O‘zbekistonda 4 mln tonna radioaktiv chiqindi mavjudligi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda 4 mln tonna radioaktiv chiqindi mavjud. Bu haqda AOKAda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu radioaktiv chiqindilar sovet ittifoqi davrida uran konlari faoliyati natijasida to‘planib qolgan. Bu muammo Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham mavjud, masalan, Qozog‘istonda — 240 mln tonna.
Ushbu chiqindilar joylashgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa ittifoqi hamda qator davlatlarning homiyligi yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti o‘tkazgan tekshiruvlarda 1920 ta kamchilik aniqlangan. Tekshiruv davomida radiatsiya va yadro xavfsizligini buzgan 41 nafar xodim javobgarlikka tortilgan.
2019-2021 yillarda yadroviy tibbiyot hamda saraton kasalligiga qarshi kurashishni rivojlantirish maqsadida 3 ta radioterapiya apparati olib kelingan.