O‘zbekiston | 07:52 / 18.05.2022
4167
2 daqiqa o‘qiladi

«So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari uchun turli xil pul yig‘imlari qat’iyan taqiqlanadi - XTV

Xalq ta’limi vazirligi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Xalq ta’limi vazirligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 25 may kuni barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbirni tashkil etish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tavsiyalar ishlab chiqib barcha maktablarga yubordi. Tadbirlar maktab hovlisi bog‘ida yoki soya salqin ochiq maydonlarida o‘tkaziladi. Maktab hududiga begona shaxslarning kiritilmasligi nazoratga olinadi.

Maktablarda mazkur tadbir soat 8:00 dan 8:45 ga qadar, tavsiya etilgan ssenariy asosida tashkil etiladi. Unda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanib, rag‘batlantiriladi.

“Shu o‘rinda, barchaga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlari qat’iyan taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari hamda o‘qituvchilardan bitiruvchilar tomonidan turli qimmatbaho sovg‘alar taqdim etish, qo‘shimcha turli tantanali tadbirlarni (xonadonlar, restoran yoki qahvaxonalar va h.k.da banket yoki boshqa marosimlar) o‘tkazish va yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish oldini olishga alohida e’tibor qaratish so‘ralgan.

Maktablarning “Kuzatuv kengashi” a’zolari yuqorida keltirib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinishi ustidan nazorat olib boradi.

Mavzuga oid