Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyati takomillashtiriladi
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
• o‘quv jarayonini takomillashtirish, jumladan, Institutda pedagog kadrlar tayyorlash mazmunini qayta ko‘rib chiqish, xalkaro standartlar darajasiga mos oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta'minlash, yangidan tashkil etilayotgan ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha zarur o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish, talabalarning viloyat hududidagi tegishli ta'lim muassasalarida amaliyot o‘tashlarini tashkil etish, ularni qishloq hududlardagi ta'lim muassasalariga jalb etish;
• ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yanada takomillashtirish va talabalarning ijtimoiy himoyasini tashkil etish, jumladan, yoshlar siyosati. ma'naviy-ma'rifiy va mafkuraviy sohadagi ishlari natijadorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, talaba-yoshlarni yot g‘oya va axborot xurujlaridan himoyalash, nodavlat notijorat tashkilotlari, umumta'lim maktablari, mahallalar va ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, yetim va chin yetim talabalarga ko‘maklashish, talaba-yoshlarni harbiy vatanparvarlik, mehnatsevarlik va kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash;
• ilmiy-innovatsion va xalqaro hamkorlik faoliyatini takomillashtirish, bunda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi loyihalar va xalqaro fanlar tanlovida Institutning faol ishtirokini ta'minlash, professor-o‘qituvchilar tomonidan yuqori ilmiy-uslubiy, amaliy- tatbiqiy ahamiyatga ega monografiya va ilmiy maqolalar tayyorlash va chop ettirilishini faollashtirish, ilmiy ish bilan shug‘ullanish uchun ilmiy-pedagog xodimlar, doktorantlar va yosh izlanuvchilarga zarur sharoitlar yaratish va rag‘batlantirish;
• professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish jarayonini takomillashtirish, jumladan, ularning uzluksiz malaka oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlariga stajirovka o‘tash va malaka oshirishga yuborish, professor-o‘qituvchilarning mustaqil malaka oshirishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratish;
• institut faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish. axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaxshilash va samarali foydalanishni tashkil etish.
Hujjat bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi.
Qarorga muvofiq, Chirchiq texnika kasb-hunar kolleji hamda Chirchiq sanoat kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tegishli hududlari bilan birga Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.
Ushbu kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar tegishlicha Institut binolarida o‘quv jarayonini davom ettirishlari belgilab qo‘yildi.