20:15 / 01.11.2019
0
7518

Dehli havo kuchli ifloslangani sababli «gaz kamerasi»ga qiyoslandi

Foto: Reuters

Hindistonning Dehli shahri ma'muriyati havo kuchli ifloslangani sababli 5 noyabrgacha barcha maktablar yopilishini e'lon qildi. Bu haqda The Hindu nashri xabar berdi. 

Shahar ma'muriyati rahbari Arvind Kajrival Hindiston poytaxti ayni vaqtda “gaz kamerasi”ni eslatishini ta'kidlab o‘tgan. Shahar maktablarida 5 mln.ga yaqin niqob tarqatiladi.

Shahar rahbari yoshlarni shaharda chiqindilar yoqilmasligi ortidan kuzatishga chaqirdi, agar tanbehlar kor qilmasa, maxsus xizmatga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida xabar qilishni tavsiya qildi.

Hindiston poytaxtidagi o‘zi shundoq ham iflos havoning keskin yomonlashishiga mavsum oxirida ekinzorlarning yoqilishi asosiy sabab hisoblanadi. Qo‘shni Xaryana va Panjob shtatlaridagi minglab fermerlar yerni keyingi ekin ekishga tayyorlash uchun ekinzorlarni yoqadilar.

Shuningdek, havo ifloslanishiga oktyabrning oxirgi sanalarida nishonlanadigan Divali milliy bayrami ham o‘z ta'sirini ko‘rsatgan. Bayram tantanalari vaqtida butun Hindiston bo‘ylab olov festivallari o‘tkaziladi, petardalar va mushaklar otiladi, shamlar va fonuslar yoqiladi.

Bundan tashqari, ekologiyaga qurilish changi, avtotransportning chiqindi gazlari, sanoat chiqindilari ta'sir qiladi. Biroq asosiy muammo ekinzorlarning yoqilishi bo‘lib qolmoqda.

Ta'kidlanishicha, Dehlida zararli zarralar PM 2,5 ko‘rsatkichi kub metrga 533 mikrogrammga yetgan. Vaholanki, salomatlik uchun zararsiz miqdor 25 mikrogrammgachani tashkil qiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top