O‘zbekiston | 11:02 / 20.07.2022
49934
9 daqiqa o‘qiladi

Maktab formalarini tikish avjida: yangi o‘quv yilidan maktablarda forma majburiy bo‘ladi

Hukumatning shu yil 19 maydagi 271-sonli qarori bilan umumta’lim maktablarida yagona maktab formasiga o‘tish 2022/23 o‘quv yilidan majburiy qilindi. Xo‘sh, tikuvchilik korxonalari 6,6 millionlik talabni qondira oladimi?

Vazirlar Mahkamasining mashhur 666-sonli qarori bilan maktab formalari dizayni tasdiqlanganiga 4 yil bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, kichik yoshdagi 1-6-sinf o‘quvchilari uchun alohida va yuqori 7-11 sinf o‘quvchilari uchun boshqacha formalarning yagona dizayni tasdiqlangan.

Maktab formalarining tasdiqlangan dizayni

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun Namangan viloyatidagi korxonalarda tikilayotgan maktab formalarini borib o‘rganish maqsadida press-tur o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2018 yil 15 avgustdagi «Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 666-sonli qarori bilan yagona maktab formasi joriy etilishi aholining katta qismida e’tiroz keltirib chiqargani sababli biroz kechiktirilgan va 2024/25 o‘quv yilidan joriy etish belgilangandi. Hukumatning shu yil 19 may sanasidagi 271-sonli qarori bilan yangi o‘quv yilidan maktab o‘quvchilarini majburiy maktab formasiga o‘tkazish belgilandi.

XTV ma’lumotiga ko‘ra, 2022/23 yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarda 6 mln 620 ming nafar o‘quvchi ta’lim oladi va ularning barchasi maktab formasi bilan ta’minlanishi kerak.

Xo‘sh, maktablarda yagona maktab formasi nega joriy etilmoqda? Xalq ta’limi vazirligi ma’naviyat boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Fozilovning tushuntirishicha, yagona forma joriy etishdan ko‘zlangan bosh maqsad maktab o‘quvchilari o‘rtasida ijtimoiy tenglikni joriy etishdir. Ya’ni maktabda o‘quvchilar kim qanday kiyinib kelganiga chalg‘imasdan, faqat bilim olish bilan shug‘ullanishlari kerak.

Jamoliddin Fozilov, XTV ma’naviyat boshqarmasi boshlig‘i

Bir guruh jurnalistlar Namangan shahridagi Dashtbog‘ kichik sanoat zonasida joylashgan tikuvchilik korxonalarida bo‘lishdi. Bu yerda tikuvchilikka ixtisoslashgan korxonalar juda ko‘p va bu korxonalarda asosan kichik yoshdagi 1-6-sinf o‘quvchilari uchun formalar tikilmoqda.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi dizaynni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Kamola G‘ulomovaning aytishicha, yagona maktab formasi joriy etilishidan avval turli dizaynlar tanlovi o‘tkazilgan. G‘olib bo‘lgan dizayn Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi maktablarda sinovdan o‘tkazilgan. O‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalarning e’tiroz va takliflari inobatga olingan.

Kamola G‘ulomova «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining dizaynni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i

Uyushmaning Namangan filiali direktori Nuriddin Boboyevning aytishicha, Namangan viloyatida to‘qimachilik va tikuvchilikka asoslangan 2300 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 1420 tasi tikuvchilikka ixtisoslashgan. Ularning 500 dan ziyodi maktab uchun formalar tikish bilan shug‘ullanmoqda.

Nuriddin Boboyev, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining Namangan filiali direktori

Nuriddin Boboyevga ko‘ra, jami korxonalar bir oyda 2 milliondan ziyod forma tikishi mumkin. Bu nafaqat Namangan viloyatidagi 509 mingdan ziyod o‘quvchilar, balki boshqa viloyatlardagi o‘quvchilarni ham maktab formasi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Maktab formalari ishlab chiqarayotgan korxonalar rahbarlari ishlab chiqarish jarayoni, maktab formalarining tannarxi va sotuvchi uchun tavsiya etiladigan narxlari haqida gapirib berishdi. Formalar o‘g‘il va qizlar uchun oltita o‘lcham bo‘yicha ishlab chiqariladi. Eng qizig‘i — ular chalkashlik vujudga kelmasligi uchun bir xil narxda sotiladi.

