Rossiya harbiy kemalari so‘nggi 30 yilda ilk bor taktik yadro qurollari bilan jihozlanmoqda
Norvegiya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiy-dengiz floti kemalari 30 yil ichida birinchi marta taktik yadro qurollari bilan dengizga chiqishni boshlagan.
Norvegiya maxsus xizmati 23 yanvar kuni e’lon qilgan yillik hisobotda aytilishicha, yadroviy kuchlarning asosiy qismi Shimoliy flotning suvosti kemalari va kemalariga joylashtirilgan. «Odatiy mudofaa salohiyati zaiflashishi fonida Rossiya uchun yadro qurolining ahamiyati sezilarli darajada oshdi», deb yozgan hisobot mualliflari.
«Taktik yadroviy qurollar NATO davlatlari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan bir qancha operativ ssenariylarda ayniqsa jiddiy xavf tug‘diradi», degan Norvegiya razvedkasi.
Norvegiyaning The Barens Observer portali hisobotga izoh berar ekan, bu taxminni «sensatsion yangilik» deb atadi.
«Sovet davrida Shimoliy dengizdan chiqqan kemalar taktik yadro qurollari bilan dengizda yurardi, biroq uncha kuchli bo‘lmagan yadro qurollarining dengizga chiqishi sovuq urush davri tugaganidan beri kuzatilmagandi», deydi nashr.
Norvegiya razvedka xizmati rahbari o‘rinbosari Lars Nordram Rossiya yaqin yillarda yanada «avtoritar va harbiylashgani» bo‘lishini ta’kidladi.
U propaganda va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish yaqin yillarda yanada kuchayishi va Moskva butun dunyodagi avtoritar rejimlar bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga intilishini taxmin qilgan.
Nordram Ukrainadagi urushni «Rossiya uchun falokat» deb atagan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning 100 mingdan ortiq askari halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Rossiya mudofaa vazirligi Norvegiya razvedka xizmatining hisobotiga hozircha izoh bermadi.
Olti kema birdaniga
Taktik yadro quroli (TYQ) — bu jang maydonida yoki front ortidagi katta nishonlarni yoki dushman qo‘shinlarining konsentratsiyasini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan kichik yadro qurolidir.
Dengiz flotida ularni artilleriya qurollari, kema qanotli raketalari, qirg‘oq va paluba aviatsiyasi, shuningdek suvosti qurollari – torpeda, chuqurlik bombasi, dengiz minalariga joylashtirish mumkin.
Sovuq urush davrida ko‘pchilik, hatto kichik kemalar ham bortida yadroviy arsenal olib yurgan, masalan, fregat (patrul) sinfidagi kemalar.
Taktik yadro qurolining potensial kuchini 1957 yil 10 oktyabrda SSSR tomonidan o‘tkazilgan yadroviy torpeda sinovi ko‘rsatadi. O‘shanda 10 km masofada joylashgan bitta suvosti kemasi zarbasi bilan bir vaqtning o‘zida oltita o‘quv nishoni – to‘rtta suvusti va ikkita suvosti kemasi yo‘q qilingan. Shunday sinovlar AQShda ham o‘tkazilgan.
1990 yil 29 mayda SSSR va AQSh prezidentlari Mixail Gorbachyov va Jorj Bush (kattasi) Yevropada taktik yadro qurollarini kamaytirish va ularning jangovar tayyorgarligini pasaytirishga kelishib oldi. Taktik yadroviy qurollarni kamaytirish istagi ikki tomonda ham bor edi, ammo tashabbus AQShdan chiqqandi.
1991 yil 17 sentabrda Bush AQSh hududidagi barcha artilleriya snaryadlari va taktik raketa kallaklaridan yadroviy o‘q-dorilarni olib tashlash, ularni keyinchalik yo‘q qilish, kemalar, suvosti kemalari va dengiz aviatsiyasidan ham taktik yadro qurollarini olib tashlash va dengizdagi ba’zi jangovar kallaklarni yo‘q qilish haqida e’lon qildi. Oradan 10 kun o‘tib Gorbachyov Moskva ham xuddi shunday choralar ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi.
1992 yil boshida, SSSR parchalanganidan so‘ng Rossiya prezidenti Boris Yelsin darhol kelishuvga sodiqligini tasdiqladi. Xususan, Rossiya yerusti kemalari va ko‘p maqsadli suvosti kemalaridan taktik yadro qurollarini olib tashlash, ularning uchdan bir qismini yo‘q qilish, zenit-raketa va aviabomba kallaklari sonini ikki baravar kamaytirish majburiyatini oldi.
Ikkala davlat ham o‘z majburiyatlarini bajargani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo shu paytgacha Rossiya va AQSh harbiy-dengiz kuchlarida yadroviy qurol faqatgina yadroviy suvosti kemalarida joylashgan ballistik raketalardagina bor edi.
«Jyentlmencha kelishuv»
Taktik yadro qurollarini Rossiya kemalariga qaytarish zarurligi haqida 2022 yil avgustida Sarov yadro markazining faxriy ilmiy direktori, akademik Radiy Ilkayev aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu haqda Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining marhum bosh qo‘mondoni, admiral Vladimir Visotskiy bilan gaplashgan.
«Biz buyuk dengiz davlatimiz va mudofaamiz uchun shunday kuchli flotga ega bo‘lishimiz lozim. Ammo bunday flotni qurish uchun 100 yil kerak bo‘ladi va bu juda qimmatga tushadi. Hozir esa biz mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda mudofaamizni kuchaytirishimiz kerak. Bu imkoniyat – taktik yadro qurollaridir. Ular hozir omborlarda yotibdi, nimaga? Ko‘pchilik bizning flotimiz hozir avvalgidek kuchli emasligini aytadi», degan Ilkayev.
Uning eslatishicha, taktik yadroviy qurollarni qisqartirish qarori SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov tomonidan amerikaliklar bilan tuzilgan «jyentlmencha kelishuv» asosida qabul qilingan.
«1991-1992 yillardan beri AQSh va Rossiya strategik bo‘lmagan yadro qurollarini markaziy omborxonalardan olib tashlagan deb taxmin qilinadi, bu prezidentning yadroviy tashabbuslari edi», degan rossiyalik harbiy ekspert BBC nashriga. U o‘z ismi sir qolishini so‘ragan.
«Bu tekshirib bo‘lmaydigan va majburiy bo‘lmagan kelishuv edi», deydi mutaxassis.
Dunyoda qancha taktik yadro quroli mavjud?
Mustaqil ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshiga kelib, Rossiyada 2000 ga yaqin strategik bo‘lmagan yadro quroli mavjud bo‘lgan.
Ulardan besh yuzdan ortig‘i suvusti va suvosti kemalari hamda zenit raketalariga qarshi qurollar, shuningdek, kemalar va suvosti kemalari uchun torpedalar, jumladan 250 tagacha KR-55 «Granat» yadroviy qanotli raketalaridir. Bundan tashqari, dengiz aviatsiyasi tomonidan ishlatilishi mumkin bo‘lgan bir necha yuzlab taktik yadroviy aviatsiya raketalari va chuqurlik bombalari mavjud.
Xuddi shu hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh besh yuzga yaqin taktik yadroviy qurolga ega. Ulardan 400 ga yaqini B-61 bombalari, yuztasi esa yadroviy kallaklarga ega dengizdan uchiriluvchi qanotli raketalardir. Pentagon aviabombalarni yo‘q qilishga tayyorlanayotgandi, ammo endi, ehtimol, bu reja qayta ko‘rib chiqiladi.
Beshta rasmiy yadroviy davlatdan faqat Buyuk Britaniyada taktik yadro qurollari mavjud emas. London faqat strategik kuchlarga ega. Fransiyada havodan uchiriladigan 60 ta taktik kallak bor. Xitoy bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q, ammo Pekinda taktik yadro qurollari borligi aniq. Hindiston, Pokiston, ehtimol Isroil va Shimoliy Koreya ham taktik yadro quroliga ega.
Ko‘pgina yadro qurollari 1950-1960-yillarda ishlab chiqarilgan va ularning foydalanish muddati tugagan. Rossiya rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshlarida ularning barchasi markazlashtirilgan saqlash joylariga ko‘chirilgan va 30 foizi utilizatsiya qilingan.
«Ammo bu hisob-kitoblarning metodologiyasi jiddiy shubhalarni keltirib chiqaradi», deb yozgan edi 2011 yilda Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti Xalqaro xavfsizlik markazi rahbari, akademik Aleksey Arbatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, taktik yadro qurollari ikki maqsadli tashuvchilardan foydalanadi, ya’ni maxsus va oddiy qurollarni olib yuruvchi tashuvchilar. Shu sababli, taktik yadro qurollarini qisqartirish yoki yo‘q qilish jarayonini yo‘q qilingan raketalar, tashuvchilar yoki platformalar sonini hisoblash orqali nazorat qilib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, tinchlik davrida taktik yadro qurollari odatda hech qanday tashqi kuzatuvchilar ko‘rishiga ruxsat berilmaydigan omborlarda saqlanadi. Yadroviy portlovchi qurilmalarni yo‘q qilish paytida ularning konstruksiyasi to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlar tarqalishining oldini olish uchun qurolsizlanish bo‘yicha biror shartnomada xorijiy inspektorlarning yo‘q qilish jarayonida ishtirok etishi nazarda tutilmagan.
Mavzuga oid
21:44 / 01.12.2024
AQSh yadro qurolini Ukrainaga qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti
20:54 / 01.12.2024
Ukraina hech qachon NATOga qisman a’zolikka rozi bo‘lmaydi - Zelenskiy
23:12 / 30.11.2024
Zelenskiy: «YeI va AQSh bilan birgalikda urushni 2025 yilda tugatamiz»
20:54 / 30.11.2024