15:28 / 21.01.2022
12892

“Bitta daraxtimizning narxi 3 mln so‘mgacha boradi” - pensioner-bog‘bon yaratgan pitomnik

Anvar Inomboboyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chinor qishlog‘ida yashaydi. Tajribali bog‘bon o‘z hovlisida va pitomnigida asosan archa ko‘chatlarini yetishtiradi.

Qahramonimiz bozorda qimmat narxlanadigan, ammo yetishtirish ham mashaqqat talab etadigan archa ko‘chatlarini mo‘’jazgina hovlisida yetishtirishi haqida so‘zlab berdi.

Anvar aka bizni pitomnikka ham olib bordi. 1,2 gektar yerda ko‘k archa (golubaya yel), tuya, nashvati va yana bir qancha qimmatbaho daraxtlar o‘stirilyapti.

“Ko‘k archani ko‘kartirish juda qiyin. Ko‘chatini 20–25 sm bo‘lgan vaqtida ekamiz, 15 yilgacha parvarishlaymiz. O‘g‘it beramiz, hasharotlardan himoya qilamiz, o‘tini o‘taymiz, quyosh botgach ko‘chatlar ustidan suv sepib chiqamiz. Kun issiq bo‘lsa, ekilganiga hali 3 yil bo‘lmagan yosh ko‘chalarning ustini kunduzlari bo‘z bilan yopib turish kerak.

O‘rtacha kattalikdagi ko‘k archa ko‘chatlarimiz 1,5 mln so‘mgacha narxlanadi. Kattalarining narxi 2,5–3 mln so‘mgacha boradi”, – deydi bog‘bon.

65 yoshli Anvar Inomboboyev qilayotgan ishidan zavqlanadi. Qaridim, dam olay, degan fikr mutlaqo yo‘q unda. Salomatlikni harakatda deb biladi. Darvoqe, o‘zining aytishicha, ko‘chatlar faqat sotish uchun emas. Qo‘shnilar, qishloqdoshlarga o‘rni kelsa bepul beradi. Atrof yashillikka burkansa bo‘ldi.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top