Jamiyat | 21:42 / 29.08.2017
66548
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi bog‘chada bolalarni kaltaklagan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi - Tafsilotlar

Samarqand shahridagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan birida tarbiyachining yordamchisi bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aks etgan videoyozuvlar «Daryo.uz» sayti tomonidan taqdim etilgan edi.

Videoyozuv 25 iyul kuni temir yo‘l vokzali yaqinidagi 64-maktabgacha ta'lim muassasasida olingan. Shuningdek, ushbu videoyozuvni taqdim etgan fuqaro 7 avgust kuni jiyanini bog‘chadan olib ketish uchun borganida, tarbiyachilardan biri polda cho‘zilib uxlab yotgani va alkogol ichimlik ta'sirida bo‘lganini xabar bergan (keyinchalik aniqlashimizcha, suratning xiralashtirilmagan, originalida tarbiyachi boshi ostiga shippagining bir poyini qo‘yib yotgani ma'lum bo‘ldi — Sh.Sh.).

Foto: Daryo.uz

Fuqaro bir kun o‘tib, ushbu holat yuzasidan bog‘cha mudirasiga shikoyat qilgan. Tarbiyachining yordamchisi ham, bog‘cha mudirasi ham fuqaroning shikoyatida keltirilgan da'volarni rad etgan.

«18 avgust kuni jiyanimni boshqa bog‘chaga o‘tkazdik. Bog‘chaga borgisi kelmaydigan bola endi o‘zi xohlab bog‘chaga ketyapti. Eski bog‘chasidagi tarbiyachilarning munosabati yaxshi emasligini shundan ham bilsa bo‘ladi», — degan maqolada ismini oshkor etmagan fuqaro.

Biz ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalist Temur A'zam bilan Samarqand shahridagi 64-maktabgacha ta'lim muassasiga bordik. Bizni kutib olgan bog‘cha mudirasi Dilfuza Aminova muddaomizni eshitgach, darhol hammasi jamoa ichida o‘rganib chiqilgani, zo‘ravon tarbiyachi ishdan bo‘shatilganini ma'lum qildi.

D.Aminovaning tushuntirishicha, video 27 iyulda olingan. Shu kuni u Toshkentda malaka oshirish o‘qishida bo‘lgan. Lekin Toshkentdan qaytib kelgach, na ota-onalar, na bolalar tarbiyachi yordamchisi Shohida Usanova ustidan shikoyat qilishmagan.

Xullas, bugun sizlardan oldinroq shahar xalq ta'limi bo‘limi va kasaba uyushmadan vakillar kelishdi, undan tilxat olindi. Keyin Sh.Usanova (36 yoshda) o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatildi. Buyruq bugun imzolandi. Boshqa tarbiyachilar kelgusida bunday huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ulardan ham yoppasiga kafolat xati olindi, — dedi 64-MTM mudirasi D.Aminova.

 

«Bolalar boshqa bog‘chaga o‘tayotgani haqidagi ta'kid haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zi video kecha tarqaldi. Hamma voqeadan kecha voqif bo‘ldi. To‘g‘ri, yon-atrofimizda bog‘chalar ko‘p. Lekin hech kim Shohidaning ustidan arz ham qilib kelgani yo‘q, o‘tgan 1 oy ichida birorta bola bog‘chamizni tark ham etmagan. Videoda aynan qaysi bolalar kaltaklanganini aniqlashning iloji bo‘lmagani sababli biz ota-onalar o‘rtasida ertalab so‘rov ham o‘tkazdik, hech kim e'tiroz bildirmadi», — deya tushuntirish berdi bog‘cha mudirasi.

«Tarbiyachilarimizdan birining ichib olib, polda uxlab yotgani ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bu tarbiyachimiz I.A.J. (56 yoshga kirgan bu ayolning ism-familiyasi va nasabi KUN.UZ tahririyaitga ma'lum) 35 yil shu bog‘chada ishlab, biror marta malomatga qolmasdan ishlab kelayotgan edi va pensiyaga chiqqaniga 2 yil bo‘luvdi. Uning yurak kasali bor. Aslida bu voqea ta'kidlanganidek, 7 avgustda emas, ancha oldin sodir bo‘lgan va I.A.J. o‘shanda mazasi qochib polga yiqilgan. So‘ngra u bizdan davolanish uchun ta'til so‘radi va uyidagilarning qistovi bilan 13 iyul kuni o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shab ketgan. U bolalarning sevimli tarbiyachilaridan biri edi», — dedi bog‘cha mudirasi D.Aminova va I.A.J.ning ishdan bo‘shatilgani haqidagi buyruqni ko‘rsatdi.

Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rilgani, kelgusida bunday ishlar takrorlanmasligini qayta-qayta takrorladi, o‘ziga yarasha hujjatlar ham ko‘rsatdi va oldinroq e'lon qilingan maqoladagi ayrim ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ham ta'kidladi.

Biz ushbu murojaatni uyushtirgan fuqaro yoki bog‘chadagi muhitga e'tirozi va dalil-isboti bo‘lgan ota-onalardan tahririyat bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishni so‘raymiz.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ jurnalisti.

Mavzuga oid