19:20 / 29.07.2018
17326

Myunxen aeroportida ayol yo‘lovchi tufayli 330ga yaqin reys bekor qilindi

Myunxen aeroportida ayol yo‘lovchi bilan bog‘liq voqea sababli 330ga yaqin reys bekor qilindi, terminallardan biri bir necha soatga yopib qo‘yilgan.

28 iyulda yo‘lovchilardan biri xavfsizlik hududidan tegishli nazoratsiz o‘tgan. Aeroport vakilining aytishicha, aeroport xavfsizlik xizmati bunga e'tibor qaratmagan. Janubiy Bavariya aviatsiya boshqarmasi voqeadan xabar topgach, aeroportga politsiya chaqirtirgan. Oqibatda 2-terminal evakuatsiya qilinib, yopib qo‘yilgan. Sueddeutsche Zeitung nashrining ma'lum qilishicha, terminal 7 soatga yopib qo‘yilgan. Bu parvozlar jadvalida uzilishlarga, reyslarning bekor qilinishi va ushlanishiga olib kelgan. 

Bild nashri ma'lumotlariga ko‘ra, 700 ga yaqin yo‘lovchi aeroport binosida taxlanadigan karavotlarda tunni o‘tkazishlariga to‘g‘ri kelgan, yuzlab yo‘lovchilar mehmonxonalarga joylashtirilgan. 29 iyul kunduzi 330 ga yaqin reys bekor qilingan, 60 ga yaqin reys yarim soatdan ko‘proqqa ushlangan. Aeroport ma'lumotlariga ko‘ra, voqea 32 ming yo‘lovchiga ta'sir ko‘rsatgan.  

Ta'kidlanishicha,. 28 iyulda maktab ta'tillari boshlangani sababli aeroport gavjum bo‘lgan va bu ham vaziyatni murakkablashtirgan. 

Top