Ta'til tugash arafasida. Maktabga tayyorgarlik qanchaga tushadi?
Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Ota-onalar oldida farzandlari uchun o‘quv qurollari va kiyim-bosh xaridi masalasi turibdi.
Biz o‘quv qurollari sotib olishda nimalarga e'tibor berish lozimligi borasida Andijon shahar 55-umumta'lim maktabi psixologi Xonzodabegim Aliyevaga murojaat qildik.
Aliyevaning qayd etishicha. Vazirlar Mahkamasining 2015 yil iyundagi 146-sonli qarori bilan ta'lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya va o‘quv qurollari ishlab chiqarish haqidagi umumiy texnik reglament tasdiqlangan. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan mahsulotlar mazkur reglament asosida realizatsiya qilinadi.
“O‘quv qurollari sotib olayotganda ota-ona farzandining yoshi, sinfi, xarakter xususiyatlari va albatta, anjomlarning sifatiga e'tibor qaratishi lozim”, – deydi maktab psixologi.
Mutaxassisning aytishicha, maktab sumkasining hajmi o‘quvchining tana o‘lchamlariga mos va uning uchun taqishga qulay bo‘lishi, shu bilan birga, sumkaga yetarli miqdorda o‘quv qurollari va darsliklar sig‘ishi kerak.
Ust qismi turli chalg‘ituvchi suratlardan xoli bo‘lgan sumkalarni sotib olish maqsadga muvofiq.
Daftarlarni sotib olishda qaysi jihatlarga e'tibor berish kerak?
Boshlang‘ich sinflarda 9-10 ta o‘quv fanlari borligini hisobga olib, o‘quv yili boshlanishiga 20 taga yaqin daftar sotib olish maqsadga muvofiq.
Daftarlarni sotib olayotganda ularning muqovasida diqqatni jalb qiluvchi turli suratlar tushirilgan daftarlarni sotib olmaslikka harakat qiling. Daftar varaqlarining qalinligi va mavjud chiziqlarning aniqligiga, umuman mahsulot sifatiga ham e'tibor qaratish kerak.
5-sinfdan yuqori sinflarda 13 tadan 15 tagacha o‘quv fanlari kirishini hisobga olgan holda ana shu fanlardan amaliy mashg‘ulotlarni yozib olish uchun umumiy daftarlar, oraliq va chorak ishlari, laboratoriya ishlari uchun 12 varaqli daftarlar olinadi.
Maktab o‘quvchilari uchun sharikli ruchkalar tanlanadi. Ularning husnixatlari chiroyli bo‘lishi uchun ruchka ushlashga qulay va yumshoq yozadigan bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ba'zi ota-onalar o‘z bolalariga chiroyli bezatilgan, yo‘g‘on va qimmat ruchkalar sotib olishga harakat qilishadi. Biroq bunday ruchkalarda yozish noqulay.
Bolalarga rangli qalam, rangli qog‘oz va plastilin kabi qo‘shimcha o‘quv qurollari sotib olayotganda ham e'tiborni ularning chiroyli yoki qimmat ekaniga emas, tabiiy xomashyodan tayyorlangani va sifatiga qaratish lozim.
“Psixolog sifatida shuni aytishim mumkinki, ota-onalar o‘quv qurollari tanlayotganda ranglarga ham e'tibor bersalar yaxshi bo‘lar edi. Og‘ir-vazmin xarakterli bolalar uchun yashil, sariq va oq kabi ochiq rangdagi, quvnoq va tez harakatlanadigan farzandlar uchun esa kulrang va moviy rangdagi o‘quv qurollarini sotib olishni tavsiya qilamiz”, –deydi Xonzodabegim Aliyeva.
Biz o‘quv qurollari bilan savdo qiladigan do‘konlarda bo‘lib, ota-onalarning bir nafar farzandiga o‘quv qurollari sotib olishga qancha miqdorda mablag‘ sarflayotgani bilan qiziqdik.
“3-sinfda o‘qiydigan qizimga o‘quv qurollari sotib olish uchun 260 ming so‘m, 4-sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘limga esa 280 ming so‘m sarfladik. Boshqa ota-onalar bir nafar o‘quvchi uchun taxminan 310 ming so‘m atrofida pul sarflanishini aytishmoqda”, – deydi xaridor Go‘zalxon Nasriddinova.
Andijon shahrida biz kuzatgan do‘konlarda maktab formasining narxi sinflariga qarab 160 ming so‘mdan 210 ming so‘mgacha sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Yakunda shuni aytishimiz mumkinki, bir nafar farzandga yangi o‘quv yili uchun maktab formasi va o‘quv qurollari sotib olish uchun o‘rtacha 450 ming so‘mdan 550 ming so‘mgacha mablag‘ talab etiladi.
Mazkur maslahatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, unda Andijon shahri do‘konlaridagi o‘rtacha narxlar hisobga olindi.
Elmurod Ermatov tayyorladi.
Tasvirchi – Azizbek Ismoilov.
Mavzuga oid
09:42 / 26.05.2024
Maktab bitiruvchilari soni bo‘yicha Samarqand viloyati yuqori o‘rinni egalladi
09:13 / 25.05.2024
Darslik yo‘qolsa, o‘quvchi jarima to‘laydi – maktablarda darsliklar qanday ijaraga beriladi?
23:16 / 13.05.2024
Umumta’lim maktablarida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri cheklangan holda o‘tkaziladi
15:47 / 13.11.2023