11:56 / 04.10.2019
0
5969

«Surxongeologiya» davlat korxonasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

U Davlat geologiya qo‘mitasi tizimidagi “Hisorgeologiya” DKning Surxondaryo dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi negizida tashkil etildi, deb yozmoqda Norma.
 
Quyidagilar “Surxongeologiya” DKning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilandi:

• Surxondaryo viloyati mineral-xomashyo bazasini jadal rivojlantirish, hududda foydali qazilmalarning yangi turlarini va ularning sanoatbop konlarini aniqlash hamda yangi ishlab chiqarish obektlarini tashkil etish uchun zamin yaratish;
• hududning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va ko‘paytirish bo‘yicha uzoq, o‘rta muddatli va yillik davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, bunda geologiya-qidiruv ishlarining samarali bajarilishini ta'minlash;
• geologiya-qidiruv ishlarini bajarishda zamonaviy texnika va texnologiyalarni, jahonda e'tirof etilgan ilg‘or uslublarni, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
• mahalliy kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini muntazam ravishda oshirish, zamonaviy bilim olishlari va tajriba orttirishlari uchun keng imkoniyatlar va zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnatni rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish.
 
Yangi korxonaning saqlash, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash xarajatlari, korxonaning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishni moliyalashtirish Davlat budjeti (mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va ko‘paytirish yillik davlat dasturi doirasida), Davlat geologiya qo‘mitasining maxsus hisob raqamlari mablag‘lari, xo‘jalik shartnomalaridan olingan daromadlar hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
 
Davlat geologiya qo‘mitasi bir oy muddatda “Surxongeologiya” DKning ustavini va tuzilmasini (boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 nafardan iborat) ishlab chiqishi va tasdiqlashi, korxonaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini va keyinchalik uning samarali faoliyatini ta'minlashi kerak.
 
“Hisorgeologiya” DKning Surxondaryo dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi obektlarida foydalanilayotgan asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklari “Surxongeologiya” DKga operativ boshqarishga o‘tkaziladi.
 
“Surxongeologiya” DKning ma'muriy va ishlab chiqarish binolari Surxondaryo viloyati, Boysun tumani va unga yaqin hududdagi bino va inshootlarga joylashtiriladi.
 
Hujjat 22.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top