2017 yilning 11 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 814-sonli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida bojxona hududiga kirib kelish va chiqishda “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy qilinmoqda. Fuqarolarimiz “yashil” va “qizil” yo‘laklardan o‘tish borasida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan Davlat bojxona qo‘mitasiga murojaat qilmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi quyida eng ko‘p berilayotgan savollar va ularning javoblarini taqdim etgan. 

1. Ikki yo‘lakli tizimdan kimlar foydalanish huquqiga ega?
Ikki yo‘lakli tizimdan barcha jismoniy shaxslar foydalanish huquqiga ega.

2. “Yashil” va “qizil” yo‘laklar bir-birlaridan nima bilan farq qiladi?
Ushbu yo‘laklarning bir-biridan farqi olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash turida. Ya'ni, “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi tovar va valyuta boyliklarini og‘zaki deklaratsiyalaydi, “qizil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi esa tovar va valyuta boyliklarini yozma deklaratsiyalaydi.

3. “Yashil” yo‘lak orqali og‘zaki deklaratsiyalangan holda istalgan miqdor va qiymatdagi tovar va valyuta boyliklarini olib o‘tish mumkinmi?
Yo‘q. “Yashil” yo‘lak orqali jismoniy shaxslar notijorat maqsadda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan quyidagi tovar va valyuta boyliklarini olib o‘tishlari mumkin:

– olib kirish yoki olib chiqish taqiqlanmagan tovarlar;
– qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasidan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshmaydigan tovarlar;
– yozma deklaratsiyalash talab etmaydigan hamda olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi hamda xorijiy valyutasining cheklangan normalari miqdoridagi mablag‘lar.

4. “Yashil” yo‘lakdan o‘tishim uchun o‘zim bilan olib kelgan bagajning og‘irligi necha kg.dan oshmasligi lozim?
“Yashil” yo‘lak orqali jismoniy shaxslarning harakatlanishida ularning bagajlarining umumiy og‘irligi bo‘yicha bojxona organlarida cheklov yo‘q, biroq olib o‘tilayotgan tovar notijorat maqsadida va olib kirish yoki olib chiqish taqiqlanmagan tovarlar hamda qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasidan hamda aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshmaydigan bo‘lishi lozim.