00:39 / 02.05.2020
16847
Ko‘ngilli guruhlar Sardobadagi toshqindan jabr ko‘rganlarga ko‘mak aksiyasini tashkil etmoqda

2020 yil sinovlarga boy bo‘ldi. Sirdaryo viloyatidagi toshqinlar ham shubhasiz xalqimiz uchun navbatdagi imtihon bo‘lmoqda.

1 may kuni Toshkentdagi bir guruh ko‘ngillilar tezkorlik bilan «Sirdaryoliklarga yordam» guruhi ostida uyushdilar va tashkil qilingan telegram kanalga quyidagicha e'lon joylashtirildi:

«Toshkent shahrida yashovchi avtomobili bor fuqarolar diqqatiga!

 Biz, bir guruh ko‘ngillilar Sirdaryoda suv toshqinidan jabr ko‘rganlarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib bermoqchimiz! Hyatt Regency mehmonxonasi oldida 08:00da ko‘rishamiz, 10:00da yo‘lga chiqamiz. Yordam berish istagida bo‘lganlar uchun plastik karta: 8600 5304 2934 0725» (Mukadamov Bobir)

Kun.uz muxbiri aksiya tashkilotchilaridan biri – feysbukdagi «Portal molodeji» guruhi va yuqoridagi telegram kanal asoschisi Bobir Mukadamov bilan bog‘landi.

«Hammasi oddiygina tashabbusdan boshlangandi. Sirdaryodagi vaziyatni ko‘rib, yordam berish istagi tug‘ildi. Keyin do‘stlarimizni jalb qildik va ko‘pchilik yordam berish niyatini bildirdi.

Ayni paytda kech bo‘lishiga qaramay guruh a'zolari ko‘payib bormoqda va hamma imkon qadar o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilgan.

Masalan, Roma ismli ishtirokchi 100 kg guruch, 100 kg un, 100 kg grechka, 50 litr yog‘, 100 kg shakar va yana shuncha makaron yetkazishini bildirgan.

Ko‘pchilik faollik bilan plastik kartalarga mablag‘ o‘tkazib berayotgan bo‘lsa, Hikmat ismli yana bir ko‘ngilli o‘zining yuk avtomobili bilan beg‘araz xizmat ko‘rsatish niyatida», deydi Mukadamov.

Aksiyaga qo‘shilish niyatidagilar +99890 9999960 raqami orqali tashkilotchilar bilan bog‘lanishlari mumkin.

Faol bloger Aqida Xonim boshchiligidagi «Pokiza insonlar» guruhi 200 kishiga oziq-ovqat yetkazish niyatida ekanligini ma'lum qilgan.

Bu guruh aksiyasiga hissa qo‘shish istagida bo‘lganlar +99899 8143008 telefon raqami orqali bog‘lanishlari, 8600 0329 1871 4593 (Maxirova Akida) plastik karta raqamiga mablag‘ tashlashlari mumkin.

Shuningdek, «Sevimli» telekanali qoshida ham kiyim-kechaklar to‘planmoqda. Bog‘lanish uchun: +998903478700

Kun.uz ijodiy jamoasi ham bu xayrli ishga bosh qo‘shgan holda ko‘ngillilar bilan birga safarga chiqish va aksiyalarni batafsil yoritishni mo‘ljallamoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top