Korxonalarda katta sinf o‘quvchilari uchun formalar tikilmayapti. Yuqori sinf o‘quvchilari to‘q ko‘k rangda, tasdiqlangan dizayn bo‘yicha pidjak-shim, pidjak-yubka xarid qilishadi.

«MUSTAFO SEWING» MChJ rahbari Husan Dadaxonovning aytishicha, o‘zi rahbarlik qilayotgan korxonada kuniga 300 dona forma tikilmoqda. Ularning o‘rtacha narxi 150-200 ming so‘mga tushmoqda.

Husan Dadaxonov, «MUSTAFO SEWING» MCHJ rahbari

«SAXIY MIRZO TEKSTIL» MChJ rahbari Sobitxon Mirzayevning hikoya qilishicha, maktab formalari mahalliy matodan emas, Xitoydan import qilinadigan sifatli matolardan tayyorlanadi.

Sobitxon Mirzayev, «SAXIY MIRZO TEKSTIL» MCHJ rahbari

Xitoydan import qilinadigan matodan tikilayotgan maktab formalari o‘zining chidamliligi bilan ajralib turar ekan. Chunki tikuvchilar bu formani tikib sotuvga chiqarishganiga uch-to‘rt yil bo‘lgan va uning sifati bo‘yicha xaridorlardan barcha taqrizlarni olib bo‘lishgan.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, maktab formasi to‘plamiga oq ko‘ylak kirmaydi. Ko‘ylakni ota-onalarning o‘zi farzandiga loyig‘ini tanlab, turli korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganini xarid qilishadi.

«DILDORA TEKSTIL» MChJ rahbari Dildora Mamajonovaning aytishicha, u Navoiy viloyati Nurota tumani va Zarafshon shahridagi maktablar o‘quvchilarining ota-onalari bilan shartnoma asosida arzon narxda maktab formasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Dildora Mamajonova, «DILDORA TEKSTIL» MChJ rahbari

Dildora Mamajonova boshliq korxona uchinchi yildirki tasdiqlangan namuna bo‘yicha maktab formasi tikib kelmoqda. Avvalgi yillarda forma kiyish majburiy bo‘lmasa-da, o‘quvchilarning ota-onalari o‘z ixtiyorlari bilan xarid qilishgan.

Ushbu formaning afzallik taraflaridan biri – uning nihoyatda chidamliligi, bir mavsum emas, ikki-uch mavsum bemalol kiyish mumkinligidir. Shu sababli ota-onalar bir o‘lcham kattasini xarid qilishmoqda. Chunki kurtka yenglarining bilakni qisib turishi uning katta ekanligini bildirmaydi, qolaversa, uning sifati, yuvganda va quyoshda rangi o‘chmasligi kelgusi mavsumda ham kiyishga imkon beradi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova tikuvchilikdan xabardor ota-onalar o‘zlari shu matodan bolalarga andoza bo‘yicha forma tikishlari mumkinligi, shuningdek, qiz bolalar uchun uzunroq fasonda yubka tikish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Vazirlik xodimi respublika bo‘ylab 400 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktab formalari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari, shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olinishi rejalashtirilganini ham aytib o‘tdi.

Laylo Rustamova. XTV matbuot xizmati rahbari.

Laylo Rustamova qiz bolalar uchun yubkalarni uzunroq qilib tikishga ruxsat borligini aytdi. Biroq Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 666-sonli qarori 2-ilovasi — Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 3-bobidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash va ularga qo‘yilgan talablar orasida qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda bo‘lishi belgilangan.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakiliga ko‘ra, tikuvchilik korxonalari barcha viloyatlarda bor va u yerlarda ham korxonalar ayni kunlarda maktab formasi tikish bilan band. Tikuvchilik korxonasi egalarining ta’kidlashicha, dastlabki yilda forma yetkazish masalasida ayrim uzilishlar bo‘lishi mumkin, biroq mahsulot sifati va uzluksiz tikilishi kelgusi o‘quv yilidan boshlab har qanday uzilish va yetishmovchilikka to‘liq barham beradi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid