08:45 / 30.05.2019
28072

Timur Musin: «Bu reyderlik bilan egallab olish va «siqib chiqarish» emas»

Foto: Laboratoriya biznesa

Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi Timur Musin Facebook’dagi o‘z sahifasida video e'lon qildi, unda restoraniga bir guruh shaxslar kelgani tasvirlangan.

«Aziz do‘stlar. Iltimos qilaman - mening xabarlarim va izohlarimga xotirjam munosabat bildiring. Bu 90-yillar, reyderlik bilan egallab olish va hech qanday «siqib chiqarish» emas. Shunchaki, bu har kuni kimdir to‘qnash kelayotgan hozirgi bema'nilikdir. Men alohida foydalanuvchilarga murojaat qilaman - menga «o‘zboshimchalik qurboni» sifatida achinib, yaxshilik qilaman deb noxush ish qilib qo‘ymoqdasiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb uch yildan beri respublikaga dunyodagi eng ilg‘or va rivojlangan davlatlardan biri bo‘lishga yordam berishi kerak bo‘lgan ko‘plab hujjatlar qabul qilinmoqda. Ishbilarmon doiralar 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3182-sonli, tumanlar (shaharlar va hududlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni ham shunday hujjatlardan biri sifatida qabul qildi.

Tashkil etilayotgan sektor guruhlarining asosiy vazifasi ko‘rsatilgan sohalarda «muammolarni aniqlash va hal qilish bo‘yicha maqsadli tadbirlarni amalga oshirish» deb e'lon qilindi. Ya'ni, prezident yordam berish haqida topshiriq berdi. Hayotda esa ba'zan shunday bo‘lyapti: mansabdor shaxslar buni hamma narsani nazorat qilishning yana bir imkoni deb bilishdi.

«Oddiy tadbirkor Timur Musinning hayotidan yana bir misol. Men Toshkentga Olmaotadan kelishga ulgurmay 9 kishidan iborat «juda vakolatli guruh» restoranimizga kirib keldi. Hech narsa tushuntirmasdan, hech qanday hujjat taqdim etmasdan, ancha qat'iy (hatto qo‘pol, degan bo‘lardim) shaklda ularni muassasaga kiritishni talab qildilar. Faqat o‘zini tanishtirish va tashrif maqsadi haqidagi takroriy iltimoslardan so‘ng, ulardan biri ismi Sherzod ekanligini aytdi, lekin shaxsni tasdiqlovchi hech qanday hujjatni ko‘rsatmadi», - deya yozgan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda ko‘p Sherzodlar bor, shuning uchun yana va yana so‘rashga majbur bo‘lingan - qayerdansiz, nima istaysiz? Shundan so‘ng, Sherzod «Yakkasaroy soliq inspeksiyasidan bo‘lib, tekshiruvga kelganini» tan oldi. Bundan tashqari, unga hamrohlik qilgan kishilarning ko‘pchiligi ham ushbu idoradan edi.

«Qanday tekshiruv, nima asosida, kim unga ruxsat bergan??? Javob qaytarilmagan savollar. Hamma narsa butunlay tushunarsiz bo‘lgani uchun «Sherzod va kompaniyani» muassasaga kiritishmadi. Shundan keyingina, ular bizning tumanimiz bo‘yicha sektor guruhi vakillari ekanini tushuntirdilar. Eng qiziqarli narsa shundaki, biz ularni tanimaganimizdan hayratga tushishdi. Ular tomondan qiziqarli savollar berildi: «Qanday qilib? Nima uchun siz tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i kurator bo‘lgan sektoringiz vakillarini bilmaysiz?» - deya qayd etib o‘tdi Musin.

Tadbirkor savoldan ajablangan - nega u inspektorlarni yuzidan tanib olishi kerak.

«Men ulardan hech narsa haqida so‘ramadim, biznesimdagi muammolarni hal qilishda yordam berishganini his qilmadim. Ularga hech qanday savollarim yo‘q edi. Agar ularda menga savollar tug‘ilgan bo‘lsa, unda bu savollar vazifalari va vakolatlari doirasida berilishi kerak edi. Biroq, fiskal organlar xodimlarining «otliq hujumlar» shaklida va telekameralar hamrohligida emas. Yigitlar! Mendan so‘rasangiz - men sizga javob beraman! Biroq, tadbirkorlik loyihasi amalga oshirilayotgan, xodimlar ishlayotgan va asosan xorijliklar bo‘lgan tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatilayotgan hududga huquq va vakolatlarga ega bo‘lmay turib bostirib kirish kerak emas!», - dedi u.

Uning ma'lum qilishicha, qandaydir odamlar kelib, hech qanday yozma asoslarni taqdim etmay turib tekshiruv uchun tashrif buyurishganini ma'lum qilgan, keyin so‘zini biroz tuzatib - «navbatdagi monitoring» o‘tkazishlarini aytishgan.

«Nima uchun «monitoring» deb nomlangan guruh SES va yong‘in xizmati vakillari bilan kuchaytirilib, telekameralar hamrohligida, qonunda belgilanganidek biznes-ombudsmen apparati bilan yozma muvofiqlashtirishsiz keladi? Agar ular muammolar monitoringi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, unda nega MTRK telekanalining tasvirga olish guruhi ruxsat so‘ramasdan video yozib olishga harakat qildi. Men tushunaman, «matbuot erkinligi», biroq tadbirkorlarning noqonuniy «bostirib kelish»dan himoyaga, shuningdek ular mijozlarining bemalol hordiq chiqarishga bo‘lgan huquqi huquqiy davlatda hurmat qilinishi kerak. Bizda alohida amaldorlar o‘zi odatlanganidek ish tutishga o‘rganib qolgan.

Nega bizda mamlakat hukumati qarorlarini bajarish bilan bog‘liq hamma narsa murakkab? Nima uchun tumanimizdagi sektor o‘z missiyasini respublika rahbariyatining qarorlariga teskari holda bajarmoqda? Prezidentimiz PQ-3182-sonli qarorda aniq vazifalar qo‘ydi: davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarda nizo muhitini yaratish emas, balki hududlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va ijtimoiy himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish», - deya xulosa qilgan Musin.

Bundan oldin, Temur Musin O‘zbekistondan tashqarida restoran biznesi bilan shug‘ullanishda davom etishini aytgandi.

Mavzuga oid
Top