To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat hokimligining boshqarma va bo‘limlari rahbarlari, viloyat Kengashi deputati bo‘lmagan shahar va tuman hokimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 98-moddasi, shuningdek “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga binoan viloyat hokimligiga nomzod O‘zbekiston prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng ushbu Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etilishi belgilangan.
Aziz Abduhakimovning ma'lum qilishicha, qonunchilikning bu talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston prezidenti tomonidan viloyat hokimligiga To‘ra Abdiyevich Bobolov nomzodi tavsiya etildi. Nomzod bo‘yicha partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Sessiyada “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga ko‘ra To‘ra Bobolovni Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritildi. Deputatlar To‘ra Bobolovni Surxondaryo viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqladi.
To‘ra Bobolov 1970 yilda tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, 1994 yildan 2003 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2003-2004 yillarda Surxondaryo viloyati Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi, 2004-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2017 yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. U 2017 yildan 2019 yil apreliga qadar Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi. 2019 yil 1 may kuni To‘ra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024