2021