Light | 02:12 / 14.07.2020
33748
5 daqiqa o‘qiladi
Chiroyli husnixatga ega bo‘lish sirlari
Omadga erishishning ikki kaliti bor: puxta tayyorgarlik va kunlik mashg‘ulot.
- Chiroyli husnixat sizga nima uchun kerakligini aniqlashtirib oling. Husnixatni yaxshilashning turli sabablari bo‘lishi mumkin. Birinchidan, bu sizni ongli ravishda harakat qilishga va motivatsiyangizni oshirishga undaydi. Ikkinchidan, husnixatni yaxshilashda nimalarga e'tibor berish kerakligini ham ko‘rsatadi. Balki siz shunchaki tushunarliroq yozmoqchidirsiz. Yoki yozuvingizga ishonch, aniqlik, ravonlik, samaradorlik baxsh etmoqchidirsiz. Aniq maqsadni oldingizga qo‘yib oling.
- Husnixatingizni baholay oling. Bir varaq qog‘ozga bir nechta gap yozing, 2-3 qator yozing. Harflarni yozayotganda ortiqcha zeb bermang. Odatda qanday yozsangiz, shunday yozing. Tugatganingizdan so‘ng yozuvingizni quyidagicha tahlil asosida tekshiring:
- harflar shakli. Balki ular juda ingichka va burchaklidir? Yoki aksincha, dumaloq va gajakdordir?
- egilishi. Klassik husnixatda barcha harflar o‘ng tomonga biroz egilgan bo‘ladi;
- harflar uzunligi. Standart bo‘yicha harflar uzunligi bir xil bo‘lishi kerak, chunki belgilarni o‘qish imkoni bo‘lishi lozim;
- harf yozilishi. Bitta harfni turli joyda turlicha yozgan bo‘lishingiz mumkin. Klassik misol: kirillchada “t” harfi bosma yoki yozma shakli (t) almashtirib yozilaveradi;
- harflar o‘rtasidagi masofa. Oraliq masofa bir xil bo‘lishiga erishing;
- harflarning gorizontal joylashuvi. Harflar sakrab ketishi, qatordan tushib yoki chiqib ketmasligiga e'tibor bering;
- bosim. Yozayotganda ruchka bosimini bir xilda ushlab turish kerak. Ba'zi joylarda ruchkani qattiq bosib yuboramiz yoki aksincha. Bu xato, natijada so‘zni o‘qish qiyinlashadi.
So‘zlarni yozib bo‘lib, qaysidir harf istaganingizdek chiqmasa, ajralib turishi uchun ruchkada alohida belgilab oling. Bu ushbu xatoni takrorlamasligingizga yordam beradi.
- Ilhom manbaini toping. Go‘zallik nisbiy tushuncha. Siz o‘ylagan “chiroyli” aslida unday bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun standart chiroyli husnixat namunalarini qidirib ko‘ring, qog‘ozga chop etib ko‘zga ko‘rinadigan joyga qo‘yish lozim. Masalan, muzlatgich eshigi yoki kompyuter monitoriga ilib qo‘ying.
- Barmoqlarni mashq qildiring. Bilak va barmoqlar harakati uchun tananing motorika qismi javobgar bo‘ladi. Agar yozuvingiz xunuk bo‘lsa, demak sizda motorika bilan bog‘liq muammo bor. Buni hal qilishning bitta yo‘li bor: qo‘lni mashq qildirish. Eng oddiy va samarali usul – havoda ruchka bilan yozish. Katta harflar bilan yozing, bunda nafaqat barmoq va bilak, balki butun qo‘l va yelka qismi ishtirok etadi. Bu juda muhim: bunday tartibda yozish sizni kamroq charchatadi va husnixatingiz ravon chiqishiga yordam beradi. Mashqni muntazam bajarib boring. Masalan, bir kunda 3 marotaba 3-4 daqiqadan vaqtingizni sarflang.
- Ruchka va qalamni to‘g‘ri ushlang. Ruchka o‘ng qo‘l o‘rta barmog‘ining chap tarafida (chapaqay bo‘lsangiz, chap qo‘lning o‘rta barmog‘i o‘ng tarafida) bo‘lishi kerak. Ko‘rsatkich barmoq uchi ruchka yoki qalamni tutib turadi. Ruchka yoki qalamni ushlab turuvchi 3 ta barmoq orasi juda qisilib ketmasligi kerak.
- Tasavvur qiling: qog‘ozga emas, suvga yozyapsiz. Bunda yengil harakat qilasiz va oldingidan sekinroq yozishga (lekin sifatli) harakat qilasiz.
- Asosiy chiziqdan chiqib ketmaslikka harakat qiling. Vertikal, diagonal chegaralardan chiqib ketmaslikni o‘rganing. Bu bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lgach, matnga e'tibor qaratish zarur. Eng yaxshi usul – dudling bilan shug‘ullanish. Dudling – bekor qolganda qog‘ozga ruchka bilan chiziladigan surat. Bu usul sizga qog‘ozda qanday qilib ruchkani harakatlantirishni o‘rgatadi.
- Harflarni yozishni har kuni mashq qiling. Ko‘nikmalar va avtomatik harakatlar doimiy takrorlanmasa, 21 kun ichida yo‘qolib ketishi mumkin. Mashq qilayotganda so‘zlarni kattaroq harflar bilan yozish kerak. Shunda turli xatolarni aniqlab tahlil qilish osonlashadi.